So‘nggi yillarda chekish 6,3 mln britaniyalikning hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda ingliz tibbiy jurnali Edicom ma’lum qildi.Chekish qariyb 42 foiz 35 dan 69 yoshgacha bo‘lgan erkaklar va 15 foiz shu yoshdagi ayollarning o‘limi, 50 yoshlardan o‘tib saraton kasalligiga chalinishiga sabab bo‘lmoqda. Aynan saraton tufayli esa 25 foiz erkak va 15 foiz ayollarning o‘limi kuzatilmoqda. Hozirda Rossiya ham chekuvchilar yurti qatoriga kirgan. U Xitoy, Yaponiya va Amerikadan so‘ng to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Rossiya hukumati butun dunyo sog‘liqni saqlash konventsiyasini ratifikatsiya qilish bilan tamaki mahsulotlariga qarshi kurashishni rasmiylashtirdi. Davlat maslahat kengashi raisi o‘rinbosari Nikolay Gerasimenkoning fikricha, bu Rossiya federatsiyasidagi tamaki ishlab chiqaruvchilarni nazorat ostiga olish uchun qo‘l kelmoqda.
2003 yilda Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti chekishga qarshi kurash konventsiyasini ishlab chiqqandi. Shu konventsiyani yoqlagan davlat 5 yil ichida tamaki reklamalarini keskin cheklashi yoki yo‘qotishi lozim. Tamaki kompaniyalarining sport musobaqalari va madaniy bayramlardagi homiyliklarini taqiqlashi kerak. Bundan tashqari konventsiyaning asosiy maqsadlariga tamaki mahsulotlarining narxini va soliqlarni oshirish; ularning kontrabandasi ustidan kurashni kuchaytirish kabilar kiradi. Chekadiganlar sonini kamaytirish uchun tadbirlar o‘tkazish kerak. Chekishning sog‘liqqa zararli ekanligini ogohlantiruvchi yozuv har bir sigaret qutisida 30 foiz joyni egallashi lozim. Odamlarda yolg‘on taassurot uyg‘otuvchi, mahsulot «zararsiz», «kam miqdorda smola ishlatilgan», «engil», «juda yengil» yoki «yumshoq» degan yozuvlarni qutilaridan olib tashlash zarur.
2005 yil 1 yanvarda bu konventsiyani Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotiga a’zo bo‘lgan 192 ta davlatdan 168 tasi yoqladi va 36 ta davlat tasdiqladi. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, har yili 5 million kishi chekish bilan bog‘liq kasallikdan halok bo‘ladi. 2010 yilga borib bu ko‘rsatkich 2 barobarga o‘sadi. Jahon bankining ma’lum qilishicha, davlat mablag‘ining 6-15 foizi shu kasalliklarning oldini olishga sarf etiladi.