«Qora qit’a»dan boshlangan an’ana
Bugun 3 may — Jahon matbuot erkinligi kuni. Bu sanada butun sayyoramizda «to‘rtinchi hokimiyat» egalari matbuot va so‘z erkinligi bayramini tantana qiladilar. Ushbu kunda dunyo miqyosida ulkan tadbirlar o‘tkaziladi, OAV erkinligi jabhasida erishilgan yutuqlar, bu boradagi to‘siq va muammolar muhokama etiladi, bir so‘z bilan aytganda, 3 may kuni matbuot erkinligi sarhisobi amalga oshiriladi.
Ayni sana bahonasida tayyorlanayotgan kichik sarhisobni boshlashdan avval Jahon matbuot erkinligi kuni tarixi xususida ikki og‘iz.
1991 yilning 3 mayida Namibiyaning Vindxuk shahrida matbuot erkinligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro anjumanda Afrika davlatlari gazeta-jurnal muharrirlari dunyo hukumatlarini OAV erkinligini ta’minlashga, jurnalistlarning haqiqatni yuzaga chiqarish yo‘lidagi chiqishlariga toqatli bo‘lishga da’vat etishdi. Uchrashuv so‘nggida matbuot erkinligi to‘g‘risida Deklaratsiya imzolandi. Oradan ikki yil o‘tgach, 3 may BMT tomonidan Jahon matbuot erkinligi kuni, deb e’lon qilindi. Shu-shu «qora qit’a»dan boshlangan xayrli tadbir dunyo miqyosidagi xalqaro bayramga aylandi. Mana 13 yildirki, 3 may butun jahonda matbuot erkinligi kuni sifatida nishonlanadi.
«To‘rtinchi hokimiyat» uchun xavfli davlatlar
Virjiniyada jurnalistlar memorial yodgorligi joylashgan. Ushbu yodgorlik xotira lavhiga 3 may — Jahon matbuot erkinligi kuni arafasida har yili an’anaviy ravishda o‘z kasbiy burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlarning nomlari kiritiladi. Mutaxassislar e’tirofiga qaraganda, 2005 yil demokratiya posbonlari — ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun xavf-xatarlarga boy sana bo‘ldi: Virjiniyadagi yodgorlik lavhiga 58 nafar mard va jasur jurnalistning ism-sharifi qayd etildi…
Jadvaldan ko‘rib turibsizki, ko‘p yillardan beri sayyoramizning «olovli nuqtasi» bo‘lib turgan Yaqin Sharq mintaqasi jurnalistlar faoliyati uchun ham xatarli hudud sifatida qolmoqda. Xususan, uch yildan buyon urush holatini boshdan kechirayotgan Iroqdagi to‘qnashuv va tartibsizliklar OAV xodimlariga ham og‘ir keldi: bir yil ichida mamlakatda 22 nafar mahalliy va chet el jurnalistlari halok bo‘ldi. Jurnalistlar hayotiga zomin bo‘layotgan boshqa davlatlardagi holat haqida ko‘p to‘xtalib o‘tmoqchi emasmiz. Faqat fidoyi hamkasblarning shonli tarixidan yana bir raqamni keltirib o‘tmoqchimiz: o‘tgan bir asr ichida, aniqrog‘i, 1812-2006 yillarda dunyo miqyosida 1606 nafar jurnalist o‘z kasbiy burchini ado etish chog‘ida qurbon bo‘ldi…
«Stop jailing journalists!»
Bu inglizchadan tarjima qilganda, «Jurnalistlarni qamash to‘xtatilsin!» degani. Ayni paytda Jahon gazetalar assotsiatsiyasi OAVni himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda shu nomdagi aktsiyani o‘tkazmoqda. Aktsiya tashkilotchilari jurnalistlardan ko‘p narsa talab qilishmaydi: bor-yo‘g‘i OAV xodimlarini hibsga olish bilan bog‘liq holat yuzaga kelganda, hamkasblar hayotiga befarq bo‘lmaslik va axborot ko‘magi ko‘rsatish so‘raladi, xolos.
Xalqaro tashkilotlar «Jurnalistlarni qamash to‘xtatilsin!» deya bong urayotgani bejiz emas. Sababi, OAV vakillarini hibs qilish bilan bog‘liq tahlillar xavotirli raqam va xulosalarni keltirib chiqarmoqda.
