O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi qardoshlik aloqalari jadal ravnaq topmoqda. Turkiya milliy bayrami – Respublika kuni tantana qilinayotgan kezlarda mazkur mamlakatning Toshkentdagi elchixonasi Matbuot maslahatchisi Davut Gazi Benli bilan suhbatlashdik.
– Janob Davut Gazi Benli, suhbatimiz avvalida O‘zbekiston va Turkiya hamkorligining bugungi holati xususida so‘zlab bersangiz.
– Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on janoblarining 2016 yil noyabrda O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi qardosh mamlakatlar hamkorligida yangi sahifa ochdi. Keyingi ikki yil ichida hamkorligimiz barcha sohalarda – ham siyosiy, ham iqtisodiy, ham madaniy-gumanitar jabhada rivojlanmoqda.
Bugun Turkiya va O‘zbekiston strategik hamkor sanaladi. O‘zbek xalqida “orasidan qil o‘tmaydi” degan ibora bor. Bu, odatda, juda yaqin insonlarga nisbatan ishlatiladi. Turk va o‘zbek xalqiga nisbatan ham ayni shu iborani ishlatish mumkin. Chindan ham, turku o‘zbek et bilan tirnoq kabidir.
Turkiya xalqi O‘zbekistonni “ota yurt” deya ulug‘laydi, o‘zgacha qadrlaydi. Qolaversa, bu qadimiy o‘lka bizning e’tiqodimiz markazlaridan biri sanaladi. Makka va Madina shaharlaridan so‘ng birinchi galda ilm-fan o‘chog‘i, islom markazi bo‘lmish Buxoro va Samarqandni yodga olishimiz ham bejiz emas.
Xalqlarimizning tili, madaniyati, ildizi, e’tiqodi, hatto mazhabi bir! Mendan Turkiya uchun eng qadrli mamlakat qaysi desangiz, avvalo O‘zbekiston nomini tilga olaman.
Har bir turk O‘zbekistonga kelishni, ushbu muazzam yurtni ziyorat qilishni orzu qiladi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, biz farzandlarimizni kichikligidanoq ota yurtiga mehr-muhabbat va ehtirom ruhida tarbiyalaymiz. Birgina misol: maktablarimizda nafaqat o‘zbek, balki butun turkiy olamning buyuk mutafakkiri Alisher Navoiy ijodi keng o‘rgatiladi.
Keyingi 10-15 yil ichida Turkiya xalqi sayyoh sifatida xorijiy mamlakatlarga ko‘p safarga chiqmoqda. Xalqimiz dunyoning boshqa mamlakatlari, alalxusus, O‘zbekistonni albatta ziyorat qilishini istaymiz.
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotganimga to‘rt oy bo‘ldi. Toshkentga yuborilayotganimni eshitgan do‘st-qadrdonlarim meni qizg‘in qutlab, “Siz O‘zbekistonda ekaningiz ayni muddao, imkon va fursatdan foydalanib biz ham ota yurt ziyoratiga boramiz!” deya tilaklar bildirgan edilar. Demoqchimanki, Turkiyada O‘zbekistonga safar qilishga ishtiyoqmandlar juda ham ko‘p.
Bu o‘rinda turizm sohasida hali foydalanilmagan imkoniyatlarimiz mavjudligini ta’kidlashni istardim. Hozircha Turkiyadan O‘zbekistonga bir yilda o‘rtacha 30 ming sayyoh kelmoqda. Ushbu ko‘rsatkichni bemalol 100-200 mingga yetkazish mumkin. Buning uchun esa aviachipta narxini arzonlashtirish lozim bo‘ladi. O‘ylaymanki, barcha sohalar qatorida turizm bo‘yicha ham o‘zaro hamkorligimizning istiqboli porloq.
– O‘zbekiston haqidagi dastlabki taassurotlaringiz bilan bo‘lishsangiz.
– Albatta, O‘zbekistonga kelgunga qadar bu muazzam diyor haqida juda ko‘p ma’lumotga ega edim. Ammo bu yerga kelgach, O‘zbekiston tasavvurimdagidan ham qudratli va zamonaviy davlat ekaniga amin bo‘ldim. Menga, masalan, shaharlarning tozaligi manzur bo‘ldi. Ko‘cha-ko‘ylar orasta, biror xas-cho‘p ko‘rmaysiz. Qolaversa, shaharlar yashillikka burkangan. Bunyodkor xalqingiz cho‘l bag‘rida obod shaharlar qurganiga tahsinlar aytdim. Bunyodkorlik, tozalik o‘zbek xalqining zehniyatiga, qon-qoniga singib ketgan fazilatlar ekaniga ishonch hosil qildim.
