Yakuniga yetayotgan 2019 yilda O‘zbekiston ilm, fani va madaniyati bir nechta arboblaridan ayrildi. Ziyouz.uz portali ushbu yilda vafot etgan o‘zbekistonlik davlat va jamoat arboblari, ziyolilarni xotirlaydi.
Po‘lat Saidqosimov (1931-2019)
Po‘lat Saidqosimov 1931 yil 8 oktyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq artisti (1979). «El-yurt hurmati» ordeni b-n mukofotlangan (2001).
Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1954). 1954— 57 y.lar H.Olimjon nomidagi Samarqand teatrida, 1957 yildan Hamza (hozirgi O‘zbek milliy akademik drama) teatrida aktyor.
«Xolisxon»dagi Rustam S.ning sahnada yaratgan ilk obrazidir. Po‘lat (O. Yoqubov, «Yurak yonmog‘i kerak»), Abdullatif («Mirzo Ulug‘bek»), Ilyos (Ch. Aytmatov, «Sarvqomat dilbarim»), Edgar (U. Shekspir «Qirol Lir»), Karimjon (A.Qahhor, «Ayajonlarim»), Salimboyvachcha (Oybek, «Qutlug‘ qon»), Avrangzeb (Uyg‘un, «Zebunniso»), Sobirov (I. Sulton, «Imon»), Sag‘diyev (O. Abdullin, «O‘n uchinchi rais»), Zargarov (A. Muxtor, «Saxro tor»), Bobo (U. Azim, «Bir kadam yo‘l») kabilar teatrda yaratgan eng yaxshi rollaridir.
Kinoda Mahkam («Muhabbat mojarosi»), Beruniy («Abu Rayhon Beruniy»), Zavqiy («Olovli yo‘llar»), G‘afurov («Ilondan saqlan»), Ilyos ota («Tong otguncha») va b.; telefilmda Otaqo‘zi («Diyonat»), Mirzakarimboy («Qutlug‘ qon»), Muhammad chatoq («Girdob»), Cherkashin («Ichkuyov»), To‘g‘onbek («Alisher Navoiy»), Abdullatif («Ulug‘bek xazinasi») kabi bir qancha rollarni ijro etgan.
Husniddin Hamidov (1935-2019)
Husniddin Hamidov 1935 yil 5 yanvarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida tug‘ilgan. Qoraqalpoq pedagogika institutida tahsil olib, 1967 yilda nomzodlik, 1991 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
1994 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir-a’zosi, 2000 yilda haqiqiy a’zosi etib saylangan.
Olim o‘zining qariyb 60 yildan ziyod ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, bo‘lim mudiri, Qoraqalpoq davlat universitetida professor, kafedra mudiri vazifalarida samarali mehnat qildi va qoraqalpoq tilshunosligi sohasidagi dolzarb masalalarni ilmiy tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shdi.
Til tarixi bo‘yicha chuqur izlanishlar olib borgan, qadimiy qo‘lyozmalar ilmiy tavsifini yaratgan olimning «Qoraqalpoq tili tarixi ocherklari», «Eski qoraqalpoq tilining yozma yodgorliklari», «Berdaq qo‘lyozmalari merosi» kabi monografiyalarida qoraqalpoq adabiy tili normalarining shakllanishi muammolari eski o‘zbek adabiy tili bilan uzviylikda ochib berilgan.
Mahmud Sa’diy (1939-2019)
Mahmud Sa’diy 1939 yil Samarqand viloyatining Narpay tumanida tug‘ilgan. Maktabni tamomlaganidan keyin hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti filologiya fakultetining jurnalistika bo‘limida tahsil oldi.
“Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, “Guliston” jurnalida katta adabiy xodim, bo‘lim mudiri. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida bo‘lim mudiri, “Ma’rifat” gazetasida maxsus muxbir, sharhlovchi, bo‘lim muharriri vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan. Jahon tillari universitetida yoshlarga dars bergan.
Mahmud Sa’diy o‘ziga xos muharrirlik maktabi yaratgan tajribali ijodkor, iqtidorli munaqqid va ko‘zga ko‘ringan tarjimondir. O‘zbek adabiyotining eng dolzarb muammolari tahliliga bag‘ishlangan ko‘plab maqola va tadqiqotlari orasida uning adabiy-tanqidiy maqolalar va suhbatlarni o‘z ichiga olgan “Teran tomirlar” kitobi alohida ajralib turadi. U O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari uchun “Tahrir san’ati” o‘quv dasturini yaratdi. Zabardast muharrirning ijodiy faoliyati haqida esa “Qadr” nomli to‘plam nashr etilgan.
