Germaniya – matbuot vatani. Shu mamlakatda ilk bor bosma dastgoh ixtiro qilingan. Iogan Gutenbergning XV asrdagi kashfiyoti jahon taraqqiyotini bir necha asr ilgariga boshladi. Ushbu zaminda dastlabki ko‘p adadli gazetalar dunyo yuzini ko‘rdi, birinchilardan bo‘lib «to‘rtinchi hokimiyat» maqomiga ega bo‘lgan, demokratik tamoyillarga asoslangan erkin jurnalistika shakllandi.
Germaniya jurnalistikasi garchi yigirmanchi yuz yillikda Birinchi jahon urushi, natsistlar boshqaruvi va Ikkinchi jahon urushi kabi fojiaviy voqeliklarni boshdan kechirgan bo‘lsada, o‘zini o‘nglay oldi, so‘z erkinligi, jamiyat oldidagi mas’uliyat kabi azaliy qadriyatlarni qayta tikladi. Bugun ushbu mamlakat jurnalistlarining ilg‘or tajribasi dunyo davlatlari uchun o‘ziga xos mahorat maktabi vazifasini o‘tayotgani ham ana shundan.
Germaniyada so‘z va matbuot erkinligi konstitutsiyaviy asosda kafolatlangan. Asosiy Qonunning 5-moddasida fikrlash, axborot va matbuot erkinligi ustuvorligi, tsenzuraga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlanadi. Bundan tashqari, federal konstitutsiyaviy sud qarorlari, xalqaro huquq me’yorlari, federal yerlar (mamlakatda ma’muriy birliklar ana shunday ataladi)ning ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunlari ham matbuot erkinligi muhofazasiga xizmat qiladi.
Olmoniyada matbuotning besh asrlik tarixi davomida o‘ziga xos qiyofaga ega jurnalistika shakllangan. Bu yerda davlatga qarashli nashrlar, teleradiokanallar mavjud emas, barcha ommaviy axborot vositalari xususiy yoki jamoat mulki sanaladi.
Matbuot bozorida hududiy nashrlar yetakchi o‘rin tutadi, umummilliy nashrlar salmog‘i ko‘p emas. Mamlakatda o‘n bitta umummilliy kundalik gazeta chop etiladi, hududiy nashrlar miqdori 340taga yaqin. Darvoqe, olmonlar – eng ko‘p gazeta o‘qiydigan xalqlardan biri. Mamlakat dunyoda kundalik gazetalarning har ming kishiga to‘g‘ri keladigan miqdori bo‘yicha Yaponiya, Buyuk Britaniya, Shveytsariyadan keyin to‘rtinchi o‘rinda turadi. Bu yerda har kuni 23 million nusxada kundalik gazeta nashr qilinadi.
Eng yirik kundalik nashrlar qatorida “Süddeutsche Zeitung” (425 ming nusxada chiqadi), «Frankfurter Allgemeine Zeitung» (368 ming), «Die Welt» (234 ming), «Handelsblatt» (143 ming) gazetalarini e’tirof etish mumkin. Mazkur umummilliy gazetalarda muhim siyosiy masalalar, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, xalqaro hayotga doir yangiliklar berib boriladi.
Germaniyadagi eng katta tirajli gazeta – «Bild» 4 million nusxada chop etiladi (Boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi bu yurtda ham eng ko‘p o‘qiladigan gazeta ko‘ngilochar mavzularga ixtisoslashgan). Gazetalarning yakshanba kungi sonini tayyorlashga alohida e’tibor beriladi. Chunki dam olish kuni gazeta mutolaa qilish olmonlar uchun eng sevimli mashg‘ulotlar sirasiga kiradi. Bu kunda chiqadigan gazetalar hajmi har kungidan kattaroq va maxsus ilovalarga boy. Masalan, “Bild am Sonntag”, “Welt am Sonntag”, “Sonntag Aktuell”, “Frankfurter Allgemeine Sonntagszeitung” kabi yakshanba nashrlarini millionlab o‘quvchilar mutolaa qiladi.