Turkiyada atrof-muhit tozaligi, shaharlarni rejalashtirish borasida ayrim muammolar bor. Menimcha, Turkiyadagi shahar hokimlari bu jihatdan O‘zbekiston tajribasini o‘rgansa arziydi.
Davut Gazi Benli uzoq yillar Turkiya boshqaruv idoralarida turli mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.
– Siz xizmat vazifangizga ko‘ra ommaviy axborot vositalari vakillari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritasiz. Ayting-chi, ikki davlat hamkorligini mustahkamlashda jurnalistlarning o‘rni qanday?
– Men jurnalistlarni do‘stlik elchilari deb atagan bo‘lar edim. Ommaviy axborot vositalari xodimlari maqola, eshittirish va ko‘rsatuvlari bilan xalqlarni yanada yaqinlashtirishga katta hissa qo‘shadilar. Zero, xalqlar bir-birini qancha yaqindan bilsa, o‘zaro birodarlik, qardoshlik shuncha mustahkamlanadi.
Xabaringiz bor, biz O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari vakillarini Turkiyaga turli tadbir va tanishuv dasturlariga muntazam yubormoqdamiz. O‘z navbatida, Turkiya jurnalistlari ham O‘zbekistonga tez-tez kelmoqdalar. Bu boradagi robitalar yanada mustahkamlanishiga ishonchim komil.
– Siz uzoq yillar Turkiya Bosh vaziri huzuridagi Vaqf jamg‘armalari boshqarmasida Xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari lavozimida faoliyat yuritgansiz. Joriy yil aprel oyida O‘zbekistonda ham “Vaqf” jamg‘armasi tashkil etildi. Mamlakatlarimizning vaqf borasidagi hamkorligi istiqbolini qanday baholaysiz?
– Juda dolzarb masalani ko‘tardingiz. Joriy yil 16 aprelda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janoblarining farmoni bilan “Vaqf” jamg‘armasi tuzilishi tarixiy voqea bo‘ldi. Bundan shaxsan men juda mutaassir bo‘ldim. Axir, O‘zbekistonda 100 yillik tanaffusdan keyin ilk bor vaqf tuzilmasi tashkil etildi-da! (O‘zbekistonda ko‘p asrlar davomida vaqf tizimi ishlab kelgan. Afsuski, 1930 yilda sovet hokimiyati O‘zbekistonda vaqf mulklarini musodara qildi va shu tariqa mazkur tizimga barham berildi.)
Turkiya vaqf borasida juda boy tajribaga ega. Usmoniylar davlatida 500 yil davomida vaqf tizimi muvaffaqiyatli ishlab kelgan. Xavfsizlik va adliya idoralaridan boshqa barcha davlat tuzilmalari vaqf tizimiga ega edi. Bugun butun dunyo hayrat ila tomosha qiladigan Turkiyadagi ko‘hna me’moriy obidalar ham vaqf mablag‘lari asosida qurilgan. Biz buni “vaqf tamadduni” deb ataymiz.
Turkiyada hozirga qadar ko‘p asrlik vaqf an’analari amal qilib kelmoqda. O‘rni kelganda aytish joiz, o‘z davrida AQSh va Yevropa davlatlari ham Usmoniylar davlati vaqf tajribasini puxta o‘rganib, o‘zida tatbiq etgan.
Bugun Turkiyada vaqf tizimi uchinchi sektor sifatida jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Men faoliyat yuritgan Vaqflar bosh boshqarmasining yillik aylanmasi 500 million AQSh dollaridan oshadi. Bundan tashqari, Turkiya vatandoshlari vaqf sifatida ajratadigan yillik mablag‘ 1 milliard AQSh dollaridan ziyodni tashkil etadi.
Vaqf mablag‘lari ta’lim maskanlari va tolibi ilmlarni qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatish, tarixiy me’moriy obidalarni muhofaza etish va boshqa qator ezgu maqsadlarda sarflanadi. Bobolarimizdan meros tarixiy obidalarni qayta tiklash va muhofaza etish juda katta xarajat talab etadi. Masalan, birgina Sulaymoniya jome’ masjidi restavratsiyasi uchun 25 million dollar ketadi.
Tarixan vaqf tizimi ta’limni rivojlantirishda hal qiluvchi o‘rin tutgan. Bugun ham mazkur an’ana davom etmoqda. Turkiyadagi Bilkent, Koch, Sabanchi kabi 100 dan ortiq universitetlar aynan vaqf mablag‘i hisobiga faoliyat yuritadi.
