Professor Jons va uning hammaslaklari fikricha, Amerika ma’muriyatidagi neokonservatorlar guruhi teraktlar haqida oldindan ma’mulomotga ega bo‘lgan va minoralar portlashiga yo‘l qo‘yib berishga Markaziy razvedka boshqarmasini ko‘ndirgan. Maqsad esa qo‘poruvchilik harakatlaridan keyin sarosimaga tushib qolgan aholiniing Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarni osonlik bilan qo‘llab-quvvatlashiga erishish bo‘lgan. «Biz samolyotlarni garovga olgan 19 nafar terrorchi va Afg‘oniston g‘orlaridagi ularning yana bir necha hamtovog‘i bunday katta operatsiyani amalga oshirganiga ishonmaymiz va, albatta, haqiqatning tagiga yetamiz», — deydi professor Jons.
Bundan roppa-rosa 5 yil avval — 2001 yilning 11 sentbyarida AQShning Nyu-York va Vashington shaharlarida ro‘y bergan fojia hali hech kimning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. O‘shanda mahalliy reyslarda parvoz qilayotgan to‘rt samolyot terrorchilar tomonidan garovga olingan va Amerika iqtisodiy taraqqiyoti ramziga aylangan 110 qavatli Jahon savdo markazi hamda Mudofaa vazirligi binosiga kelib urilgan edi. Amerika xalqini tom ma’noda sarosima va qo‘rquvga solgan qo‘poruvchilik harakatlari paytida 3000 dan ziyod inson qurbon bo‘ldi.
Bu fojia Qo‘shma Shtatlarga ulkan iqtisodiy yo‘qotishlar olib keldi. Mamlakat tarixida 1992 yilgi Endryu to‘foni eng katta moliyaviy zarar keltirgan tabiiy ofat sanalar edi. O‘shanda Amerika iqtisodiyotiga 19,2 milliard dollar zarar yetgan edi. 11 sentyabr voqealari tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy yo‘qotish ko‘rsatkichi Endryu to‘fonidan ham oshib ketdi.
Teraktlardan so‘ng dunyo aviasanoati jiddiy iqtisodiy inqirozlarga duch keldi. Fojia tufayli faqatgina Amerika emas, butun dunyo aviatsiya kompaniyalari milliardlab dollar zarar ko‘rdi. Mana oradan 5 yil o‘tmoqdaki, bu yo‘qotishlar o‘rni hali-hamon bilinmoqda.
Keyinroq samolyotlarni o‘g‘irlash va portlatish amaliyotlari Usama bin Lodin rahbarligidagi «Al-Qoida» terrorchilik guruhining 19 a’zosi tomonidan amalga oshirilgani aniqlandi. Terrorchilarning tirik qolgan bir nechasi jazoga tortildi, qo‘poruvchilar rahbari Usama bin Lodin esa hali ham butun dunyo mamlakatlarida qidirilmoqda.
11 sentyabr voqealari xalqaro kuzatuvchilar tomonidan nafaqat Amerika, butun dunyo zamonaviy tsivilizatsiyasiga qilingan tahdid sifatida baholandi. Prezident Jorj Bushning o‘zi Nyu-York va Vashington teraktlarini jahon urushiga qiyosladi.
2001 yil 11 sentyabr kungi teraktlardan keyin AQSh prezidenti Jorj Bush sayyoramiz miqyosida terrorizmga qarshi kurash kampaniyasini e’lon qildi. Ana shu shior ostida Afg‘oniston va Iroqda yirik harbiy operatsiyalar amalga oshirildi.
Darvoqe, 11 sentyabr fojiasi xalqaro maydonda josuslik faoliyati yetakchisi sifatida e’tirof etib kelingan Markaziy razvedka boshqarmasi, umuman, Amerikaning xavfsizlikka mas’ul bo‘lgan barcha muassasalari nufuzini keskin tushirib yubordi.
