— Ayrim shoirlarning yorqin iste’dodi hayotining yoshlik pallasida namoyon bo‘lsa, ayrimlarining, aksincha, sochlari oqargandan keyin “mevalari pishadi”. Siz ijodiy faoliyatingizni qanday baholagan bo‘lar edingiz?
— Adabiyot havasmandlariga adabiyotdagi ahvol ham, uni yaratishga urinayotganlarning ijodiy taqdiri ham juda yaxshi ma’lum. Haqiqatan ham, ilhomlari “bir bahor”lik — yoshlikning zavq-shavqi bilan birgina gullab qolishga ulgurgan shoirlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Yaqinda “Yoshlik bayozi” degan bir kitob qo‘limga tushib qoldi. Bu kitob taxminan o‘ttiz yoshlarni qoralab qolganimda nashr etilgan va unda o‘sha kezlari umid bilan qaralgan oltmish-etmishtacha yosh shoirning she’rlaridan namunalar berilgan. Ammo ularning ba’zilarining kimligini hozir men eslay olmadim. Yo‘lda qolib ketganlarning ham son-sanog‘i yo‘q. Bugungi kunda sanoqda borlarini eslashga esa bir qo‘lning barmoqlari kifoya etadi. Katta adabiyotning mezonlari bilan yondashsak, bu sanog‘imiz yanada qisqaradi. Bunga sabab ko‘p. Deylik, iste’dodning haminqadarligi, adabiyotga bori-yo‘g‘ini bag‘ishlashga jur’at etolmaslik, fe’lu atvordagi nuqslar, ijodiy tartibni risoladagiday saqlab turolmaslik, turmush tashvishlari va hokazo yuzlab muammolar. Eng yomoni, katta ijodkorga hamisha hamroh bo‘ladigan irodaning yetishmasligi. Axir, ijodni umr bilan yonma-yon olib o‘tishning o‘zi bo‘lmaydi. Shaxsiy turmushidan tortib, jamiyatu hayotda yuzma-yuz keladigan besanoq muammolar bilan ijodkorning faqat o‘zi yakkayu-yolg‘iz kurashadi. Bir misol: biz shu kungacha yozuvchi-shoir professional mehnati evaziga munosib kun ko‘rishi uchun sharoit yaratishni uddalayolmadik. Qalam tebratish va ro‘zg‘orni yuritish uchun yozuvchi biror-bir idorada ishlashiga to‘g‘ri keladi. Odamlar ishdan qaytib, rohatu farog‘at qilayotganda esa, bizning adiblarimiz o‘zbek adabiyotining ravnaqi yo‘lida yozishga o‘tiradi… Natijada ruhu yurak charchaydi. Biror narsa yozish uchun kuch ham, rag‘bat ham qolmaydi. “Odam bu dunyoga kelmas-ku, axir, faqat irodasin sinamoq uchun?” Abdulla Oripov shunday deganlarmi? Juda to‘g‘ri aytganlar! Shu sabab ko‘plar adabiyotni tashlab ketdi. Hozirgi kunda mehnati evaziga bir tiyin olmasdan, ammo o‘z ishiga sadoqat bilan mehnat qilayotgan yagona kasb egalari, bu — shoiru yozuvchilardir. “Sochi oqarganlar” esa, nafaqaga chiqib, bir smenada ishlash imkoniyatini qo‘lga kiritganlar va yana adabiyot bilan qayta uchrashishdek ulug‘ baxtga sazovor bo‘lganlar.
Endi iroda masalasiga qaytaylik. Bizning o‘zbek degan millatimizda ham Parvardigor “Sen faqat yoz!”, deb peshonasiga taqdir tamg‘asini bosganlar bor. Ular, baribir, har qanday sharoitda ham — yozadilar. Ammo bu nazarkardalarning bir qismi hayotning mashaqqatlarini udda qilishdan qiynalganlarida “najot qal’asi”ni izlashga tushadilar. Bilib-bilmay, adabiyotning tub mohiyatiga xiyonat qiladilar. Bu kasbu kor faqat va faqat ko‘ngilu ruhning mevasi — oqibat, ilohiy bir tizginning yetagida ekanini unutadilar. Oqibatda, ijodkor shaxsining ikkiga, uchga… kim bilsin, yana nechaga bo‘linishi boshlanadi. Ijodkorda birbutunlikning yo‘qolishi esa fojia — undan ilohiylik yuz o‘giradi. Maddoh manfaatparastlikning jirkanch kasalini yuqtiradi. Bunday qofiyabozlikning adabiyotga aloqasi yo‘q… Mana, qarang, yo‘l-yo‘lakay qancha adabiyot odamlaridan ajralib kelayapmiz.
