Belorus rahbari Aleksandr Lukashenkoning ayni paytda olib borayotgan siyosati ayrim xalqaro kuzatuvchilar va tahlilchilar tomonidan bo‘ronda qolgan kema kapitanining xatti-harakatlariga qiyoslanyapti. Kema sardori unga ishonch bildirgan kishilarni xavfdan olib chiqa olarmikin?..
«Evropaning so‘nggi diktaturasi» deb atashayotgan mamlakat hayotiga nazar
Evropa jamiyatlarida diktatura, yakkahokimlikka keskin qarshi munosabat shakllangan. 12 yildan beri Aleksandr Lukashenko rahbarlik qilib kelayotgan Belorus Respublikasini G‘arb davlatlari allaqachon yakkahokimlik tuzumida yashayotgan davlatlar tasnifiga kiritishgan. Mamlakatni xalqaro siyosiy davralarda «Evropaning so‘nggi diktaturasi» deb atash urf bo‘lgan…
Maslagida sobit prezident
Belorus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko qat’iyatli, o‘z maqsadidan qaytmaydigan va maslagi yo‘lida ko‘p narsalarni qurbon qilishi mumkin bo‘lgan rahbar sifatida tanilgan. 12 yillik Lukashenko prezidentligi davrini tahlil qilganda, uning davlat rahbarlik yillarida mamlakatda keskin ijtimoiy-siyosiy vaziyat hukmronlik qilgani, hukumat va unga muxolifatda bo‘lgan kuchlar o‘rtasida doimiy kurash davom etganini kuzatish mumkin.
1994 yili Belorus tarixida ilk marotaba o‘tkazilgan prezidentlik saylovida Lukashenko yaqqol g‘alabaga erishgandi. O‘sha paytlarda Oliy Kengash deputati bo‘lgan siyosatchining parlament minbaridan turib hukumat rahbarlarini korruptsiya va poraxo‘rlikda ayblab so‘zlagan otashin nutqlari g‘alaba omili bo‘lgan edi. Harqalay, xalq o‘z manfaati yo‘lida muqaddas qadriyatlarni ham sotishga tayyor amaldorlarni qattiq tanqid qilgan arbobdan katta narsalar umid qilgan edi. Shu tariqa Aleksandr Lukashenko respublika prezidenti sifatida ish boshladi.
Prezident va parlament o‘rtasida avval-boshdan mavjud bo‘lgan kelishmovchilik 1996 yili yuqori nuqtaga chiqdi. Qonun chiqaruvchi idora Lukashenkoga impichment (prezidentni vakolat muddatidan oldin iste’foga chiqarish) e’lon qilishga yaqin qolgan bir paytda davlat rahbari zudlik bilan ikki palatali parlament tashkil etish masalasida referendum e’lon qildi. Shu tariqa Lukashenkoga qarshi kayfiyatda bo‘lgan Oliy Kengash tarqatib yuborildi. Uning o‘rniga ikki palatali Milliy majlis ish boshladi. Lukashenko ham Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishga ko‘ra, 1996 yildan yangi muddatda prezident vazifasini bajarishga kirishdi.
1999 yili yana katta norozilik namoyishlarini o‘tkazgan muxolifat prezidentning vakolat muddati tugagani, 1996 yilgi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish noqonuniy ekanini da’vo qildi va bir paytlar bosh vazir vazifasida ishlagan Mixail Chigirni prezidentlikka nomzod sifatida ilgari surdi. Biroq butun mamlakatni qamrab olgan namoyishlar Mixail Chigir va uning oila a’zolari qamalganidan boshqa hech qanday natija bermadi…
2001 yili Belorusda ikkinchi marta prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Lukashenko 76 foiz ovoz to‘plab yana davlat rahbari lavozimini saqlab qoldi. Yevropa davlatlari va AQSh odatdagidek saylov natijalarini tan olmadi.
Muxolifat bormi, muxolifat?..