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 15 yil” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan. “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofotini qo‘lga kiritgan.
Omonulla Madayev (1942-2019)
Omonulla Madayev 1942 yilning 20 mayida Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1964 yil Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. 1958 yil Toshkent shahar 1- sonli maktab-internat o‘qituvchisi, 1964 yil Toshkent shahar 82-sonli o‘rta maktab o‘qituvchisi, 1966 yil ToshDU O‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasida ishlagan, 1982 yildan Toshkent davlat universitetining o‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasida dotsent lavozimida faoliyat olib borgan.
1973 yil “Xorazm xalq dostonlarining o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Ko‘plab ilmiy va uslubiy ishlar muallifi, xususan, “Insho qanday yoziladi?” (1989), 7, 9-sinflar uchun “Vatan adabiyoti” darsligi muallifi.
Omonulla Madayevning «Alpomish bilan suhbatlar» (1998), «Xalq og‘zaki poetik ijodi» (2001, 2003) asarlari keng ilmiy jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘lgan. U «Do‘stlik» ordeni, «O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi» unvonlariga sazovor bo‘lgan.
Komiljon Rahimov (1946-2019)
Komiljon Rahimov 1946 yil 23 fevralda Urganchda tavallud topgan. 1969 yilda Toshkent elektrotexnika aloqa institutini tamomlagan, 1969−1971 yillarda Baykal orti harbiy okrugida harbiy xizmatni o‘tagan, 1971 yildan 1976 yilgacha Urganch telefon aloqa uzeli bosh muhandisi lavozimidan Xorazm viloyati pochta-telegraf aloqa uzeli boshlig‘i lavozimigacha bo‘lgan mehnat yo‘lini bosib o‘di.
Komiljon Rahimov 10 yil davomida — 1985−1995 yillar davomida O‘zbekiston Aloqa vaziri lavozimida, 1995 -1998 yillar davomida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari sifatida mehnat qilgan.
Nafaqaga chiqquniga qadar Komiljon Rahimov «O‘zbekiston pochtasi» kompaniyasi bosh direktori va «Kamalak-TV» bosh direktori maslahatchisi lavozimlari faoliyat ko‘rsatgan.
Tohir Malik (1946-2019)
Tohir Malik (Hobilov Tohir Abdumalikovich) 1946 yil 27 dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining kechki jurnalistika fakultetini tugatgan (1969). Quruvchi (1963—64), maktabda o‘qituvchi (1965—66) bo‘lib ishlagan. «Lenin uchquni» gazetasi, «Guliston» (1975—78), G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda muharrir (1981—82), «Cho‘lpon» nashriyotida bosh muharrir (1985—87), «Sharq yulduzi» (1982—85), «Yoshlik» (1989—91) jurnalilarida adabiy xodim, mas’ul kotib, bosh muharrir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida kotib (1988—90) bo‘lib ishlagan.
Birinchi yirik asari — «Hikmat afandining o‘limi» (1972). «Zaharli g‘ubor» (1974), «Falak» (1975), «Somon yo‘li elchilari» (1978), «Chorrahada qolgan odamlar» (1982), «Bir ko‘cha, bir kecha» (1983), «Alvido, bolalik» (1989), «So‘nggi o‘q» (1990), «Ov» (1995) kabi ilmiy-fantastik, sarguzasht qissalari mashhur. «So‘nggi o‘q» qissasi asosida 7 qismli telefilm (1994) yaratilgan. «Qaldirg‘och» (1987) epik asari Abdulla Avloniy taqdiri misolida 20-yillar o‘zbek ziyolilarining shakllanishi haqida bahs yuritadi.
«Shaytanat» romani (1-kitob, 1992; 2-kitob, 1995; 3-kitob, 1997; 4-kitob, 2000; 5-kitob, 2011) Tohir Malikning yirik asarlaridan. Asar asosida ko‘p seriyali telefilm yaratildi. Romanda turli qiyofadagi zamondoshlarimizning obrazlari yorqin lavhalarda katta mahorat bilan chizilgan, muhim ma’naviy-axloqiy muammolar ko‘tarilgan. Asarda jinoyat olamidagi voqealar fonida asosiy e’tibor asar qahramonlarining ruhiy dunyosini tahlil etishga qaratilgan.
Kishilarni jinoyatning razil olamidan ehtiyot bo‘lishga chaqiruvchi ushbu ogohlantiruvchi asar mazmuni Tohir Malikning «Jinoyatning uzun yo‘li» (2004) ilmiy-tahliliy risolasida davom ettirilgan. «Mehmon tuyg‘ular» (2003) nomli xotira, yodnoma, adabiy maqolalar to‘plamida adabiy jarayondagi muammolar aks etgan.