O‘n kuncha avval Buxoroda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda qatnashib, vaqf sohasida Turkiya va O‘zbekiston hamkorligi imkoniyatlari mavzusida taqdimot o‘tkazdim. Menimcha, qardosh mamlakatlarimiz vaqf borasida ham hamkorlik qilishi lozim.
– Siz faoliyatingiz davomida Yevropa Ittifoqiga aloqador dasturlarda ham ishlagansiz. Turkiyaning mazkur tuzilmaga kirish jarayoni yarim asrdan buyon cho‘zilib kelmoqda. Mamlakatning YeIga kirishi bugun qanchalik muhim sanaladi?
– Aslida Turkiya va Yevropa integratsiya munosabatlari ildizi XIX asrning birinchi yarmiga borib taqaladi. XX asrda o‘rtalarida Yevropa davlatlari birlashmasi paydo bo‘lganidan keyin esa bu masala yana kun tartibiga chiqdi. Turkiyaga Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish borasida 1967 yili murojaat qilgan. Mana, 51 yildan buyon muzokaralar davom etmoqda.
EIga qo‘shilish jarayonidan Turkiya faqat yutdi. Xabaringiz bor, YeI a’zo bo‘lishga talabgor davlatlarga ma’lum talablar qo‘yadi. Biz ham ana shu talablarni ijro etish asnosida oziq-ovqatdan tortib sanoatgacha – turli sohalarda yuksak standartlarni joriy etishga muvaffaq bo‘ldi. Ya’ni Turkiyaning keyingi yillarda yuksak sur’atda taraqqiy etishida YeIga a’zo bo‘lish jarayoni ham muayyan darajada ijobiy rol o‘ynadi.
Menimcha, bugun Turkiyaning YeIga kirishiga hojat qolmadi. Ayni vaqtda Turkiya iqtisodiy taraqqiyot bo‘yicha YeIga a’zo davlatlarning ancha-munchasidan ilgarilab ketdi. Birgina misol: Turkiyada YaIMning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ko‘rsatkichi 11-12 ming AQSh dollariga yetdi.
Agar 25 yil oldin Turkiyada referendum o‘tkazilsa edi, xalq YeIga kirishni qo‘llab-quvvatlar edi. Ammo hozir umumxalq ovoz berishi o‘tkazilsa, ko‘pchilik bunga qarshi ovoz berishi aniq.
Sharqu G‘arb mamlakatlarini kezgan Davut Gazi Benli safar taassurotlarini “Dunyo nima deydi” (Dünya Dedikleri) nomli kitobida jamlagan.
– Sizni nafaqat boshqaruv idoralarida mas’ul lavozimlarda ishlagan mansabdor, ayni choqda, bir necha kitoblari chop etilgan adib, deya ta’riflashadi. Xususan, “Dunyo nima deydi” (Dünya Dedikleri) nomli sayohatnomangiz turkiyalik kitobxonlar orasida ancha mashhur. O‘zbekiston haqida ham kitob yozish niyatingiz bormi?
– Kasbiy faoliyatim davomida dunyoning yetmishdan ortiq davlatida bo‘ldim. Siz nomini zikr etgan kitobda ham Sharqu G‘arb o‘lkalariga safarlar asnosida tug‘ilgan taassurotlarim jamlangan. Ijodkor inson, qalam ahli yozishdan aslo voz kecha olmaydi. Kamina ijodiy an’anamga sodiq qolib, O‘zbekiston haqida ham sayohatnoma yozish niyatidaman. Ayni vaqtda yondaftarimga qisqa qaydlar yozib boryapman. Fursati kelgach, taassurotlarimni batafsil qog‘ozga tushiraman. Quvonarlisi, O‘zbekiston haqidagi kitobga Turkiyadagi nashriyotlar orasida hozirdanoq talabgorlar bor.
Dunyo kezish asnosida shunday xulosaga keldim: Alloh taolo odamzodni bu dunyoga urush-janjal qilish uchun emas, o‘zaro do‘st-birodar bo‘lib yashash uchun yuborgan. Bu jihatdan, O‘zbekistonda turli millat va e’tiqod vakillari bir oiladek ahil-inoq yashayotganini ko‘rib, benihoya xursand bo‘ldim. Turk va o‘zbek qardoshligi bundan-da mustahkam bo‘lishiga tilakdoshman.
Sobir Salim suhbatlashdi