2005 yil yakuniga ko‘ra, dunyo mamlakatlari qamoqxonalarida 788 nafar jurnalist hibsda saqlangan. Har yilgiday Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrika davlatlari bu borada yetakchi o‘rinda turibdi. Monarxiya tuzumida yashayotgan Nepal davlati «to‘rtinchi hokimiyat» vakillarini hibsga olish borasida o‘ziga xos «rekord» o‘rnatdi: mana shu birgina mitti davlatda 400 ga yaqin jurnalist mahkumlikda saqlanyapti. Bundan tashqari, qoloq va notinchlikda hayot kechirayotgan Afrika davlatlari — Efiopiya (35 nafar OAV xodimi hibsda) hamda Kongo Demokratik Respublikasi (27), an’anaviy jamiyat sifatida baholanadigan Eron (28), fuqarolar urushi ostonasiga kelib qolgan Iroq (21), dunyoning barmoq bilan sanarli kommunistik mamlakatlaridan biri Kuba (16), xalqaro hamjamiyat tomonidan diktatorlik rejimi ostida deb tanqid qilinayotgan Belorus (14) «to‘rtinchi hokimiyat»ga qarshi kayfiyatdagi hukumatlar ro‘yxatida yetakchilik qilmoqda.
Tahlilchilar fikricha, turli bahonalar bilan hibsga olingan va ozodlikdan mahrum etilgan jurnalistlar ko‘p hollarda yuqori mansabdorlar buyurtmasi qurboni bo‘lmoqdalar. Ya’ni, ular biror bir aniq jinoyat sababli emas, aksariyat hollarda siyosiy faoliyatlari uchun hibs qilinmoqdalar.
Umuman, o‘tgan yaqin yillar demokratiya posbonlari uchun xavf-xatarlarga boy davr bo‘ldi. Dunyoning u yoki bu nuqtasida ro‘y bergan to‘qnashuvlar, rang-barang inqiloblar, hukumat uchun kurashlar paytida ko‘plab jurnalistlar aziyat chekdi, qurbon bo‘ldi. Bu, bir tomondan, demokratiyani qaror toptirish, matbuot erkinligini ta’minlash qurbonlarsiz bo‘lmaydi, degan xulosani yana bir bor yodga soladi. Boshqa tomondan, matbuot va so‘z erkinligi demokratik qadriyat sifatida tan olingani va bu milliy, hatto xalqaro huquq me’yorlarida mustahkamlanganiga bir asrdan oshiq vaqt o‘tganiga qaramay, «to‘rtinchi hokimiyat»ga qarshi kayfiyat tobora kuchayib borayotgani kishini o‘yga toldiradi…
«Gilermo Kano» kimga nasib etdi?
3 may kuni katta ijodiy mahorat va jasorat ko‘rsatgan jurnalistlarga Gilermo Kano nomidagi xalqaro mukofot topshirish ham an’anaga aylanib qolgan.
Gilermo Kano — kolumbiyalik jurnalist, «El-Espektador» gazetasida e’lon qilgan korruptsiya va narkosavdo to‘g‘risidagi o‘tkir maqolalari bilan tanilgan. Kanoning qonun panasidagi asl jinoyatchilarni fosh qilish yo‘lidagi harakatlari jinoiy to‘dalarga ma’qul kelmadi: qo‘rqmas jurnalist 1986 yilda o‘ldirildi.
Ana shu fidoyi jurnalist nomi bilan ataluvchi mukofotga YuNESKO tomonidan 1997 yilda asos solingan. O‘tgan yillar davomida ushbu mukofotga Gao Yu (matbuot erkinligi yo‘lida kurashgani uchun Xitoyda «xalq dushmani» deb e’lon qilingan va ko‘p yillar mahkumlik hayotini boshdan kechirgan), Kristina Anianvu (Nigeriya hukumati yuqori mansabdorlarini tanqid qilgani uchun hibsga olingan), Yesus Blankornelas (Meksikada keng tarqalgan narkotik moddalar savdosi mavzusida ilk jurnalist tekshiruvlarini olib borgan), Nizor Nayuf (Suriyada nashr etiladigan «Demokratiya ovozi» gazetasiga muharrirlik qilgan jurnalist yuqori mansabdorlar bilan kelisholmagani sababli uzoq yilga ozodlikdan mahrum etilgan), U Vin Tin (Birmada chop etilgan «Xantavati» kundalik gazetasi muharriri, muxolifatdagi partiya yetakchisi, siyosiy faoliyati uchun 1989 yildan buyon qamoqda saqlanmoqda) kabi yetakchi jurnalistlar sazovor bo‘lishdi. 2006 yilgi «Gilermo Kano» mukofoti esa livanlik jurnalist May Chidiakka nasib etdi. LBC telekompaniyasi xodimi bo‘lgan Chidiak xonim 2005 yilning sentyabrida televideniye uchun reportaj tayyorlash chog‘ida portlash natijasida bir qo‘li va oyog‘idan mahrum bo‘lgandi. YuNESKOning yuqori darajadagi hay’ati xizmat vazifasini bajarish paytidagi ayollarga xos bo‘lmagan jasorati uchun livanlik taniqli telemuxbirni 2006 yilning eng yaxshi jurnalisti deb tan oldi.
Sobirjon Yoqubov