EI loyihasi doirasida O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi xatarlariga doir so‘rovnoma o‘tkazildi

10 avgust kuni Toshkentda Yevropa Ittifoqi moliyalashtirayotgan loyiha doirasida BMT Taraqqiyot dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi bilan hamkorlikda davlat idoralari hodimlarining iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavf va tahdidlar to‘g‘risida xabardorligini oshirish bo‘yicha tadbir tashkil etildi. EI delegatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tadbirda soha mutaxassislari tomonidan Farg‘ona vodiysida iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan xatarlar mavzusida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari e’lon qilindi.

Ijtimoiy tadqiqot Farg‘ona vodiysida faoliyat olib boruvchi soha vakillarining iqlim o‘zgarishiga bilan bog‘liq xavflar, tabiiy ofatlar va tegishli moslashuv choralari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha xabardorligi yetarli darajada emasligini ko‘rsatdi. Respondentlarning atigi 20 foizi iqlim o‘zgarishi xavflaridan xabardor ekanini tasdiqlagan. Respublikadagi aholi eng zich joylashgan va tabiiy resurslardan foydalanish bo‘yicha intensivligi yuqor hisoblangan Farg‘ona vodiysida iqlim o‘zgarishi jarayonlari beqaror ekani xavotir uyg‘otmay qo‘ymaydi.

Tadbir ishtirokchilari mintaqada iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va ularga moslashish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni qabul qilish muhim ekanini ta’kidladilar. E’tiborga molik jihati, so‘rovnomada ishtirok etgan 92% respondent iqlim o‘zgarishi inson salomatligiga, ayniqsa, ayollar turmush darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytib o‘tgan.

Anjuman davomida iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha yangi yondashuvlar, g‘oya va tashabbuslar yuzasidan fikr hamda tajriba almashildi. Tadbir yakunida qaror qabul qiluvchilar va o‘rta bo‘g‘indagi tarmoq mutaxassislarining bu boradagi bilim va xabardorligini oshirish maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Qayd etish joizki, BMT Taraqqiyot dasturi Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi va barqarorlik” mintaqaviy loyihasini amalga oshirmoqda. Loyihadan ko‘zlangan maqsad Farg‘ona vodiysi, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston respublikalari bilan chegaradosh hududlarda barqarorlikni ta’minlash va iqlim o‘zgarishiga chidamli rivojlanish modellarini qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Evropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen 2021 yil noyabr oyida Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo forumi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida ham mintaqa allaqachon iqlim o‘zgarishlaridan aziyat chekayotganiga e’tibor qaratgan. Yevrokomissiya rahbari YeI Markaziy Osiyoga yashil energiya va ekologik tiklanish bo‘yicha ham ko‘mak berishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil yanvar oyida Germaniyada YeI shafeligida “Yashil Markaziy Osiyo” anjumani bo‘lib o‘tgan. Ushb anjumanda ham YeIning global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi yetakchiligi va bu jarayonda Markaziy Osiyoga ko‘mak masalasi muhokama etilgan.

Shu mavzudagi maqolalar:

O‘zbekiston–Evropa Ittifoqi: muhim bitim bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi. 07.07.2022

Evropa Ittifoqi Markaziy Osiyodan nima istaydi? 04.07.2019

Evropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda yangi dasturni amalga tatbiq etishga kirishmoqda. 04.07.2019