Turli ixtilof va ziddiyatlar makoniga aylangan ko‘hna zamin o‘tgan 2007 yilda ham turfa voqealarga boy bo‘ldi. Xususan, yarim asrdan buyon dunyo hamjamiyatini o‘ylantirib kelayotgan Yaqin Sharq masalasi o‘tgan yilda yanada chigallashdi. Falastin-Isroil tortishuvi, Iroqdagi harbiy harakatlar, Eron yadro tadqiqotlari bilan bog‘liq mojaro ustiga Livan va Pokistondagi siyosiy inqiroz qo‘shildi. Shu bilan birga 2007 yil dunyo siyosatiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan saylovlar, hokimiyat almashuvlari bilan ham yodda qoldi. Quyida jahon siyosatida 2007 yili ro‘y bergan eng muhim hodisalar eslab o‘tiladi.
So‘nggi chorak asr davomida dunyo siyosatdonlarining bedavo «bosh og‘rig‘i» bo‘lib kelgan Shimoliy Koreya muammosini hal etish borasidagi muzokaralar ijobiy natija berdi. Butun dunyoni yadro quroli bilan qo‘rqitishdan bezor bo‘lgan mamlakat rahbari Kim Chen Ir nihoyat insofga keldi. O‘tgan yil boshida koreys dohiysi yadro ob’ektlarini yopishga rozilik berdi. Kommunizm g‘oyasi bilan yashayotgan arbobni ko‘ndirish oson bo‘lgani yo‘q. Buning uchun Shimoliy Koreya rahbariyatiga minglab tonna yoqilg‘i berildi va Pxenyan amaldorlarining xalqaro banklarda muzlatib qo‘yilgan pullarini olishlari uchun imkon yaratildi. Hozirga qadar Yonben yadro reaktoridagi tadqiqotlar to‘xtatildi. Lekin kuzatuvchilar hali ham koreys muammosi bir yoqli bo‘lganiga to‘la ishonmayaptilar. Chunki bahor havosidek o‘zgaruvchan fe’l-atvor sohibi bo‘lgan Kim Chen Ir o‘tgan yillar davomida necha marotaba yadro tadqiqotidan voz kechib, yana necha marotaba qayta boshlagan. BMT kabi nufuzli tashkilot kuzatuvchilarini mamlakatidan haydab chiqarib hammani lol qoldirgan ham ayni shu Kim Chen Ir bo‘ladi.
Pxenyan hukumatining yadro qurolidan voz kechgani yilning eng muvaffaqiyatli siyosiy hodisasi deb e’tirof etildi. Lekin kommunizm tarafdorlari bilan til topishgan diplomatlar Eron bilan bog‘liq mojarolarni hal eta olishmadi. Yilning so‘nggi oylarigacha Eron rahbari Mahmud Ahmadinajod mamlakat fiziklarining yadro sohasida erishgan ulkan muvaffaqiyatlari haqida intervyular berdi. Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik so‘ngsiz tekshiruvlar o‘tkazib charchamadi. Jahon matbuoti AQShning Eronga hujumi ehtimoli haqida shov-shuvli maqolalar e’lon qildi. Lekin dekabr oyida hech kim kutmagan sensatsiya ro‘y berdi. AQSh maxsus xizmati tomonidan Eron 2003 yilning kuzidayoq o‘z yadro ob’ektlarini yopgani to‘g‘risida ma’lumot e’lon qilindi. Bu voqea Tehronga qarshi mustahkam pozitsiyada turgan va Eron rahbariyatini ommaviy qirg‘in quroliga egalikda ayblayotgan AQShda ro‘y bergani, boz ustiga xabar manbasi maxsus xizmat ekani bilan hammaning e’tiborini tortdi.
Yadro tadqiqotlari borasidagi mojaro ortidan tilga tushgan Eron hukumati o‘tgan yili Buyuk Britaniyaning 15 nafar dengizchisini hibsga olib, yana bir diplomatik ixtilofga sabab bo‘ldi. Eron rahbariyati dengizchilarni josuslikda aybladi. O‘z navbatida rasmiy London Tehronni xalqaro huquq me’yorlarini buzayapti degan iddao bilan chiqdi. Ikki haftaga cho‘zilgan munozara josuslikda gumon qilingan ingliz dengizchilarining Eron prezidenti tomonidan ozod etilishi bilan xotima topdi.