Nemis matbuotining o‘ziga xos jihatlaridan biri – bu yerda jurnallarning ahamiyati juda katta ekanligidir. Mamlakatda 20 ming nomdagi ommabop jurnal chop etiladi (umumiy adadi 200 million). Oylik yoki haftalik jurnallarning tiraji kundalik gazetalardan ham ko‘p. «Der Spiegel» (1 mln. 115 ming), «Stern» (1 mln. 50 ming), «Focus» (790 ming) jurnallari eng ommabop nashrlar deb tan olingan.
Germaniya matbuoti ramzi deya e’tirof etiladigan «Der Spiegel» («Shpigel» – o‘zbekchada «Oyna» ma’nosini bildiradi) jurnali Gamburg shahrida chop etiladi. Tahririyat ijodni tijorat bilan muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirgan. Mushtariylar bilan ishlash bo‘limi rahbari Katrin Stokingerga ko‘ra, “Hozirgi axborot jamiyati sharoitida ommaviy axborot vositalari xodimlari radio, TV jurnalisti yoki gazetchi emas, umumiy ma’noda universal jurnalist bo‘lishi kerak. «Der Spiegel» ana shunday mezonlar asosida ishlaydi”.
Stokinger xonimning aytganicha bor. 1947 yildan chiqa boshlagan jurnal hozirda yirik birlashmaga aylanib ketgan. Kontsernda 1250 xodim ishlaydi. Amsterdam, Parij, Rim, London, Vashington, Moskva kabi dunyoning 30ga yaqin yirik shaharlarida o‘z muxbirlari bor. Kontsern o‘z telekanali («Spiegel-TV») va Germaniyadagi eng ommabop sanalgan Internet sayti (Spiegel-online)ga ega. Bundan tashqari, uyali aloqa telefonlariga xabar, ma’lumot jo‘natishga mo‘ljallangan «Spiegel-mobil» xizmati ham mavjud. Bu yerdagi jurnalistlar «Spiegel»ning istagan bo‘linmasida ishlab keta oladigan universal qobiliyatga ega bo‘lishi kerak.
Olmon matbuot bozorida birlashish (konsentratsiya) jarayoni yaqqol ko‘zga tashlanadi. Gazetalar tobora kuchayib borayotgan raqobat sharoitida iqtisodiy muammolarni birgalikda hal etish, hamkorlikda reklama manbalarini topish uchun birlashmoqda. “Axel Springer Verlag”, “Bertelsmann group”, “Heinrich Bauer Verlag” kabi mediaguruhlar matbuot bozorida katta mavqega ega. Masalan, «Axel Springer Verlag» kontserni “Bild”, “Die Welt”, “Bild am Sonntag”, “Welt am Sonntag” kabi yetakchi nashrlarga egalik qiladi. Kundalik nashrlarning 24 foizi ushbu mediaguruh nazoratida.
So‘nggi yillarda boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi Germaniyada ham matbuot nashrlari tirajining tushishi kuzatilmoqda. Gazetalarning asosiy o‘quvchilari keksa yoshdagi aholi guruhi bo‘lib qolayapti. Yoshlar esa yangiliklarni Internet orqali olishni afzal ko‘rayotir. Internetning an’anaviy OAV uchun jiddiy raqobatchiga aylangani Germaniyada kuchliroq seziladi. Chunki voyaga yetgan aholi guruhining deyarli 55 foizi xalqaro tarmoqdan foydalanish imkoniyatiga ega. Bunday sharoitda esa Netzzeitung kabi mustaqil Internet saytlar yoki Spiegel-online kabi an’anaviy matbuot nashrlarining veb sahifalari tobora kengayib bormoqda.
