Shaxsan men Yo‘lchining tuprog‘i to‘piqqa chiqadigan ko‘chalardan yalang- oyoq yurib, qishloqdan shaharga kelishini ham aynan o‘z hayotimga o‘xshatardim. Chunki bolalik paytimizda otamiz boy bo‘lgani uchun bor mol-mulkimizni sho‘rolar tortib olgan, qish kunida bizni issiq uyimizdan quvib chiqarib badarg‘a qilgandi.
Yoshlik yillarimizda Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat kabi Yozuvchilarning asarlarini o‘qishdan butunlay mahrum etilgan edik. Mabodo ba’zi ixlosmandlar “O‘tgan kunlar” yoki “Kecha va kunduz” romanlarini yashirincha o‘qiyotgan paytda qo‘lga tushsa, qatag‘onga uchrardi.
Xalqimizning taniqli Yozuvchisi Pirimqul Qodirovning salmoqli romanlari, bir-biridan shirali qissa va hikoyalari kitobxonlarning sevimli asarlariga aylanganligi shubhasiz.
Ayniqsa, yoshlarga bag‘ishlangan “Uch ildiz” asariga ustoz Abdulla Qahhor yuksak baho bergan bo‘lsa, ruscha tarjimasini o‘qigan buyuk qozoq adibi Muxtor Avezov Moskvada bo‘lib o‘tgan «O‘zbek adabiyoti va san’ati kunlari”da ushbu asarni noto‘g‘ri talqin qilgan va unga o‘rinsiz ayb qo‘ygan Anna Karavayevaning ta’riflari xato ekanligini ishonarli dalillar bilan isbotlab berganligi Yozuvchining keyingi asarlarining yozilishiga turtki bo‘lgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Adib shundan keyin “Qadrim”, “Erk” qissalari, “Yayra institutga kirmoqchi”, “Meros”, “Botirlar va baxillar” asarlari, “Qora ko‘zlar” romanini yaratdi. Ularda o‘z davrining jozibali yosh qahramonlari qanday shakllanganligi haqida hikoya qilib, ularning hayotini bugungi avlod vakillariga ibrat bo‘ladigan lavhalarda haqqoniy tasvirlab bergan.
Pirimqul Qodirovning so‘nggi o‘n yil davomida yozgan “Ona lochin vidosi” romanida Amir Temurning suyukli o‘g‘li Shoxruh va kelini Gavharshodbegim bilan bog‘liq voqealar qalamga olingan. Asardagi Ulug‘bek Mirzo, Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy yoshlik davridagi jasorat va iste’dodlari ham o‘quvchida yorqin taassurot qoldiradi.
Qirq besh yildan beri chop etilgan deyarli barcha asarlari yoshlarga bag‘ishlangan ulug‘ Yozuvchining ijodxonasiga tashrif buyurar ekanmiz, ayni paytda yangi asarlari va esdaliklarini to‘plab, kitob holda nashrga tayyorlayotgan adibni dildan suhbatga tortdik.
— Pirimqul aka, asosan barcha asarlaringizda yoshlik saltanatining ibratli qahramonlarini mehr bilan ko‘rsatgan va bu mehrni o‘quvchilar qalbiga yetib boradigan tarzda mahorat bilan ifoda etgansizki, beixtiyor asarlaringiz xuddi hayotingizning bir parchasiga o‘xshab ketadi. Keling, bugungi suhbatimizni ham bolaligingiz qanday kechganligi haqidagi o‘y-kechinmalaringizdan boshlasak…
— Bolaligim, yoshligim… O, qancha yillar o‘tdi. Ammo, rosti, xuddi kechagi kundek. Bundan oltmish besh yil muqaddam 7-sinfni bitirayotgan paytlarimda “Qutlug‘ qon” romanini qanchalik ta’sirlanib o‘qiganim haligacha yodimdan chiqmaydi. Kitobdan olgan yorqin taassurotlarim uni o‘qigan joyimning manzaralari bilan birga hamon ko‘z o‘ngimda turibdi.