Yana iroda haqida. Shoiru yozuvchi har bir boshlagan asarining so‘nggi nuqtasigacha ko‘ngil yo‘lidan borib, ma’lum bir saviyada nihoyasiga yetishi uchun ham bu fazilat nihoyatda zarur. Har bir asarni yozish esa ilhom zavqi aralashgan mashaqqat. Butun bir ijodiy umr davrida har bir yangi asarni yozishda bu jarayonni qayta-qayta amalga oshirish uchun ham ijodkorga juda ko‘p fazilatlar yo‘ldosh bo‘lishi zarur. Masalan, o‘zining yozganlaridan qoniqmaslik, yanada mukammallik sari intilish, jahon adabiyotini o‘z adabiyotidek o‘zlashtirish, dunyodan va o‘zidan tinmay dars olish…
Ana endi haqiqiy adabiyotimiz xazinasiga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shayotgan shoiru yozuvchilar haqida. Ular uchun adabiyot — Vatanga o‘xshash muqaddas bir xilqat. Adabiyotga dog‘ tushirish bu ulug‘ odamlarning xayoliga ham kelmaydi. Adabiyotning obro‘sini o‘zlarining or-nomusi qadar e’zozlaydilar. Ular o‘zlarining Xudo buyurgan ko‘ngil ishidan hech qachon qaytmaydilar. Ular dunyoning qayoqqa borayotganini anglaydilar, kechani va bugunni aniq tahlil etadilar, adolat va haqiqat tuyg‘usi ularga hamisha yor.
O‘zimga kelsak, yozganlarimning qandayligi adabiyot muxlislariga ayon. Men hamisha yozdim. Hozir ham yozayapman. Umrimni bersa, yana yozaman.
— Asarlaringizda shaxs va tabiat uyg‘unligi bor. She’rlaringizda osmon, bulutlar, dov-daraxtlar, albatta, go‘zal ta’riflanadi. Yoki she’rlarga aralashadi. Buni nima bilan izohlaysiz? Sizning ijodingizda tabiatning o‘rni qanday?
— Men Boysunda tug‘ilganman. Aslida, shu jumla bilan savolingizga javob berdim. Agar sharhlash lozim bo‘lsa, aytay, tabiat Olloh yaratgan eng ulug‘ — sir-asrorga to‘la mukammal Go‘zallikdir. Bu mukammallik meni esimni taniganimdan buyon hayratlantiradi. Bir so‘fiy mutafakkir “Olloh yaratgan go‘zallikdan hayratlanish ham ibodatdir”, deb lutf etganlar. Tabiatga qarab yurakning to‘lg‘onishi, asli Parvardigordan – uning yaratmishidan hayratlanishning o‘zidir. Boysunday Xudo bergan chiroyli bir maskanda tug‘ilganimdanmi, tabiatni yurakdan o‘tkazib yaxshi ko‘rish menga nasib etdi. Ammo tabiatning tasviri she’rimga aniq ko‘chgunicha she’riyatda ancha yo‘lni bosib o‘tdim. Ortimga burilib qaramay, yuragim yorilguday bo‘lib she’r yo‘lidan ketaverdim. “Tazarru bog‘lari” deb atalgan she’riy turkumlar majmuasiga yetganimda esa, shu paytgacha kuylaganim she’riyatga yetib kelganimni his qilganman. Xabardorsiz, bu turkumlardagi she’rlarga qishu bahor, yozu kuz yuragu ruhimdan o‘tib qorishgan… Biroq meni o‘ylantiradigan bir narsa bor: ko‘p muxlislarim yoshlikda yozgan she’rlarimda qolib ketishdi. Keyingi yozgan she’rlarimga yetib kelganlar juda kam…
Tabiat men uchun ilhom manbai. Men uchun u hamisha yangi. Har kun ko‘rib yurganim daraxtginaga qarab, ba’zan yuraklarim to‘lib ketadi…
— Bilaman, muhabbat haqida go‘zal she’rlar yozgansiz. Bugun ishq yoshidagi yigitcha emassiz. Ulg‘ayishingiz bilan muhabbatga, muhabbat mavzusiga munosabatingiz o‘zgardimi?
— O‘zgargani yo‘q. Vujud o‘zgaradi. Ko‘ngil va ruh esa doim yoshdir.
— Sizning she’rlaringiz bilan aytilgan mashhur qo‘shiqlarni bilamiz: “Karvon ko‘rdim”, “Yomg‘ir yog‘di…” va boshqalar. Ayrimlar qo‘shiq yozadiganlarni shoirlar safiga qo‘shmaydi. Siz bunga qanday qaraysiz? Umuman, qo‘shiqchi shoirlar alohida ajralib qolganday? Ular haqida nima deya olasiz?