2001 yil 11 sentyabr. Fojia solnomasi
7.58. 175-raqam bilan Bostondan Los-Anjelesga yo‘l olgan United Airlines kompaniyasiga qarashli Boiyeng 767 samolyoti terrorchilar tomonidan garovga olindi. 56 yo‘lovchi va 9 nafar ekipaj parvoz qilayotgan samolyot yo‘nalishi majburiy ravishda Nyu-York shahri tomon o‘zgartirildi.
7.59. 11-raqam bilan Bostondan Los-Anjelesga yo‘l olgan American Airlines kompaniyasiga tegishli yana bir Boiyeng 767 samolyoti garovga olindi va u ham Nyu-York sari yo‘l oldi. Samolyot bortida 81 yo‘lovchi hamda 9 nafar ekipaj a’zosi bor edi.
8.01. 93-tartib raqamli Boiyeng 767 rusumli samolyot 38 nafar passajir va 7 ta ekipaj a’zosi bilan Nyu-Jersidan San-Frantsisko tomon parvoz qila boshladi.
8.10. Vashington xalqaro aeroportidan 77-raqam bilan Los-Anjeles tomon uchayotgan, bortida 58 yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan Boiyeng 767 garovga olindi.
8.46. Bostondan Los-Anjelesga 11-raqam bilan parvoz qilayotgan samolyot Jahon savdo markazining shimoliy minorasiga kelib urildi. Mutaxassislar e’tirofiga ko‘ra, savdo markazi binosida bir paytning o‘zida 50 minggacha odam bo‘lishi mumkin edi.
9.03. Bostondan Los-Anjelesga 17-raqam bilan uchayotgan Boiyeng 767 samolyoti Jahon savdo markazining janubiy qismiga kelib urildi.
AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati Nyu-York aeroporti faoliyatini to‘xtatdi.
9.21. Nyu-Yorkka olib boradigan barcha ko‘prik, tunnel va yo‘llar yopildi.
9.25. Federal aviatsiya ma’muriyati barcha mahalliy parvozlarni taqiqladi.
9.45. Vashingtondan 77-raqam bilan Los-Anjeles tomon uchayotgan samolyot AQSh Mudofaa vazirligi binosi — Pentagonga kelib urildi. Ma’lumot uchun: mudofaa ma’muriyati binosida jami 20 mingga yaqin kishi ishlar edi.
10.05. Jahon savdo markazining janubiy qismi qulab tushdi.
10.05. Oq uy va poytaxt Vashingtondagi boshqa hukumat binolarida faoliyat yurituvchi barcha xodimlar evakuatsiya qilindi.
10.10. Pentagonning samolyot kelib urilgan qismi quladi.
10.10. Nyu-Jersidan San-Frantsisko tomon 93-raqam bilan parvoz qilayotgan va yo‘lda garovga olingan samolyot yo‘lovchilarning terrorchilarga qattiq qarshiligidan so‘ng Pitsburg shahri yaqinida halokatga uchradi.
10.28. Savdo markazining shimoliy minorasi ham yer bilan yakson bo‘ldi.
MAQSAD YaQIN ShARQDAGI URUSh EDIMI?
Dunyoga larzaga solgan fojia yuz berganiga ham besh yil to‘ldi. Ana shu o‘tgan davr mobaynida minglab insonlarni yorug‘ olamdan olib ketgan teraktlar xususidagi bahslar tinmadi va turli qarashlarni ilgari suruvchi munozaralar hozir ham davom etmoqda. So‘nggi paytlarda Qo‘shma Shtatlarda Bush ma’muriyati va josuslik xizmati 11 sentyabr portlashlari xususida oldindan xabardor bo‘lgan degan fikr bilan chiqayotganlar ko‘payib bormoqda. Xo‘sh, haqiqatan ham, razvedka xizmati teraktlar haqida ma’lumotga ega edimi? Unda nima uchun qo‘poruvchilik oldi olinmadi? Nega haqiqat yashirildi? Buyuk Britaniyaning «Deyli telegraf» (Daily Telegraph) gazetasida e’lon qilingan Indiana universiteti professori Maykl ShELDENning quyidagi maqolasida shu haqda fikr yuritiladi.
