17 yanvar kuni AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik O‘zbekiston Respublikasi DXX chegara qo‘shinlariga 225 dona “FLIR” infraqizil monokulyar taqdim etdi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi. Chegara qo‘shinlari nomidan uskunalarni polkovnik Baxtiyor Mansurov qabul qilib oldi.
Ushbu kuzatuv uskunalari AQSh davlat departamenti moliyalashtiruvchi Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi doirasida sovg‘a qilindi. Qiymati 600 ming dollarga teng uskunalar AQShning xavfsizlik sohasida O‘zbekistonga ko‘rsatayotgan yordamining bir qismi hisoblanadi.
“Umid qilamizki, ushbu topshirilayotgan kuzatuv uskunalari O‘zbekiston davlat chegarasini muhofaza qilish va “yashil chegara”ni qo‘riqlashda chegara qo‘shinlarining imkoniyatlarini oshiradi hamda chegaradagi voqea-hodisalarga tezkor javob qaytarish imkonini beradi”, – deyiladi elchixona xabarida.
2001 yilda AQSh va O‘zbekiston ilk bor mudofaa sohasi va qurollar tarqalishining oldini olish to‘g‘risidagi bitimni imzolagandan buyon ikki mamlakat yadroviy, biologik, kimyoviy va radiologik materiallar tarqalishiga qarshi kurashish, shuningdek, chegara xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha to‘la huquqli sherik bo‘lib kelmoqda.
1994 yili tashkil etilgan Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi AQSh hukumatiga zudlik bilan qaror qabul qilishni talab etuvchi qurol tarqalishining oldini olish va qurolsizlanish sohasidagi kutilmagan va murakkab vaziyatlarda operativ javob qaytarishga imkon yaratadi. Ushbu jamg‘arma ishni ishonchli, xavfsiz va tejamkorlik bilan amalga oshirishda strategiya ishlab chiqish, muzokaralar olib borish, dasturlarni boshqarish, moliyaviy operatsiyalar va shartnomalarni bajarish bo‘yicha katta tajribaga ega.
Mavzuga doir maqolalar:
AQSh O‘zbekistonga 2 million dollar qo‘shimcha mablag‘ ajratmoqda. 27.08.2022
AQSh O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlashga 10 million dollar ajratdi. 03.02.2022