Hayrat tuyg‘usidan anchayin begonalashib qolgan dunyo siyosatdonlarini ham taajjubda qoldirib, Amerika prezidentligiga saylangan qora tanli arbob – Barak Obama 29 aprel kuni Oq uy rahbari sifatida dastlabki 100 kunlik faoliyatini yakunladi. Kurrai zaminimizning vallomat iqtisodchilariyu gapga chechan siyosatchilarini ham dog‘da qoldirgan, ularning boshini xam qilgan moliyaviy inqiroz sharoitida vaqt yanada shiddatliroq o‘tayotgandek tuyuladi.
Bundan bir necha oy oldin – 20 yanvar kuni Baraka Obama an’anaviy qasamyod qabul qilib, Amerika prezidenti sifatidagi faoliyatiga kirishgandi. Mana, hash-pash deguncha uch oydan oshiq fursat o‘tdi. Xo‘sh, umidbaxsh va’dalari bilan millionlab amerikaliklar qalbini zabt etgan Oq uy rahbari mazkur muddat davomida nimalarga erishdi?
Muammo
Xitoy mutafakkiri Konfutsiyning shunday qarg‘ishi bor: «Evrilishlar davri yashagin!» Darhaqiqat, tub o‘zgarishlar davri har doim ham qiyinchilik bilan o‘tadi. Bunday murakkab davrda davlatni boshqarish esa chandon mushkul vazifa. Barak Obamaning prezidentlik faoliyati ham ana shunday evrilishlar davriga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘tgan muddat davomida Barak Obama ma’muriyati birinchi navbatda mamlakatning bo‘hronda qolgan iqtisodini jonlantirish, kasodga uchragan banklarni qutqarish va og‘ir holatga tushib qolgan qarzdor fuqarolarga yordam qo‘lini cho‘zish ustida bosh qotirdi. Bu bo‘yicha 787 milliard dollarlik «qutqaruv rejasi» ishlab chiqildi. Ayni paytda AQSh Kongressida amaldagi prezidentning partiyadoshlari – demokratlar ko‘pchilikni tashkil etayotgani qo‘l keldi: mazkur reja tez muddatda parlament tasdig‘idan o‘tkazildi. Qutqaruv rejasiga ko‘ra, mazkur mablag‘ bank-moliya tizimini oyoqqa turg‘azish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ko‘chmas mulk sohasidagi muammolarni bartaraf etish, qisqasi, moliyaviy inqiroz talafotlarini imkon qadar kamaytirishga xizmat qilishi kerak.
Murosasizlik
Kechuvda otlar alishtirilmaydi, deyishadi. Ammo Barak Obama aksincha yo‘lni tutdi: «Amerikaga yangilanishlar kerak!» degan shior bilan hukumatga kelgan prezident tashqi siyosatda o‘zgarishlar qilishga urindi, eski ma’muriyatda ishlagan nufuzli arboblar bahridan o‘tdi, oldingi prezidentdan meros bo‘lib qolgan keskin siyosat yo‘lidan voz kechdi.
Amerika maxsus xizmati tomonidan qiynoqlar qo‘llanilgani, xususan, Guantanamo qamoqxonasi ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘layotgandi. Shu sababli, Obama prezidentlikning ilk kunlariyoq Kubadagi Guantanamo qamoqxonasini bir yil davomida yopish haqida buyruq chiqardi. Bundan bir oy muqaddam esa terrorizmga aloqadorlikda gumon qilingan mahbuslardan ko‘rgazma olish uchun prezident Bush davrida qiynoqlar qo‘llanilganini ko‘rsatuvchi hujjatlar oshkor etildi. Endilikda o‘nlab mahbuslar oqlanib, ozod bo‘lishi kutilmoqda. Ammo hibsxonada saqlanayotgan 245 ta mahbusning taqdiri yuzasidan jiddiy diplomatik ziddiyatlar ham chiqishi mumkin.
Muqoyasa
Iroq va Afg‘oniston muammosi hali ham jiddiyligicha qolmoqda. Barak Obama saylovoldi kampaniyasi paytida qisqa muddatda AQSh qo‘shinlari Iroqdan olib chiqilishiga va’da bergandi. Prezidentlikka saylanganidan keyin u Amerikaning Iroqdagi jangovar harakatlari rasman 2010 yilning avgustida nihoyasiga yetishini ma’lum qildi. Oq uy ma’muriyati rejasiga bo‘yicha Iroqdagi 142000 askarning asosiy qismi ko‘rsatilgan muddatda vataniga qaytariladi. 50000 nafari esa 2011 yilning oxiriga qadar qolib, Iroq qurolli kuchlariga ko‘mak berib turadi.
Barak Obamaning Afg‘oniston bo‘yicha strategiyasi birmuncha farq qiladi. Demokrat prezident Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun qo‘shimcha 17 ming askar va mahalliy xavfsizlik kuchlari tayyorgarligini yaxshilash uchun 4 ming mutaxassis yuborishni rejalashtirgan.
Sir emas, sobiq prezident Jorj Bush tashqi siyosat borasida ko‘p jihatlarni boy berdi. Terrorga qarshi kurash da’vosi bilan amalga oshirilgan keskin choralar, Eron va Shimoliy Koreya bilan boshi berk ko‘chaga kirib qolgan muzokaralar, Rossiya bilan sovuqlashib ketgan munosabatlar… Endilikda eski ma’muriyatdan meros shu kabi siyosiy chigalliklarni yechish zarur.
Muzokara
Oxirgi uch oy davomida Oq uyning tashqi siyosatida yumshash va ilish ro‘y bermoqda, Amerika oldingi yakkahukmronlik g‘oyasidan chekinayotgani kuzatilmoqda. Shu ma’noda, yetakchi tahlilchilar ham Amerika imperiyacha kayfiyatdan voz kechayotganiga e’tibor qaratmoqdalar. Buni Vashingtonning Moskva bilan munosabatida ham ko‘rish mumkin.