Evropa tomon intilayotgan Turkiya uchun ham yil anchayin behalovat keldi. Mamlakat prezidentini saylash ommaviy norozilik chiqishlarga olib keldi. Norozilik aktsiyalari, parlamentdagi oylab davom etgan muhokamalardan keyin Abdulloh Gul Turkiya prezidenti etib saylandi. Anqara yil davomida Shimoliy Iroqdagi kurd jangarilariga qarshi harbiy harakatlar boshlashi haqida bayonotlari bilan mintaqada o‘z ta’sirini oshirishga urinayotgan davlatlarning tinchini buzdi. Turk armiyasi bu boradagi aytilayotgan gaplar shunchaki tahdid emasligini ko‘rsatib, kurd jangarilariga qarshi bir necha amaliyot ham o‘tkazdi. Lekin Anqara tashqi siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qolgan masala o‘tgan yili yechim topmadi. Yangi 2008 yilda ham Turkiya kurd jangarilariga qarshi kurashni davom ettiradigan ko‘rinadi.
Falastindagi ahvol o‘tgan yilda yanada murakkablashdi. Muxtoriyat hududida mustaqil davlat o‘»rniga qo‘shhokimiyatchilik yuzaga keldi. Siyosiy kurashlardan keyin hokimiyat tepasiga kelgan XAMAS harakati va muxtoriyat rahbari Mahmud Abbos murosaga kelisholmadi. Oqibatda o‘zi shundoq ham mo‘jazgina hudud ikkiga bo‘linib ketdi. Qurolli to‘qnashuvlardan keyin G‘azo sektori XAMASga, Iordan daryosining G‘arbiy qirg‘og‘i Mahmud Abbos boshchiligidagi FATX tashkilotiga tegdi. Hokimiyat dardi falastin siyosatdonlarini yana asosiy maqsad — mustaqil davlat tashkil etish g‘oyasidan chalg‘itdi.
Qo‘shni Isroilda ham turfa siyosiy mojarolar ro‘y berdi. Livanga qarshi harbiy harakatlarni o‘rganib chiqqan hukumat komissiyasi muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlikni bosh vazir Exud Olmert zimmasiga yukladi. Bosh vazirku, amallab o‘z kursisini saqlab qoldi. Lekin axloqsizlik bilan bog‘liq jinoyatda ayblangan Isroil prezidenti Moshe Katsav begunohligini isbotlab bera olmadi va muddatdan oldin iste’foga chiqarildi.
Pokistonda o‘tgan yil oxirida ro‘y bergan fojia dunyo ahli tomonidan xavotir bilan qabul qilindi. Prezident Parvez Musharraf tomonidan mamlakatda favqulodda vaziyat joriy etilgani ichki barqarorlikni izdan chiqardi. Siyosiy inqiroz oxir-oqibat 27 dekabrda mamlakatning ko‘zga ko‘ringan siyosatdonlaridan biri Benazir Bxuttoning o‘ldirilishi bilan yakunlandi. 54 yoshli siyosatdon xonim 1988-90 va 1993-96 yillarda Pokiston bosh vaziri lavozimida ishlagan edi. Muxolif siyosiy guruhlar yetakchisi bo‘lgan Bxuttoning o‘limi mamlakatdagi beqarorlikni yanada kuchaytirib yubordi.
Rossiyada prezident Vladimir Putindan keyin uning o‘rnini kim egallashi mumkin degan savol butun dunyo hamjamiyatini qiziqtirib kelayotgan edi. O‘tgan yilning dekabrida mana shu savolga javob topildi. Vladimir Putin ayni paytda Rossiya hukumati raisining birinchi o‘rinbosari vazifasida faoliyat ko‘rsatayotgan Dmitriy Medvedov nomzodini prezidentlik saylovida yoqlashini ma’lum qildi. Saylovga hali 2 oydan oshiqroq vaqt bor. Lekin hozirdanoq aksariyat kuzatuvchi va tahlilchilar Vladimir Putinning eng ishongan kadrlaridan biri 42 yoshli Dmitriy Medvedovning g‘alabasiga shubha qilishmayapti.
