Memorandum imzolash marosimi. Foto: AQSh elchixonasi
7 noyabr kuni Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC), AQSh Sog‘liqni saqlash va jamoatchilikka xizmat ko‘rsatish departamenti hamda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Toshkent tibbiyot akademiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Soha bo‘yicha ta’lim va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiluvchi hujjatni imzolash marosimida AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum ishtirok etdi.
“CDC va O‘zbekistonning nufuzli tibbiyot akademiyasi o‘rtasida memorandum imzolanishi O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida sog‘liqni saqlash va salomatlik printsiplarini ilgari surishda rivojlanib borayotgan hamkorlikning yorqin namunasidir”, – dedi AQSh elchisi.
O‘tgan ikki yil ichida SDC’ning O‘zbekistondagi idorasi Toshkent tibbiyot akademiyasiga “Xalqaro tadqiqotlar va tibbiyotda axloqiy me’yorlar” nomli o‘quv dasturi ishlab chiqishda texnik ko‘mak berdi. Ushbu loyiha doirasida atlantalik mutaxassislar bir guruh katta ilmiy xodimlar uchun xalqaro tadqiqot va axloq normalariga rioya qilish bo‘yicha trening o‘tkazdi. Yangi ishlab chiqilgan o‘quv dasturidan esa Toshkent tibbiyot akademiyasi va uning mamlakatdagi sakkizta filialidagi 50 ta magistrlik kursida foydalaniladi.
CDC va Tibbiyot akademiyasi o‘rtasidagi bunday hamkorlik pirovardida O‘zbekistonning ilmiy tadqiqot salohiyatini rivojlantirish, ikki mamlakat uchun muhim bo‘lgan dasturlar ishlab chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda olimlarga xalqaro miqyosda ilmiy tadqiqot olib borish va natijalarni nashr etishga imkon beradi.
CDC bosh qarorgohi. Atlanta, Jorjiya. Foto: “Reuters”
Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (Centers for Disease Control and Prevention, CDC) sog‘liqni saqlash sohasidagi federal idora sanaladi. Qarorgohi Atlanta shahrida joylashgan muassasa tizimida 15 mingga yaqin xodim faoliyat yuritadi. Markaz nafaqat AQSh, xalqaro miqyosda ham kasalliklarga qarshi kurashda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.