2004 yil — Lukashenko prezidentligi davrining 10-sanasi. Belorus rahbari ketma-ket ikki muddatda prezidentlik qilgan shaxs uchinchi marta ham saylovda qatnashishi mumkinligi masalasida umumxalq ovoz berish tadbiri — referendum o‘tkazdi. Referendumda kutilganidek… xalq bir ovozdan Lukashenko uchinchi muddatda ham prezidentlik qilishi mumkinligini yoqlab ovoz berdi.
Uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan bu siyosiy tadbir 2006 yilning 19 martida o‘z mevasini berdi. Mamlakatda o‘tgan prezidentlik saylovida Aleksandr Lukashenko yana g‘alaba qozondi: saylovchilarning 82 foizi unga ishonch bildirdi. Demokratik kuchlar kongressidan Aleksandr Milinkevich, «Gramada» partiyasidan Aleksandr Kozulin prezidentlik uchun kurash olib bordi. Biroq muxolifat katta umid va ilinjlar bilan ishtirok etgan saylov ko‘ngildagidek natija keltirmadi.
Minskning Oktyabr maydonida 10 mingga yaqin kishi ishtirokida o‘tgan namoyish hali ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan. Bu Lukashenkoni saylov natijalarini soxtalashtirishda ayblagan muxolifatning o‘ziga xos norozilik ifodasi edi.
Ma’lum bir siyosiy maqsadga erishish yo‘lida o‘tkaziladigan namoyishlar ba’zida G‘arb davlatlarida ham natijasiz tugayotgan bir paytda diktaturada ayblashayotgan hukumatdan nima ham kutish mumkin?..
Norozilik chiqishlari natijasi shu bo‘ldiki, kechagina prezidentlik uchun kurashgan Milinkevich, Kozulin kabi o‘nlab siyosiy yetakchilar va voqealarni yoritish uchun Oktyabr maydoniga kelgan 22 (!) jurnalist hibsga olindi.
Belorus muxolifati mana 12 yildirki, Lukashenko hukumati bilan siyosiy kurash olib boradi. Biroq biroz erkinroq fikr bildira boshlagan ommaviy axborot vositalarining zudlik bilan yopib qo‘yilayotgani, amaldagi hukumatni yoqlamagan fuqarolar tazyiq va ta’qibga uchrayotgani, muxolifat faoliyati uchun shart-sharoitning mavjud emasligi va siyosiy raqobatdagi g‘irromlik — bularning barchasi yakkahukmronlikni mustahkamlashga xizmat qilyapti, xolos.
Sinovlardan o‘tgan kurash usuli
Belorusda muxolifat bilan kurash borasida o‘ziga xos kurash yo‘li tanlangan. Davr sinovlaridan o‘tgan bu usulga ko‘ra, qaysarlik yo‘lini tanlagan siyosiy arboblarga to‘rt devor orasida, panjara ortida o‘z fikr-qarashlarini yana bir bor sarhisob qilish imkoni beriladi. 1999 yili prezidentlikka da’vo qilgan Mixail Chigir taqdiri haqida yuqorida aytildi. 2001 yilgi saylovda davlat rahbarligiga nomzod bo‘lgan, bir paytlar Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri bo‘lgan Mixail Marinich ham ko‘p o‘tmay jinoiy ayblov bilan qamoqqa olindi.
Joriy yilning 19 martida o‘tgan uchinchi prezidentlik saylovida Lukashenkoga raqib bo‘lgan «Gramada» partiyasi yetakchisi Aleksandr Kozulin qismati ham boshqa muxolif yetakchilarinikidan farq qilmadi. Hukumatga qarshi norozilik chiqishlari uyushtirganlikda ayblangan siyosiy yetakchi 13 iyul kungi sud yig‘inida besh yarim yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Belorusda amaldagi hukumatga va Lukashenkoga qarshi bo‘lgan shaxslarning izsiz yo‘qolishi ham odatiy holga aylangan. Sobiq Ichki ishlar vaziri, prezidentning muxolifi Yuriy Zaxarenko, bir vaqtlar bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan va prezident bilan chiqisholmay iste’foga chiqqan Viktor Gonchar va yana o‘nlab arboblar benomu nishon yo‘qolgan.
