Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumatining COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli global chora-tadbirlari doirasida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonga qo‘shimcha 2,5 million dollar ajratdi. Shu tariqa, O‘zbekistonning COVID-19ga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga AQSh hukumatining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shgan umumiy hissasi 16 million dollardan oshdi, deb xabar beradi AQSh elchixonasi matbuot xizmati.
USAID ushbu qo‘shimcha mablag‘ni dori vositalari sifatini ta’minlash va mamlakatda vaktsinaga nisbatan ishonchsizlikni bartaraf etish uchun yuqori darajadagi texnik yordam ko‘rsatishga sarflaydi.
“O‘zbekistonda to‘liq emlanganlar soni asta-sekin o‘sib bormoqda. Ammo pandemiya hali tugamadi – virus butun mamlakat bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda va yangi variantlar global miqyosda doimiy xavf tug‘dirmoqda. Pandemiyaga barham berish barchaning xavfsizligini ta’minlash, hayotlarni saqlab qolish va global iqtisodiyotni tiklash uchun juda muhim”, – dedi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit.
Pandemiya boshlanganidan beri USAID O‘zbekiston hukumati bilan bir qator yo‘nalishlarda keng ko‘lamli hamkorlik qilib keldi. Bunga test sinovlari o‘tkazish uchun milliy laboratoriya tizimlarini mustahkamlash; laboratoriya va sog‘liqni saqlash muassasalarida infektsiyaning oldini olish va nazorat qilish; diagnostika salohiyatini kuchaytirish, COVID-19 kuzatuvini va tezkor javobni oshirish; kasallik yuqtirganlarni davolashni takomillashtirish; shuningdek, aholining COVID-19 haqida xabardorligini oshirish, jamoatchilikni jalb qilish va ko‘ngillilarni safarbar etish kabilar misol bo‘ladi.
COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, USAID O‘zbekiston hukumati bilan mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy savdoni kengaytirish, cil va boshqa salomatlik tahdidlariga qarshi kurashish, erta ta’lim bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi ehtiyojlariga javob berishda hukumat salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.