Belgiya, Ispaniya, endi Latviya… Taniqli o‘zbek fotorassomining navbatdagi shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi

Latviya poytaxti Riga shahrida taniqli o‘zbek fotorassomi Husniddin Atoning “O‘zbekiston – Buyuk ipak yo‘li chorrahasida” nomli fotoko‘rgazmasi ochildi.

Riga shahar hokimligi madaniyat departamenti va O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Kongresslar saroyida tashkil etilgan ma’rifiy tadbirda Latviya siyosiy, iqtisodiy va madaniy doiralari vakillari, jurnalistlar, shuningdek, ushbu mamlakatda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ishtirok etdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Husniddin Ato o‘z asarlarida “qadimiy tarix, boy madaniyat, rivojlangan san’at, O‘zbekistonning mehmondo‘st xalqi hayotini namoyish etish”ga intilishini ta’kidladi.

“Umid qilamanki, bugun namoyish etiladigan fotosuratlar O‘zbekistonga hali tashrif buyurmaganlarni sayohat qilishga ilhomlantiradi va mamlakatimizga tashrif buyurganlarni esa iliq xotiralarini eslatadi”, – dedi ijodkor.

Riga shahri hokimligi ta’lim, madaniyat va sport bo‘limi boshlig‘i Bayba Shmita yig‘ilganlarni qutlar ekan, Riga va Toshkent o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-ijtimoiy sohalarda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.

Shuningdek, u 2019 yil may oyida Toshkentda Husniddin Atoning Latviyada o‘tkazilgan “Qo‘shiq va raqs festivali” haqidagi fotoko‘rgazmasi tashkil etilganini ham yodga oldi.

Qayd etilishicha, ushbu ko‘rgazma ikki do‘st xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shadi.

Ko‘rgazmada namoyish etilgan 60 dan ortiq fotosurat tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular nafaqat o‘zbek xalqining o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlari, balki sayyohlik salohiyati, dunyoga mashhur tarixiy maskanlari va mamlakatning boy merosi haqida hikoya qiladi.

Fotoko‘rgazma joriy yil 15 noyabrga qadar davom etadi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, san’at sohasida xalqaro ekspert va fotorassom Husniddin Ato mamlakatimiz va xorijda o‘tkazilgan ko‘plab ijodiy tanlovlarda sovrindor bo‘lgan, shaxsiy ko‘rgazmalarini o‘tkazgan. Xususan, joriy yil iyun va oktyabrda fotorassomning Belgiya va Ispaniyada ko‘rgazmasi tashkil etilgan.