Markaziy Osiyo jurnalistlari 15 iyul kuni isyonchi harbiylar nishoniga aylangan TRT studiyasida bo‘lishdi

Markaziy Osiyo va Ozarboyjonda faoliyat yurituvchi jurnalistlar joriy yil 15 iyul kuni Turkiyada amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga urinish payti isyonchi harbiylar nishoniga aylangan TRT telestudiyasini borib ko‘rishdi. TRT korporatsiyasining Yangiliklar va sport dasturlari bo‘limi mas’ul xodimi Fotih Shahingo‘z jurnalistlar bilan uchrashuvda davlat to‘ntarishiga urinish Turkiya xalqi uchun katta imtihon bo‘lganini qayd etdi.

Fotih Shahingo‘zning hikoya qilishicha, 15 iyul kuni Turkiyada davlat to‘ntarishiga uringan harbiylar avvalo TRT telekanalini egallashni rejalashtirgan. 100 ga yaqin isyonchi askar telekompaniya hududiga bostirib kirib, jurnalistlarni garovga olgan. So‘ngra diktorni Turkiyada hokimiyat harbiylar qo‘liga o‘tgani xususidagi bayonotni o‘qib eshittirishga majburlagan.

“O‘sha kuni Turkiyada demokratiya yana bir karra sinovdan o‘tdi. Fathulla Gulen boshchiligidagi terrorchi tashkilot tarafdori bo‘lgan harbiylar so‘z erkinligi va fuqaro huquqlariga zid ravishda jurnalistlarga tazyiq o‘tkazdi. Ammo xalqning birdamligi va yakdilligi tufayli qo‘poruvchi tashkilot g‘arazli niyatini amalga oshira olmadi. O‘sha kecha o‘z xalqi va davlatiga qarshi qurol ko‘targan harbiylar bayonoti o‘qib eshittirilgan studiyaga “15 iyul Millat studiyasi” deb nom berdik.  O‘ylaymanki, zamonaviy Turkiya tarixida burilish yasagan mazkur voqea aslo unut bo‘lmasligi lozim”, – dedi TRT korporatsiyasining Yangiliklar va sport dasturlari bo‘limi mas’ul xodimi Fotih Shahingo‘z.

15 iyul kungi davlat to‘ntarishiga urinish vaqti FETÖ terrorchi tashkiloti tarafdorlari bayonoti o‘qib eshittirilgan studiya

TRT – Turkiya radio va televideniye korporatsiyasi (Türkiye Radyo ve Televizyon Kurumu) 1964 yilda tashkil etilgan. Korporatsiya Yevropa, Osiyo va Afrika mamlakatlari bo‘ylab turli tillarda radio va teledasturlar uzatib kelmoqda. Korporatsiya tizimida ayni vaqtda 13 ta telekanal, 15 ta radiokanal va o‘nlab vebsayt faoliyat yuritmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo va Ozarboyjon jurnalistlarining TRTga tashrifi Turkiya Bosh vaziri huzuridagi Matbuot va axborot bosh boshqarmasi shafeligidagi “Tarix va milliy birlikni anglash” dasturi doirasida tashkil etildi.

Sobir Salim