2021 yilda O‘zbekistondan Turkiyaga sayohatga borganlar soni rekord darajada o‘sdi

O‘zbekiston 2021 yilda Turkiyaga borgan sayyohlar soni bo‘yicha SOVID-19 pandemiyasigacha bo‘lgan ko‘rsatkichdan yuqorilagan uch davlatdan biri bo‘ldi. Bu haqda Turkiya madaniyat va turizm vazirligining 2021 yilda mamlakatga kelgan xorijiy sayyohlar soni haqidagi ma’lumotlarida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, 2021 yilda Turkiya 30 milliondan ziyod xorijlik sayyohni qabul qilgan. O‘zbekiston esa o‘tgan yil davomida Turkiyaga borgan sayyohlar soni bo‘yicha Ukraina va Birlashgan Arab Amirliklari bilan birga SOVID-19 pandemiyasigacha bo‘lgan 2019 yildagi ko‘rsatkichlardan yuqorilagan uch davlatdan biriga aylandi. 2019 yilda Turkiyaga 252 ming 138 nafar, 2020 yilda 102 ming 598 nafar O‘zbekiston fuqarosi borgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 272 ming 604 nafarni tashkil etdi.

O‘tgan yili O‘zbekistondan Turkiyaga borganlar soni shu vaqtgacha qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Bunda Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi madaniyat va turizm maslahatchiligining ham o‘rni katta hisoblanadi.

Avval xabar berganimizdek, Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy “A Haber” teledasturi jonli efirida turizm bo‘yicha bugungi holat va yaqin istiqboldagi rejalar bilan o‘rtoqlashgan edi.