Axborot bozoridagi kurashda TV va radio ham matbuot uchun asosiy raqobatchi bo‘lib qolayapti. Albatta, texnik va ijodiy imkoniyatlari ancha yuqori bo‘lgan elektron OAV barcha mamlakatlarda ham matbuotdan ko‘ra ko‘proq auditoriyaga ega. Tadqiqotlarga ko‘ra, olmon xalqi har kuni o‘n soat vaqtini ommaviy axborot vositalari bilan tanishishga sarflaydi. Ushbu vaqtning OAV turlari bo‘yicha taqsimlanishi esa quyidagicha: 221 daqiqa – radio, 220 daqiqa – TV, 44 daqiqa – Internet, 28 daqiqa – kundalik gazeta, 25 daqiqa – kitob, 12 daqiqa – jurnal uchun.
Ayni paytda mamlakatda 70 mingdan oshiq professional jurnalist faoliyat yuritadi. Oxirgi yillarda tahririyatlar shtati tobora qisqarib borayotgani tufayli aksariyat jurnalistlar erkin ijodkor (frilanser) sifatida ishlamoqda. Ular bir paytning o‘zida ko‘plab nashrlar bilan ijodiy hamkorlik qilishni afzal ko‘rmoqdalar.
Taraqqiyot g‘ildiragi barcha davrlardan ham shiddatliroq aylanayotgan bugungi kunda jurnalistikada axloqiy me’yorlar muammosi ko‘p xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Bu borada Germaniya tajribasi asqotishi mumkin. Ikkinchi jahon urushidan keyin matbuot erkinligi va jurnalistlar mas’uliyati borasida munozaralar kuchaygan paytda bir guruh ijodkorlarning tashabbusi bilan Germaniya Matbuot kengashi (German Press Council) tashkil etilgan. Yetakchi jurnalistlar, tajribali bosh muharrirlar, sohaning taniqli mutaxassislaridan tashkil topgan kengash bevosita jurnalistlar axloq kodeksiga rioya etilishini kuzatib boradi. Mazkur jamoat tashkiloti a’zosi, doktor Maykl Rediskening aytishicha, Matbuot kengashi qonuniy majburlov kuchiga ega emas. Lekin hamkasblar tomonidan etika qoidalari buzilgan taqdirda kengash ushbu holat bo‘yicha tavsiya xarakteriga ega bo‘lgan qarorlar qabul qiladi. Axloqiy me’yorlarni buzgan jurnalist xatti-harakati muhokama etiladi. «Bu aynan jurnalistikaning o‘z-o‘zini muvofiqlashtirish tamoyili», deya kengash faoliyatini izohlaydi u.
Axborot olish erkinligi tamoyili – jurnalistikaning muhim talablaridan biri. Lekin har qanday rivojlangan jamiyatda ham jurnalistlarning boshqaruv idoralaridan axborot olishi oson kechmagan. Germaniyada davlat idoralari va matbuot o‘rtasida aloqalarni muvofiqlashtirish, jurnalistlarni kerakli axborot bilan ta’minlash maqsadida 1949 yili Bundespressekonferenz (Federal matbuot anjumani) tuzilmasiga asos solingan. Federal matbuot anjumani olmon jurnalistlari uchun axborot olishning eng qulay vositalaridan biri sanaladi. Yarim asr davomida shakllangan qoida bo‘yicha haftaning dushanba, chorshanba va juma kunlari maxsus ajratilgan binoda matbuot anjumanlari o‘tkaziladi. Unda Germaniya hukumat rahbari – kantslerdan tortib barcha vazirliklarning matbuot kotiblari ishtirok etadi va jurnalistlar savollariga javob beradi. Muhim siyosiy hodisalar ro‘y bergan vaziyatlarda matbuot anjumanlarida kantsler va vazirlarning o‘zi hozir bo‘ladi. Bu «Davlatning barqarorligi matbuot erkinligiga bog‘liq» degan demokratik qoidaga sodiqlik ifodasidir.
Sobirjon Yoqubov