Amerika ertak va afsonalari ilk bor o‘zbek tilida chop etildi

AQShning Toshkentdagi elchixonasi o‘zbekistonlik hamkorlari bilan “Amerika ertak va afsonalari” kitobini o‘zbek tilida chop ettirdi. Bu  haqda elchixona matbuot xizmati xabar beradi.

Rangli rasmlar bilan bezatilgan to‘plamga hayvonlar, qushlar, arvohlar va ko‘plab boshqa qiziqarli personajlar haqidagi 60 dan ortiq kichik hikoya kiritilgan bo‘lib, ular www.americanfolklore.net saytidan olingan. Kitob Toshkentdagi “Baktria Press” nashriyotida bosildi.

O‘zbekistonda kitob o‘qish madaniyatini, xususan, yoshlar orasida, ommalashtirish bo‘yicha talay sa’y-harakatlar qilinmoqda. Ko‘plab kitobxonlar Ernest Heminguey, Teodor Drayzer, Mark Tven kabi amerikalik klassiklar va ularning asarlari bilan tanish bo‘lsa-da, yoshlar Amerika adabiyotidan unchalik xabardor emas. AQSh elchixonasi ushbu kitobni bevosita ingliz tilidan tarjima qilgan holda chop ettirish orqali yosh o‘quvchilarga mo‘ljallangan kitoblar nashrini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

“Amerika ertak va afsonalari” O‘zbekistondagi kutubxonalar va maktablarga tarqatiladi. Uni Toshkentdagi Amerika markazi va Milliy kutubxonada joylashgan “AQShga daricha” xonasidan ham topish mumkin. Elchi Daniel Rozenblyum va amerikalik ingliz tili o‘qituvchilari bu kitobni talaba va o‘quvchilar davrasida o‘qib, kitob, adabiyot va mutolaaning ahamiyati xususida suhbatlashadi.

AQSh elchixonasi avvalroq noshirlik yo‘nalishida “Amerika hikoyalari”, “O‘zbekistonning ikki rivoyati” va “Raqqosa Ayiqxonim” kabi kitoblarni o‘zbek tilida chop ettirgan.