Salomga yarasha alik
Evropa Ittifoqi davlatlari va AQShning rasmiy Minskka bo‘lgan munosabati mart saylovidan keyin yanada yomonlashdi. Lukashenko hukumatiga qarshi namoyishlar ommaviy hibslar bilan yakunlangach, diplomatik majburiyat ostida qilinayotgan «salom-alik» ham to‘xtadi. AQSh ham, Yevropa Ittifoqi ham Aleksandr Lukashenko va Minsk hukumatining ayrim yuqori lavozimli vakillarini o‘z hududiga qo‘ymaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi. O‘z faoliyati davrida Yevropaga bir martagina rasmiy tashrif bilan borgan Belorus prezidenti yana ko‘hna qit’aga bormoqchi bo‘lsa, YeIning biror bir davlati unga viza bermasligi aniq. Lukashenkoning Kolumb kashf etgan diyorga borishi to‘g‘risida esa gap ham bo‘lishi mumkin emas.
Ittifoqchilik nima bo‘ladi?
Rossiya va Belorus azal-azaldan bir-biriga yaqin hamkor bo‘lgan davlatlar ekani ma’lum. Buni Aleksandr Lukashenko uchinchi bora prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan paytda uni tabriklagan sanoqli davlat rahbarlari qatorida Vladimir Putin bo‘lganidan ham bilish mumkin. Ikki davlat o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida bitim imzolanganiga esa 10 yil bo‘layapti. (Rossiya-Belorus ittifoqi to‘g‘risidagi bitim ho‘v mo‘ysafid Yeltsin davrlarida imzolangan). Biroq oxirgi paytlarda ana shu ikki do‘st-ittifoqchi davlat o‘rtasida ayrim ziddiyatli masalalar ham paydo bo‘lib qolyapti.
Lukashenko uchinchi muddatga prezident bo‘lgandan keyin Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi Belorusga sotilayotgan gaz narxini 150-200 dollarga oshirishi to‘g‘risida ma’lum qildi (Rossiya Belorusga 1000 kub metr gazni suv tekin narxda — 46, 68 dollarga yetkazib beradi). Ko‘pchilik kuzatuvchilar Rossiyaning eski va qadrdon qo‘shnisiga bu taxlit keskin munosabat bildirishini Minskning 1996 yilgi ittifoqchilik to‘g‘risidagi bitim shartlarini bajaramayotgani bilan izohlashayotgani bejiz emas.
Ikki davlat rahbari o‘rtasida imzolangan bitimga ko‘ra, 2003 yilda Belorusda Rossiya rubli muomalaga chiqarilishi, 2005 yili tomonlar Rossiya-Belorus ittifoq davlatining Konstitutsiyasini e’lon qilishlari zarur edi. Biroq hozirgacha ittifoq borasidagi rejalarning aksariyati qog‘ozda qolib ketyapti. Shuningdek, shartnomaga muvofiq, Belorusga qarashli «Beltransgaz» negizida 2004 yildayoq belorus-rus kompaniyasi tashkil etilishi zarur edi. Lekin tomonlar hali ham kompaniyani baholashda bir fikrga kelisha olmayapti (Minsk kompaniyaga Moskva 2,5 milliard dollar ulush qo‘shishi lozim deyayotgan bo‘lsa, Rossiya tomoni 300 million dollardan ko‘piga rozi emas).
Ayni masalalarda o‘z munosabatini oshkor qilgan prezident Lukashenko «o‘ziga to‘q» Belorus hech qachon Rossiya tarkibiga kirmasligini ma’lum qildi. Ikki davlat hududida yagona valyuta joriy etish masalasida esa Lukashenko shunday fikr bildirdi: «Arava hech qachon otning old tomoniga qo‘shilmaydi. Bu masalani, avvalo, ittifoq davlatning referendumda qabul qilinadigan Konstitutsiya loyihasiga kiritish zarur».
Xullas, hozircha Rossiya-Belorus ittifoqi borasida jiddiy yangilik kutilmayapti. Moskva tomoni esa Minskka qanday munosabatda bo‘lish ma’qulligini muhokama qilyapti.
Sobirjon Yoqubov