— Siz aytayotgan qo‘shiqlar mening kitoblarimdan olib kuyga tushirilgan. Erkin Vohidov yoki Abdulla Oripovning she’rlari ham shu tarzda qo‘shiqqa aylangan. Shu sabab o‘zim ham, yuqorida tilga olganim akalarim ham, qo‘shiqchi shoirlar emasmiz… Endi baralla aytib qo‘yay, qo‘shiq yozadiganlarni men ham shoirlar qatoriga qo‘shmayman. Yoshligimizda qo‘shiq yozishni biz — men va safdosh shoir do‘stlarim — or bilganimiz ham rost. Chunki sho‘rolar davrida yengil-elpi she’rlarni kuyga solish odat tusiga kirgan edi. Qo‘shiqchilikning yonida negadir she’riyatning ishbilarmon chiqindi qismi hofizlarning boshini garang qilib, aylanib yurgan. Shu sababdanmi, ulardan hamma vaqt jiddiy she’riyat o‘zini tortgan. Bu kunlarda esa qo‘shiqchilikdagi bu salbiy ko‘rinish eng baland avjiga chiqdi. Insof bilan aytsak, deylik, Ahad Qayumning she’riyatga qancha aloqasi bor?..
— Ma’lum vaqt amaldor ham bo‘ldingiz. Katta mansabga ko‘tarilgan, deputat bo‘lgan — “saroyga yaqin bo‘lgan” ijodkorlar ijodida susayish, hatto so‘nishlar kuzatilgan. Sizda qanday bo‘ldi? Umuman, ijodkorga mansab berishlariga, lavozimning ijodkorga ta’siri masalasiga qanday qaraysiz?
— Rost gapni aytayapsiz. Kuzatishimga qaraganda, albatta, susayish va hatto ijoddan yiroqlashish bo‘ladi. Ish ko‘p, tashvish kattargan… Menda esa, aksincha, teskari hol yuz berdi. (Negadir mening taqdirimda mudom ko‘pchilik boshidan kechiradiganga nisbatan teskari hol ko‘p yuz beradi.) “Amaldor”ligimda — qisqa vaqt ichida — “o‘ussa” va “Kuz” degan she’riy to‘plamlarimdagi she’rlarning to‘qson besh foizi qog‘ozga tushdi. Bu ikki to‘plamim eng g‘amgin kitoblarimdir.
— Katta shoirlar, albatta, biror katta gazetaga bosh muharrir bo‘ladi. Bu — qanchalik to‘g‘ri? Gazeta ishi bilan shoirlik butunlay boshqa-boshqa narsa emasmi?
— Xuddi shunday! Jurnalistikaning adabiyotga umuman aloqasi yo‘q. Adabiyot so‘z san’atining yuqori darajadagi ko‘rinishi. She’riyat-ku(haqiqiy she’riyatni aytayapman), falakdan tushgan bir mo‘jiza. Shu sabab, adabiyotni udda qiladigan odamlar jurnalistika ishini o‘ynab bajaradi. Ammo jurnalistika shoirlikni yoki yozuvchilikni omon qoldirmasa kerag-ov. Bir vaqtlar o‘zim ham jurnalist bo‘lib ishlaganman, hatto qaysidir bir yil O‘zbekiston radiosining “Eng yaxshi radiojurnalisti” deb tan olishgan. Diplom ham berishgan. Ammo mudom meni bu ish “o‘ldirayotgani”ni his etganman. O‘zimni majburlab ishlaganman. Ishdan bo‘shayverganman, qaytib kelaverganman… Tirikchilik majbur qilgan-da! Nima uchun ishdan ketganman? Yozish uchun…
— Yoshlar ijodini kuzatib borasizmi? Ularning ichida ijodi kishida umid uyg‘otadiganlari bormi?
