30 iyul – Odam savdosiga qarshi kurashish umumjahon kuni munosabati bilan Toshkentning “Brodveyi”da – Sayilgoh ko‘chasida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha idoralararo komissiya va Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) axborot kampaniyasi o‘tkazdi. Tadbirda AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum ham qatnashdi.
“Zamonaviy qullik yoki odam savdosi deb ham nomlanuvchi ushbu illat eng asosiy inson huquqlari, jumladan, hayot, erkinlik va xavfsizlikka bo‘lgan huquq, qullik va tobelikdan ozod bo‘lish huquqi, qiynoq va shafqatsiz yoki kamsituvchi munosabatdan ozod bo‘lish huquqi hamda adolatli va qulay sharoitlarda ishlash huquqlarini poymol etadi. Shu sababli Qo‘shma Shtatlar odam savdosiga qarshi global kurashni o‘z siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirdi”, – dedi elchi Rozenblyum o‘z kirish so‘zida.
AQSh diplomati erkaklar, ayollar va bolalarning ekspluatatsiya qilinishiga qarshi faol ish olib borayotgan hukumat va nodavlat sektoridagi barcha hamkorlarga sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.
“O‘zbekiston so‘nggi bir necha yil davomida odam savdosiga qarshi kurashda sezilarli yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, bu kampaniyani yanada mustahkamlash va odam savdosiga umuman barham berish salohiyati mavjud”, – deb ta’kidladi AQSh elchisi D.Rozenblyum.
Xalqaro tashkilotlar ma’lumotiga ko‘ra, jahonda har yili taxminan 3 milliondan ortiq kishi odam savdosi qurboniga aylanmokda. Yiliga 600 mingdan 800 minggacha ayollar va bolalar turli aldov yo‘llari bilan chet ellarga olib ketilib, ekspluatatsiya qilish maqsadida sotib yuborilmoqda. Jinoiy guruhlar uchun ham odam savdosi juda katta daromad manbai bo‘lib qolmoqda.
BMT 2013 yilda odam savdosi qurbonlari haqida xabardorlikni oshirish va ularning huquqlarini targ‘ib qilish va himoyalash maqsadida 30 iyulni “Odam savdosiga qarshi kurashish umumjahon kuni” deb e’lon qilgan.
Qo‘shma Shtatlar 2002 yildan buyon O‘zbekistonning odam savdosiga qarshi kurash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlab keladi. O‘tgan to‘rt yil davomida USAID, XMT amalga oshirgan “Qadr-qimmat va huquqlar” dasturi orqali va O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda 1541 nafar odam savdosidan jabr ko‘rgan shaxs, muhojir va migratsiya sharoitida zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berdi. 67 ming dan oshiq kishi, yordamga muhtoj aholi, shu jumladan, talabalar va migrantlar axborot kampaniyalarida ma’lumot va maslahat oldi.
Shu mavzudagi maqola:
AQSh silga qarshi kurash dasturi doirasida O‘zbekistonga 730 ming dollarlik uskunalar taqdim etdi. 19.07.2019