Tohir Malikning yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy ijodiy faoliyatini yorituvchi «Yozuvchining baxti va baxtsizligi» (1988), Asqad Muxtor ijodini taxlil etuvchi «Sobir» (2003), O‘lmas Umarbekov ijodiga bag‘ishlangan «Qiyomat qarz» (2002) hamda Abdulla Qodiriy romanlari taxlil etilgan «Ibrat maktabi» (1993) badialari xam bor.
Tohir Malik hujjatli kino sohasida ham faoliyat ko‘rsatgan. Uning «Amir Temur davri adabiyoti» (1998), «Varaxsha» (1999), «Unvoni inson» (1999), «Sohilsiz dentiz» (2000), «Zulmat saltanati» (2001), «Moshtabib» (2002) siyenariylari asosida hujjatli filmlar ishlangan.
Rus yozuvchisi F.M. Dostoyevskiyning «Ma’suma» kissasini, shuningdek, jahon adabiyoti namoyandalarining ayrim asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Abdulhafiz Jalolov (1947-2019)
Abdulhafiz Jalolov 1947 yilda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida, Birlashgan qishlog‘ida tug‘ilgandi. 1969 yili Toshkent davlat universitetini tamomlagan. 1976 yilda falsafa fani bo‘yicha nomzodlik, 1992 yili doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan.
Falsafa va siyosatshunoslik bo‘yicha 450 dan ortiq ish, jumladan, «Inson omili: falsafa, mafkura, siyosat», «O‘zbekiston: mustaqillik, man’naviyat, mafkura», «Mustaqillik mas’uliyati», «Istiqbol ufqlari» kabi monografiyalar mualifi bo‘lgan. Ilmiy ishlari AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va boshqa davlatlarda chop etilgan.
1971 yildan e’tiboran ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullangan.ToshDU falsafa kafedrasi o‘qituvchiligidan Falsafa va huquq instituti direktorligigacha (1993 yildan) bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. 1994 yilda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi birinchi kotibi etib saylangan.
2000 yil yanvarida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Islom Karimovga yagona muqobil raqib bo‘lgan.
2001 yilda Falsafa va huquq instituti direktorligi, 2003 yilda XDP Markaziy kengashi birinchi kotibligidan ozod etilgan.
Asad Dilmurod (1947-2019)
Asad Dilmurod 1947 yil 20 iyulda Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Qoratepa qishlog‘ida tavallud topgan. ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida sirtdan tahsil olgan.
Ilk hikoyalar to‘plami — «Osmonning bir parchasi» (1978). «Tosh burgut» (1979), «Sirli zina» (1980), «Sherdor» (1986), «Mulk» va «Girih» (1989), «Tog‘lar, sukut saqlamang» (1987), «Oq ajdar sayyorasi» (2000), «Mezon burji» (2007) qissalari, «Afrosiyob sukunati» (1983), «Ko‘chki» (1991) kabi kitoblari nashr etilgan.«Mahmud Torobiy» (1998), «Fano dashtidagi qush» (2001), «Pahlavon Muhammad» (2006), “Rang va mehvar” (2012) singari romanlar muallifi.
Asad Dilmurod asarlari rus, ukrain, qozoq, tojik, turk, uyg‘ur tillariga tarjima qilingan. “Devona” adabiy stsenariysi asosida badiiy film tasvirga tushirilgan (2003).
Abduvali Qutbiddin (1960-2019)
Abduvali Qutbiddin 1960 yil 20 iyunda Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1983). «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan (1997).
Samarqand viloyat gazetasi «Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») gazetasida adabiy xodim, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, «Yozuvchi» nashriyotida yetakchi muharrir, bosh muharrir bo‘lib ishlagan.
Dastlabki she’riy to‘plami — «Nayson» (1988). Shundan so‘ng shoirning «Humo» (1989), «Baxtli yil» (1991), «Xayol kechasi» (1994), «Sen va sen uchun» (1996), «Uzoqdan olisga» (2007) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
* * *
Shuningdek, 2019 yili professor Sobir Mirvaliyev, shoir Sulaymon Rahmon (1946-2019), Toshpo‘lat Ahmad (1942-2019), E’tibor Oxunova (1933-2019), Ziyodulla Nurmatov, yozuvchi Adham Damin (1951-2019), Ilhom Zoyir (1961-2019), Suhrob Muhammedov, jurnalist Murod Abdulla, kinostsenarist Muhammadjon Xayrullayev bizlarni tark etdi.