KITOB KERAKDIR
Suvrat asli nurni siyratdan olur,
Siyrat esa ilmu hikmatdan olur,
Odamdan ezgulik, muhabbat qolur,
Saodat sayliga savob kerakdir,
Ko‘ngilning mayliga kitob kerakdir.
Kitob – dil bog‘ida gulning rangidir,
Kitob – otash ichra dilning rangidir,
U – qalbning kamoli, aql jangidir,
Ko‘kni ko‘zlaganga xitob kerakdir,
O‘zni izlaganga kitob kerakdir.
O‘qigan, uqqanga eli ergashgay,
Oqil yo‘lga chiqsa yo‘li ergashgay,
Jannatday jilmayib cho‘li ergashgay,
Savol yuz ochganda javob kerakdir,
Javob jarangiga kitob kerakdir.
Kitob – bu osmonning o‘ziga narvon,
Kitob – bu jahonning ko‘ziga narvon,
Tirik tarixlarning so‘ziga narvon,
Tunda talpinganga mohtob kerakdir,
Kunday kulay desang kitob kerakdir.
Olam olamligin bilmoq uchun ham,
Odam odamligin bilmoq uchun ham,
Qilni qirq tilimga tilmoq uchun ham,
Tig‘ni tutguvchiga shitob kerakdir,
Tug‘ni tutguvchiga kitob kerakdir.
Mahmud Toir