Barak Obama prezidentligi davrida Rossiya bilan taranglashib ketgan aloqalar yumshadi. Vashington ma’muriyati mavjud aloqalarni tubdan qayta isloh etish taklifi bilan chiqdi. Obama Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev bilan uchrashib, xalqaro siyosatga oid muhim masalalarda ilk marta fikr almashdi. O‘tgan yilning avgustida Kavkazda ro‘y bergan hodisalar, Polsha va Chexiyada raketaga qarshi mudofaa tizimini tashkil etish yo‘lidagi urinishlar yoki NATO sarhadlarining kengayib borayotgani Oq uy va Kreml o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir etgandi. Albatta, ikki prezidentning birgina uchrashuvi bilan uzoq muddat davomida ildiz otgan ixtiloflarni bartaraf etish imkonsiz. Ammo kurolsizlanish, raketaga qarshi himoya tizimi, moliyaviy inqiroz borasida dastlabki ochiq muzokaralarning boshlanganining o‘ziyoq ijobiy baholanmoqda. Musibat raqiblarni ham birlashtiradi. Bu gal ham og‘ir musibat – moliyaviy inqiroz ikki yirik davlatni bir yoqadan bosh chiqarib harakatlanishga undamoqda.
Barak Obama o‘tgan uch oy ichida Amerikaga qarshi keskin chiqishlari ila nom qozongan Venesuela prezidenti Ugo Chaves bilan uchrashdi, avvallari dushman davlatlar ro‘yxatiga tirkalgan Eron va Kuba bilan muzokaralarni boshladi. Bu esa yangi ma’muriyatning murosa siyosatidan dalolat berayotgandek.
Munosabat
Tahlillarga ko‘ra, Barak Obamaning dastlabki uch oy ichidagi reytingi yomon emas: mamlakatning 63 foizi aholisi amaldagi davlat rahbarini qo‘llab-quvvatlashini bildirmoqda. Og‘ir kunlarni boshidan kechirayotganiga qaramay, ko‘pgina amerikaliklar Obamaga umid bilan qarashyapti. Ular bu qadar katta muammolarni hal qilish uchun vaqt kerakligini tushunishlarini ham aytishgan.
Lekin kuzatuvchilar amerikaliklarning prezident Obamaga xayrixohligi, ishonch va umidlari har doim ham barqaror bo‘lavermasligini eslatadilar. Negaki, inqirozli holatda demokratlar yetakchisiga o‘z ishonchini bildirgan xalq iqtisodiy ahvol yaxshilanmasa, hafsalasi pir bo‘lishi ham hech gap emas.
Muxolifat
Besh qo‘l barobar bo‘lmaydi. Siyosiy yetakchi ham jamiyatdagi barcha toifaning ko‘ngliga yo‘l topa olishi imkonsiz. Tabiiyki, amerikaliklar orasida Barak Obamaning ichki va tashqi siyosatini salbiy baholayotganlar ham topiladi. Xususan, demokratlarga muxolif bo‘lgan respublikachilar Obamaning barcha sa’y-harakatlarini, inchunin, inqirozdan chiqish rejasini qattiq tanqid ostiga olmoqdalar. Ularning ta’kidlashlaricha, moliyaviy tizimni rivojlantirish uchun ajratilayotgan milliardlab dollar pullar kelgusi avlod bo‘yniga og‘ir yuk bo‘lib tushadi.
Muxolifat Obamani Amerikada sotsializm o‘rnatishga harakat qilayotganlikda ayblamoqda. Amaldagi ma’muriyatning iqtisodiy tizimda nazoratni kuchaytirayotgani ham olqish bilan kutib olinayotgani yo‘q.
Konservativ kayfiyatdagi siyosatchilar Obamaning tashqi siyosatini ham ma’qullashmayapti. Ularning nazdida, dushman davlatlar bilan munosabat o‘rnatish, qiynoqlarga oid maxfiy hujjatlarni oshkor etish, Guantanamo qamoqxonasidagi mahbuslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni dunyoga «dasturxon qilish» milliy xavfsizlikka ziyon keltiradi.
Muddao
Amerikada prezidentlikning 100 kunligi degan tushuncha aslida mamlakatning 32chi rahbari Franklin Delano Ruzvelt davrida shakllangan. Ruzvelt prezidentlikka kelgan 1933 yilda ham okeanorti davlati chuqur iqtisodiy tanazzulni boshdan kechirayotgandi. O‘shanda Ruzvelt prezidentlikning ilk 100 kunida zalvorli muammolarni yengillatishga va’da bergandi. O‘z prezidentligi davrida Franklin Ruzvelt so‘zi ustidan chiqdi, maqsadiga erishdi. Mamlakatni inqirozdan olib chiqdi va Amerikani iqtisodiy jihatdan qudratli davlatlardan biriga aylantirdi.
Tarixning qaytarilishini ko‘ringki, oradan chorak kam bir asr o‘tib, Amerikaning boshqa bir prezidenti xuddi ana shunday holatga tushdi, jahon moliyaviy inqirozi bilan yuzma-yuz bo‘ldi. Bir tomonda, tashqi siyosatga doir «yonib turgan» muammolar, ikkinchi tomonda, iqtisodiy mushkulotlar… Alqissa, Barak Obama oldida ikki frontda jang qilishdek mushkul vazifa ko‘ndalang turibdi. Bu esa, xamirdan qil sug‘urgandek oson kechmasligi turgan gap.
Sobirjon Yoqubov