AQSh va O‘zbekiston vakillari yadroviy qurol va boshqa radioaktiv moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoyatchilar tahdid va unga qarshi kurashish masalalarini muhokama qilish maqsadida 1 fevral kuni Toshkentda uchrashdi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar beradi.
Mazkur uchrashuv tomonlar 2012 yil mart oyida tasdiqlagan yadro kontrabandasiga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma reja doirasidagi hamkorlikning davomidir. Qo‘shma rejada yadro va radioaktiv moddalar kontrabandasiga oid holatlarning oldini olish, aniqlash va kurashishda hukumatlar amalga oshiradigan sa’y-harakatlar o‘z aksini topgan.
Muhokamalarda ko‘zda tutilgan vazifalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi hamda bu sohadagi kelgusi hamkorlik xususida suhbatlashildi.
AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik kelgusida kontrabandaning oldini olishda yordam beradi, potentsial yadro kontrabandachilarini aniqlash va ularga qonuniy chora ko‘rishni ta’minlaydi hamda nafaqat ikki mamlakat, balki dunyo hamjamiyati xavfsizligiga xizmat qiladi.