Jahon savdo markazidagi teraktlardan 5 yil o‘tib, 75 nafar Amerika olimlari 11 sentyabr xususidagi haqiqat yashirilganini ta’kidlashmoqda. Ushbu fikrni ilgari surayotgan olimlar yetakchisi Yuta universiteti fizika professori Stiven Jons savdo markazi qoldiqlarini o‘rganib chiqdi va binoni qulatish uchun portlovchi moslamadan foydalanilgan, degan xulosaga keldi.
Professor Jonsning fikricha, ikkita samolyotdan chiqqan aviayonilg‘i shunday ulkan konstruktsiyani yer bilan yakson qilish quvvatiga ega emas. Olimning taxminiga ko‘ra, ikkala minoraning ham strategik nuqtalariga portlovchi uskuna o‘rnatilgan va moslama samolyotlar kelib urilgan paytda harakatga keltirilgan.
Professor Jons va uning hammaslaklari fikricha, Amerika ma’muriyatidagi neokonservatorlar guruhi teraktlar haqida oldindan ma’mulomotga ega bo‘lgan va minoralar portlashiga yo‘l qo‘yib berishga Markaziy razvedka boshqarmasini ko‘ndirgan. Maqsad esa qo‘poruvchilik harakatlaridan keyin sarosimaga tushib qolgan aholiniing Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarni osonlik bilan qo‘llab-quvvatlashiga erishish bo‘lgan.
«Biz samolyotlarni garovga olgan 19 nafar terrorchi va Afg‘oniston g‘orlaridagi ularning yana bir necha hamtovog‘i bunday katta operatsiyani amalga oshirganiga ishonmaymiz va, albatta, haqiqatning tagiga yetamiz», — deydi professor Jons.
Aholida bu haqda rahbariyat oldindan bilgan va zarur chorani ko‘rmagan degan qarashning shakllanishida Jorj Bush ma’muriyatining ham hissasi bor. Chunki ma’muriyat tomonidan teraktlar munosabati bilan tekshiruvning o‘ta maxfiy olib borilgani va jamoatchilikka bu haqda yolg‘on afsonayu rivoyatlarning hikoya qilingani professor Jons va uning hamfikrlari kabilarga ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘lgani aniq.
Boshqa tomondan, hukumat vakillarining fojia borasida keskin mubolag‘ali bayonotlar bergani, misol uchun, dastlabki kunlarda Nyu-York va Vashingtondagi portlashlar paytida 20 mingdan ziyod kishi halok bo‘lgani to‘g‘risida rasmiy ma’lumot tarqatilgani ham vaziyatga ta’sir etmay qolmadi.
Mamlakatning shimoliy-sharqiy kichik burchagida to‘rt samolyotning garovga olingani tufayli 3 ming mil radiusdagi butun fuqaro aviatsiyasi bir necha kunga to‘xtatib qo‘yildi. Aeroportlarda qurollangan askarlar ko‘paygandan ko‘paydi va o‘nlab aybsiz insonlar gumon bilan, hech qanday ayb e’lon qilinmasdan qamoqqa olindi. Eng ma’nisiz va natijasiz jihati shuki, mamlakatda Iroq yadro va kimyoviy qurollarga ega ekani, bu esa yangi teraktlar to‘lqinini boshlashi mumkinligi to‘g‘risida xavotirli ovozalar oralab qoldi.
Bunday iddaolar ham respublikachilar, ham demokratlar tomonidan ilgari surildi. Ular xuddi osmon yerga qulayotganday o‘ylab ham o‘tirmay, sarosima va vahimaga to‘lgan holatda tasavvurdagi dushmanga tashlanishdi.
Prezident va kongress Yaqin Sharqdagi urushni faqatgina oldindan rejalashtirilgani tufayli boshlamadi. Asl gap shundaki, agar eski tarixiy usulda dushman davlat ustidan g‘alaba qilinmaganda, fojia keltirgan sarosima va qo‘rquv tarqamagan bo‘lardi.
Xullas, besh yildan buyon olib borilayotgan urush quyoshli sentyabr kunida 19 kishining samolyotlarni garovga olishiga to‘sqinlik qilolmaslik aybi uchun juda ham qimmatlik qiladi.
«Hurriyat» gazetasidan olindi.