Sharq mamlakatlarida bo‘lgani kabi G‘arb davlatlarida ham o‘tgan yilda bir qator muhim siyosiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Yoz oylarida uzoq kutilgan iste’fo kuzatildi — 10 yil davomida Buyuk Britaniya hukumatiga rahbarlik qilgan bosh vazir Toni Bler partiyadosh do‘sti va… raqibi Gordon Braun foydasiga lavozimidan voz kechdi. O‘z ixtiyori bilan, muddatdan oldin bosh vazirlikdan voz kechgan arbob ishsiz qolgani yo‘q. Hukumatni topshirar-topshirmas Toni Bler Yaqin Sharq muammolarini hal etish bo‘yicha komissiyaga rahbar etib tayinlandi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri ortidan Frantsiya prezidenti Jak Shirak ham iste’foga chiqdi. 12 yil mobaynida frantsuz davlatini idora etgan prezident Shirak o‘z o‘rnini ichki ishlar vaziri vazifasida ishlab kelgan Nikolya Sarkoziga bo‘shatib berdi. Frantsiyaning yangi rahbari o‘z vazifasiga kirishgan zahoti dastlabki qilgan ishi Liviyada uzoq yillardan beri hibsda saqlab kelinayotgan va o‘lim jazosiga hukm etilgan bolgariyalik hamshiralarni ozod qilish bo‘ldi. Garchi oilaviy qo‘ydi-chiqdilar tufayli jamoatchilikda Frantsiya prezidentiga qarshi kayfiyat yuzaga kelgan bo‘lsada, mazkur diplomatik muvaffaqiyat uning obro‘sini keskin oshirib yubordi.
Sharqiy Yevropada o‘tgan yildagi eng muhim siyosiy o‘zgarishga Polsha davlati mezbonlik qildi. 2005 yili Polsha hokimiyati tepasiga aka-uka Lex va Yaroslav Kachinskiylar kelgan edi. Bosh vazirlik va prezidentlikni o‘zaro bo‘lishib olgan aka-ukalar muroasasiz xatti-harakatlari bilan Polsha va ayni paytda butun Yevropa siyosatini o‘zgartirib yuborishdi. Agar aka-ukalarning «bebosh» harakatlari Afrika yoki boshqa biror «o‘rtamiyona» davlatda ro‘y berganda, bu holat uzoq davom etishi mumkin edi. Lekin zamonaviy Yevropada bunday siyosatga ko‘pda toqat qilishmaydi. O‘tgan yilning oktyabrida o‘tkazilgan parlament saylovidan keyin aka-ukalarning kattasi (Yaroslav Kachinskiy) bosh vazirlikdan ketishga majbur bo‘ldi. Egizaklarning kichigi — Lex Kachinskiy esa prezidentlik vakolatini saqlab qoldi.
Evropa uchun «ko‘pga kelgan to‘y» bo‘lib qolayotgan Kosovo mojarosi bu yil ham o‘zgarishsiz qoldi. BMT Bosh kotibining maxsus vakili Marti Axtisaari har qancha yelib-yugurmasin Kosovoga mustaqillik berish to‘g‘risidagi rezoltsiyani Rossiya va Xitoyga ma’qullay olmadi. Endilikda bu masalani Yevropa Ittifoqi ko‘rib chiqishi kutilyapti.
Darvoqe, Yevropa Ittifoqi uchun integratsiya o‘tgan yilda hamma davrdagidan ham ko‘ra dolzarbroq ahamiyat kasb etdi. Frantsiya va Niderlandiyada YeI Konstitutsiyasini qabul qilish bo‘yicha referendum muvaffaqiyatsizlikka uchragandan keyin Ittifoq yetakchilari murakkab ahvolga tushib qolishdi. Lekin ular bir amallab og‘ir vaziyatdan chiqish yo‘lini topishdi. YeI Konstitutsiya emas, konstitutsiyaviy shartnoma qabul qilish bilan chegaralandi.
Evropa Ittifoqi davlatlari orasidagi kelishmovchiliklar dunyo miqyosida o‘zaro murosaga erishish nechog‘li qiyin ekanini yana bir karra tasdiqladi. (Holbuki, yer yuzidagi eng yirik birlashma bo‘lib turgan YeI 1955 yilda tashkil etilgan). Lekin har qanday murakkab vaziyatda ham nekbin fikr bo‘lgani yaxshi. Shu ma’noda 2007 yilda o‘z yechimini topmagan ko‘plab xalqaro mojarolar yangi yilda butkul hal etilishiga umid qilib qolamiz.
Sobirjon Yoqubov,
«Hurriyat»dan olindi.