— Muntazam emas. Umid uyg‘otadiganlari ham bor. Ammo ular haqida jiddiy bir gap aytishga cho‘chiyman. Rostini aytsam, keyingi o‘ttiz yillar orasida juda ko‘p umidli yoshlarni ko‘rdim. Ammo ularning ko‘pi hozir adabiyotdan uzoqda, turmush tashvishlari bilan o‘ralashib yuribdi. Bu holni chuqur tahlil etmoq zarur. Eng avval, iste’dodlarni qanday tarbiya qilmoq lozimligi haqida o‘ylab ko‘rsak bo‘lar edi. Iste’dodli odamlar ko‘p bo‘lmaydi. Kimga qanday yordam berishni, undan nimani talab qilishni aniq bilishimiz kerak. Iste’dodlardan maddohlar yaratish siyosatidan tamoman voz kechishimiz zarur. Ulardan badiiy yetuk asarlar yaratishga qobil katta yozuvchi-shoirlar yetishib chiqishiga sharoit yaratib berilsa, shuning o‘zi kifoya. Hozir bu yo‘lda katta ishlarni amalga oshirish mo‘ljallanayapti. Toshkentga propiska qilish, uy-joy qurilishi, qalam haqi… Hatto yoshlar uchun adabiyot kursi ham tashkil etildi. Bu ishlarni amalga oshirish esa, albatta, quyidagilarning bo‘ynida bo‘ladi. Adabiyot kursida kim dars beradi? Ularning saviyasini kim o‘lchaydi? Bu yosh ijodkorlarni adabiyotning amaliy ishlariga (“yozishga”, deb o‘qing) kim o‘rgatadi? Kezi kelganda aytib qo‘yay, Moskvada xuddi shunday o‘quv dargohi bo‘lganidan xabardormiz. Bu kurslarga rahbarlik asarlari bilan butun katta mamlakatga manzur bo‘lgan biror-bir yozuvchi(nosirlar) yoki shoir(shoirlar) bo‘ynida bo‘lar; ular bu kursga talaba qabul qilishda ham boshchilik qilishar — faqat uning tanloviga ko‘ra, u yoki bu yosh ijodkor o‘qishga qabul etilardi. Bizda tashkil etiladigan kurslarga tinglovchilar qabul qilishning ham yagona o‘lchovi — ular taqdim etgan asarlar bo‘lishi va bo‘lajak kurs rahbarining so‘zi hal qiluvchi rol o‘ynamog‘i lozim. Hatto talabalarga qaysi fanlardan, qaysi olim dars o‘tishi ham kurs rahbarining nazoratida bo‘lmog‘i kerak. Shundagina bu kursni tashkil etib, o‘ylangan maqsadga yetamiz. Ko‘ringan odam dars berib, pulni olib ketadigan ikki yillik vaqt o‘tkazishning hech kimga keragi yo‘q.
— Sizni yaxshi dramaturg, kinostsenariychi sifatida ham bilamiz.“Alpomish” filmi el sevgan filmlardan biriga aylangan. Davlat rahbarlari tariximizdagi buyuklar haqida kinolar yaratishga da’vat etib turganda, Amir Temur, Bobur, Ulug‘bek, Jaloliddin Manguberdi kabi milliy qahramonlarimiz to‘g‘risida yirikroq biror film uchun stsenariy yaratish niyatingiz yo‘qmi?
— Og‘a, mening xohishimning o‘zi kamlik qiladi. Kinoning o‘z rahbarlari bor, o‘z xodimlari bor… Taklif etishsa, qo‘limizdan kelguncha, yordam berarmiz; taklif etishmasa, demak, boshqa birovlarning qo‘lidan keladi… Mening esa kinosiz ham ishim ko‘p! Ammo aytib qo‘yay, tarixni bilaman, yaxshi ko‘raman…
— Sizning yoshingizda ko‘pchilik keksalikni bo‘yniga olib, chollarga qo‘shilib, to‘yu ma’rakadan yo choyxonadan beri kelmaydi. Boshqacha aytsak, “Dunyo ishidan etak silkiydi”. Sizning ko‘rinishingiz ham, gap-so‘zingiz ham aslo yoshi yetmishga borayotgan kishinikiga o‘xshamaydi. Ayni damda nimalar bilan bandsiz? Qanday rejalar tuzib yuribsiz?
— Yozadigan narsalarim kallamda qalashib yotibdi. Ularni qog‘ozga tushirish kerak… Yozadigan odamda nafaqa davri bo‘lmas ekan! Ancha narsa yozdim. Ikkita dramatik asar dunyoga keldi. “Amir Temur. Adolat fasli” degan dramatik asarim o‘qiganlarga yoqdi. Ammo qo‘yadigan teatr topilmayapti. Ko‘p she’rlar yozdim. Nihoyat, “Bahor kunlari, kuzak kunlari” degan triptix hikoyalar turkumimni nihoyasiga yetkazdim. Ko‘p jildlikni (birinchisi nashrdan chiqdi) tayyorlashni nihoyalasam, avvalo, chala narsalarimni oxiriga yetkazaman, Xudo xohlasa. Juda cho‘zilib ketayotgan “So‘ng so‘zlar” nasr kitobimga ham nuqta qo‘yish vaqti keldi. Yarmi yozilib, bir sabab bilan oxiriga yetmagan “Eru osmon” rivoyat-piyesani ham yakunlash payti yetganday. So‘ng xayolimni bezovta qilib yurgan boshqa narsalarga navbat keladi. She’rlarga kelsak, uni — mendan so‘ramay — o‘zi kelaveradigan odati bor. Ha, “Kollaj” degan kitobim bugun-erta nashrdan chiqadi.
— Suhbatga vaqt ajratganingiz uchun rahmat!
Suhbatni Mahmud Sa’diy tayyorladi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil, 46-son