Abdulla Oripov. Hayot ko‘rinishlari (video)

HAYoT KO‘RINIShLARI

Lablarida ajib nim kulgi,
Qarab turar bolakay besas.
Tag‘in uni koyima, chunki
Jujuq hali gapira bilmas.

Tiriklikdan nolima taqir,
Yantoq bosgan, tikanzor yo‘li.
Muxlisni ham ayblama, axir
Ochilmagan atagan guli.

O‘pkalaysan shifokordan goh,
Unga og‘ir, og‘ir aslida.
Ajal degan dog‘uli hamroh
Doim turar ro‘parasida.

Seni qiynar do‘stlar firog‘i,
Ularning ham ko‘ngli dog‘langan.
Yurolmaslar, chunki oyog‘i
Ish zanjiri bilan bog‘langan.

Ranjimagin muhabbatingdan,
Bilmay turib o‘ksimoq nechun?
U kunduzi shod yurgan bilan,
Yum-yum yig‘lar tunlar sen uchun.

Bir zot borki, tirikdirsan to
Yuragingda yashar shukuhi.
Duo qilib charchamas aslo,
U – mushtipar onaning ruhi.
07.11.2014

Abdulla Oripov