22 fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Hakala hamda YeIning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus elchisi Tomas Niklassonni qabul qildi.
TIV matbuot xizmatiga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va YeIning Afg‘oniston yo‘nalishidagi munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Joriy yil 23 fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan YeI va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari maslahat uchrashuvining tashkiliy jihatlari va kun tartibidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Afg‘on inqirozini hal qilishda xalqaro hamjamiyatning yaxlit yondashuvini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
EI vakillari O‘zbekistonning Termiz shahrida Afg‘onistonga insonparvarlik yordam yetkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha xalqaro xab tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Avval xabar berganimizdek, finlyandiyalik diplomat Teri Hakala 2021 yil 1 iyuldan YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili vazifasini bajarishga kirishgan.
EIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakil Jozep Borrel rahbarligida faoliyat yuritadi va uning umumiy tashqi va xavfsizlik siyosatini amalga oshirish bo‘yicha ishlariga ko‘maklashadi.