AQSh elektr energiyasi bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirmoqda

Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy Osiyo mintaqaviy elektr energiyasi bozori (CAREM) kontseptsiyasi va istiqbollariga qaratilgan ikki kunlik seminarni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar beradi.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) shafeligida o‘tkazilgan anjumanda Markaziy Osiyoning beshta mamlakatidan kelgan energetika sohasi vakillari ishtirok etib, so‘nggi o‘zgarishlar va ayni paytdagi ustuvor vazifalar haqida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi. Xalqaro ekspertlar esa elektr energiyasi bozorida boshqa mintaqalarda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan eng yaxshi loyihalar xususida taqdimot o‘tkazishdi.

“Mintaqaviy elektr energiyasi bozori nafaqat Markaziy Osiyo xalqlari ehtiyojini qondirish uchun arzon energiya bilan ta’minlaydi, balki u kelgusidagi iqtisodiy o‘sish, energiya xavfsizligi va ijtimoiy taraqqiyot uchun ham zamin yaratadi. Bunday muhit mintaqaviy savdo-cotiqni osonlashtirib, chet el investitsiyasini jalb qiladi”, dedi tadbirda so‘zlagan AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum.

Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika vazirliklari va kompaniyalarining yuqori lavozimli vakillari, Xalqaro moliya muassasalari va soha ekspertlari mintaqada elektr energiyasi savdosini kuchaytirishni o‘z oldiga maqsad qilgan ushbu tadbirda ishtirok etdi.

Anjuman yakunida qayd etilishicha, mintaqaviy hamkorlik iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni yanada kuchaytiradi, energetika sohasiga sarmoyalarni jalb etadi hamda ishonchli va xavfsiz elektr ta’minotini kafolatlaydi.

USAIDning Markaziy Osiyo mintaqaviy elektr energiyasi bozori (CAREM) loyihasi 2018 yili tashkil etilgan bo‘lib, mintaqa energetika xavfsizligi va iqtisodiy o‘sishga yordam berish, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida arzon elektr energiyasiga yo‘l ochuvchi platforma sanaladi. Uning asosiy maqsadi barcha mamlakatlar uchun adolatli va izchil bitimlar, ishlash qobiliyatining umumiy andozalari,  haqqoniy va hamyonbop narxlar hamda raqobatdosh narxlardagi elektr energiyasidan foydalana olishni ta’minlovchi birlashgan energetika bozorini yaratishdan iboratdir.

USAID  dunyodagi yetakchi xalqaro rivojlanish agentligi va o‘zgarishlarga turtki beruvchi tashkilotdir. U o‘z faoliyatida AQSh milliy xavfsizligi va iqtisodiy farovonlikni ilgari suradi, Amerika saxovatini namoyish etadi hamda o‘ziga bo‘lgan ishonch va barqarorlikni ta’minlashga yo‘l ochadi.

Shu mavzudagi maqolalar:

USAID O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi. 25.01.2018

USAID 15 mamlakat olim va tadqiqotchilarini Toshkentda yig‘di. 13.12.2017