AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi dasturini ishga tushirdi. Besh yilga mo‘ljallangan dasturning umumiy qiymati 10 million AQSh dollariga teng. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
“USAID O‘zbekiston hukumatini inson kapitali salohiyatini rivojlantirish yo‘lida olib borayotgan ishlarida qo‘llab-quvvatlaydi hamda mamlakat yoshlarini mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirib kelishida o‘z hissasini qo‘shish imkoni yaratilganidan juda mamnun”, – deydi mazkur xalqaro agentlikning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Mikaela Meredit.
Yangi tashabbus 2022 yil yanvar oyida boshlangan bo‘lib, maktablarning 8-11-sinf o‘quvchilariga O‘zbekiston iqtisodiyotida malakali ishchi yoki tadbirkor sifatida ishlash uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkonini beradi. Dastur o‘quvchilarning maktabni bitirganlaridan so‘ng ishga muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlashga qaratilgan.
Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari tomonidan amalga oshirilayotgan dastur qizlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish joylaridagi rollarini yanada oshirishga, ularning salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan. Dastur, shuningdek, xususiy sektor bilan yaqindan hamkorlik qilib, Xalq ta’limi vazirligi xodimlarining dasturning har bir bosqichida ishtirok etishi va uning barqarorligini ta’minlash uchun salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Amerika kengashlari ushbu tashabbusning barcha jabhalarida USAIDning ta’lim bo‘yicha asosiy hamkori Xalq ta’limi vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Shuningdek, dasturni muvafaqqiyatli amalga oshirish uchun xalqaro va mahalliy tashkilotlar jamoasi loyihaga jalb etiladi. Yoshlar mehnat resurslarini rivojlantirish va tadbirkorlik sohasida global darajadagi tajribaga ega bo‘lgan texnik hamkor sifatida – “World Learning” xalqaro tashkiloti xizmatlaridan foydalaniladi.
Loyihaning besh yili davomida Amerika kengashlari mehnat bozorining o‘ziga xos ehtiyojlarini tushunish, natijalarni monitoring qilish va ularni baholash, ayollar va qizlar va nogironligi bor shaxslarni mehnat bozoriga jalb etilishini ta’minlash uchun mahalliy ekspertlar bilan ishlaydi. Shuningdek, maslahatchi, murabbiy sifatida jalb etiladigan va amaliyot o‘tash joylarini ta’minlaydigan kompaniyalar, xususiy sektor bilan ishlashda davlat idoralariga ko‘maklashadi.
USAID O‘zbekiston hukumati bilan mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiyalash va mintaqaviy savdoni oshirish, salomatlik uchun jiddiy xavf-xatarlar, jumladan, COVID-19ni bartaraf etish, hukumatning aholi ehtiyojlariga oqilona yondashish salohiyatini oshirish yo‘lida hamkorlik qiladi.
Shu mavzudagi maqolalar:
USAID va O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi tadqiqot boshladi. 17.11.2021
USAID: yangi ko‘p million dollarli loyiha uchta strategik maqsadga qaratilgan. 06.10.2021