Biz bir bog‘ot joyning qo‘rg‘onchasida turardik. May oyining oxirlari, bog‘dagi toklar qiyg‘os gullagan payt. Qo‘rg‘onchada sigir va echkilar bor, ularga o‘t o‘rish, ancha uzoqdagi ariqdan chelakda suv tashib kelish biz kabi dastyorlarning zimmasida edi. Lekin kitob o‘qishimga xalaqit bermasliklari uchun tokzorning narigi chetidagi pana bir joyga yashirinib olar edim. Onam bir necha marta qo‘rg‘onchadan chiqib meni chaqirar, lekin o‘zimni eshitmaganga solib, kitob o‘qishda davom etardim.
Shaxsan men Yo‘lchining tuprog‘i to‘piqqa chiqadigan ko‘chalardan yalang- oyoq yurib, qishloqdan shaharga kelishini ham aynan o‘z hayotimga o‘xshatardim. Chunki bolalik paytimizda otamiz boy bo‘lgani uchun bor mol-mulkimizni sho‘rolar tortib olgan, qish kunida bizni issiq uyimizdan quvib chiqarib badarg‘a qilgandi.
Yoshlik yillarimizda Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat kabi Yozuvchilarning asarlarini o‘qishdan butunlay mahrum etilgan edik. Mabodo ba’zi ixlosmandlar “O‘tgan kunlar” yoki “Kecha va kunduz” romanlarini yashirincha o‘qiyotgan paytda qo‘lga tushsa, qatag‘onga uchrardi.
O‘sha yillarda biz talabalar suyukli ustozlarimizga nohaq otilgan malomat toshlaridan qattiq iztirob chekkanmiz. Bu iztiroblarimni “Uch ildiz” romanida Mahkam va Ochil kabi yoshlar navqiron, suyukli domlalari professor Abdurahmon Toshev va dotsent Temur Akbarovlar tomonidan turgani, ularga tuhmat qilgan baxillarga qarshi kurashgan lavhalar orqali ko‘rsatishga harakat qilganman. O‘rni kelganda aytish joiz: talabalar sevadigan professor Toshev obrazida men Oybekni nazarda tutgan edim. Otasi temirchi bo‘lgan Temur Akbarovni tasvir etganda ustoz Abdulla Qahhor ko‘z oldimda turgan edi.
— Asarlaringiz ichida sizga dovrug‘ keltirgan “Yulduzli tunlar” romanini hayajon bilan o‘qimagan kitobxon topilmasa kerak. Aynan Boburga murojaat qilishingizga nima sababchi bo‘lgan?
— Boburdan boshlaganim to‘g‘ri bo‘lgan ekan, deb o‘ylayman. Chunki Amir Temur tajribasini eng chuqur o‘rgangan va davom ettirgan temuriyzoda menimcha Boburdir. Mirzo Bobur “Temur tuzuklari”ni chuqur o‘rgangan hamda vafotidan oldin o‘g‘li Humoyunga yozgan maxfiy vasiyatnomasida “Hazrat Sohibqiron Amir Temurning ish yuritishlari doimo yodingda bo‘lsin. Shunda davlating ma’mur va puxta bo‘ladi”, deb tayinlaydi. Haqiqatdan Boburning o‘zi butun hayoti davomida Amir Temurning tuzuklaridagi purma’no so‘zlardan juda ko‘p ibrat olgan. Daho darajasidagi talant nuqtai nazaridan qaraganda, Amir Temurga irsiy voris va yaqin avlod Bobur Mirzo deb aytish mumkin. Shuning uchun Bobur Mirzo Hindistonda boshlab bergan Boburiylar sulolasi 332 yil umr ko‘rgan.
— “Amir Temur siymosi” nomli ilmiy-tarixiy asaringiz esa O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 16 yillik arafasida o‘tkazilgan “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovida birinchi o‘ringa sazovor bo‘lganligi adabiyot ahlini quvontirdi. Siz ushbu asaringiz orqali oldingizga qo‘ygan maqsadga erishdingizmi?
— Qanchalik erishganimni kitobxonlar aytsinlar. Men o‘zim shu asarni katta qiziqish va mehr bilan yozdim. Agar shu mehrni kitobxonlar qalbiga yetkazib bera olgan bo‘lsam, o‘z maqsadimga ma’lum darajada erishdim, deb o‘ylayman.
