Ommaviy axborot vositalari uchun og‘ir kelgan 2004 yilda xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda 56 nafar jurnalist halok bo‘ldi. Bu haqda Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan «Matbuotga hujum» hisobotida xavotir bilan qayd etiladi.
Qarorgohi Nyu-York shahrida joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi nodavlat tashkilot bo‘lib, har yili ommaviy axborot vositalari faoliyati, dunyo davlatlarida matbuot erkinligi ahvoli xususidagi hisobotlarni chop tayyorlaydi.
OAV xodimlari manfaatlarini himoya qiluvchi yana bir uyushma — «Chegara bilmas muxbirlar» ma’lumotiga ko‘ra, 2003 yilda 53 nafar jurnalist joniga qasd qilingandi. Ko‘rinib turibdiki, OAVga munosabat tobora murosasiz, shafqatsiz bo‘lib bormoqda.
Xalqaro qo‘mita hisobotida aytilishicha, Iroq dunyo jurnalistlari uchun eng xavfli mamlakat bo‘lib qolmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, hali ham qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan mamlakatda birgina o‘tgan yilning o‘zida 23 nafar jurnalist joniga qasd qilingan. Shuningdek, tartibsizliklar hukmron davlatda 22 nafar OAV xodimi isyonchilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan.
Ma’ruzada Rossiya va boshqa sobiq Ittifoq davlatlarida matbuot erkinligi va jurnalistlarga munosabat salbiy darajada qolayotgani aytiladi.
Rossiyada ommaviy axbort vositalari hukumat tomonidan nazorat qilinmoqda, Tojikistonda muxolifat matbuoti faoliyatiga yo‘l berilmayapti, Belorusda prezident Lukashenko tomonidan so‘z erkinligi bo‘g‘ilmoqda, Turkmaniston esa jurnalistlar uchun xatarli maskan bo‘lib qolmoqda, deyiladi JHQQ hujjatida.
2004 yili Rossiyada ikki jurnalist halok bo‘ldi. «Reyter» tasvirchisi Adlan Hasanov Chechenistonda jangarilar bombasidan jon taslim qildi. «Forbs» jurnalining rus nashri muharriri Pol Xlebnikov esa Moskvada qurolli kishilar tomonidan otib ketildi.
Shuningdek, o‘tgan yilda Serbiya va Chernogoriya (sobiq Yugoslaviya) da nashr etiladigan «Dan» muxolifat gazetasi bosh muharriri Dushko Yovonovichga ham suiqasd qilindi.
Xalqaro qo‘mita «to‘rtinchi hokimiyat» vakillari hayotiga qasd qilingan quyidagi davlatlar ro‘yxatini keltiradi: Iroq (23 nafar jurnalist), Filippin (8), Shri-Lanka va Bangladesh (3), Hindiston, Meksika, Nikaragua va Rossiya (2), Braziliya, Dominikana, Gambiya, Gaiti, Isroil, Kot-d‘Ivuar, Nepal, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Serbiya va Chernogoriya (1).
Bundan tashqari, yana 17 nafar jurnalistga suiqasd qilingan bo‘lishi mumkin. Mazkur jurnalistlar halok bo‘lgani haqida aniq ma’lumotlar mavjud bo‘lmasada, ular hayotiga qasd qilingani bo‘yicha gumonlar bor.
«Matbuotga hujum» hisobotiga ko‘ra, 2004 yilda butun dunyoda 122 nafar jurnalist kasbiy faoliyati sabab qamoqqa olindi. 2003 yilga qiyoslaganda, bu raqam biroz kamaygan. Bundan ikki yil oldingi sanada 135 nafar jurnalist panjara ortiga tashlangandi.
Qamoqqa olingan jurnalistlarning to‘rtdan uch qismi Kuba, Xitoy, Birma va Eritreya davlatlarida istiqomat qilishadi. Aslida zikr etilgan davlatlar OAV xodimlarini qamash borasida ko‘pdan buyon birinchilikni bermay kelmoqda.
Mazkur 122 holatning 74 tasida «to‘rtinchi hokimiyat» vakillari davlat sirini oshkor etish moddasi bilan ayblangan. Eng qizig‘i, qamalgan OAV xodimlari orasida so‘nggi uch yil ichida ilk marotaba amerikalik jurnalist nomi ham qayd etilgan.
Sobirjon Yoqubov