— Biroq Sohibqiron Amir Temur haqida yozilgan asarlarda turli xil faktlarga duch kelamiz. Jumladan, ayrim badiiy asarlarda 1370 yil Balxda Hinduvon qal’asini zabt etishda Jahongir Mirzoni yetakchi qahramon qilib tasvirlangan bo‘lsa, Nizomiddin Shomiy va Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida bu jasoratni Amir Temurning ikkinchi o‘g‘li Umarshayx Mirzoga xos deb qayd etgan. Bu badiiy to‘qimami yoki anglashilmovchilik?
— Badiiy to‘qimada shunday o‘zgarishlar qilish mumkin. Ammo men Umarshayx Mirzoni aslidek qilib, yarador paytida o‘zini bardam tutgani tarixiy manbalarda qanday bo‘lsa, shunday ko‘rsatganman. Umuman, Temuriylar haqida shu qadar to‘qima narsalar ko‘pki, ularni men mumkin qadar chetlab o‘tdim va manbalarda aniq ko‘rsatilgan faktlarga asoslandim. O‘ylaymanki, kitobxonlar bunday yo‘lni ko‘proq qadrlaydilar.
— Umr — karvon, biroq odamda yoshlik ehtirosi hech qachon so‘nmaydi. Hayotingizdagi eng baxtli chog‘laringizni unutilmas esdaliklari bilan sirlashsak…
— Bundan ellik besh yil avval men 19 yoshli talaba bo‘lgan kezlarda gazetalarga lavhalar yozib yurardim. O‘sha yilning avgust oyida yoshlar gazetasi menga bir topshiriq berdi.
Samarqandda 7-sinfni bitirgan o‘quvchi qiz Moskvadagi gimnastika musobaqalariga qatnashib, yaxshi baho olibdi. Hozir shu qiz Chirchiqdan beridagi Troitsk deb ataladigan sport maktabida, tez borib u bilan suhbat uyushtirib keling, deyishdi. Yurib charchamaydigan yigit paytimiz. O‘sha kuniyoq aytilgan joyni topib bordim. O‘quvchi qizni chaqirib berishdi. Suhbatlashdik. Gaplari ma’nili, o‘zini kattalardek vazmin tutadi. Jussasi kichikroq, ammo pishiq. Suhbatimiz paytida maktabni bitirsam, balki Toshkentga o‘qishga boraman, degani yodimda qoldi.
1950 yili men universitetning 5-kursida o‘qiy boshlagan kunlarim sharqshunoslik fakultetining 1-kursiga oltin medal bilan imtihonsiz kirgan yoshlar davrasida o‘sha qizni ko‘rib qoldim.
O‘sha yili kuzda mening “Studentlar” degan birinchi kitobcham nashr etildi. Bu kitobning taqdimotida sirli tilaklarimga sababchi bo‘lgan o‘sha Sofiya ismli qiz ham ishtirok etdi.
Taqdir taqozosi deganlari shumi, balki tasodifdir, qarangki, kelgusi 1951 yilning yangi yil kechasini bo‘lajak umr yo‘ldoshim Sofiya bilan bir dasturxon atrofida kutib oldik.
— Yuqorida suhbatimizni yoshlarga bag‘ishlangan asarlaringizdan boshlagandik. Ustoz, 2008 yil “Yoshlar yili”ga bag‘ishlab kitobxonlar uchun qanday tuhfa tayyorladingiz?
— Yuqorida to‘g‘ri aytganingizdek, yoshlar — men yozgan asarlarimning bosh qahramonlariga aylanganligi tasodif emas. Chunki kelajagimiz yoshlar qo‘lida. Ularni qo‘llab-quvvatlaganimiz porloq istiqbol yaratishning eng sinalgan vositasidir. Shu fikrlardan kelib chiqib, sho‘ro davrida yozilgan “Qadrim” degan qissani qaytadan ishlab chiqdim. Afsonani eslatadigan asardagi shiddatli voqealar jarayonida qishloqdan gaz konlariga kelib ishlayotgan ikki qalb — Iskandar va Zulayhoning maktabda birga o‘qigan paytlaridan boshlangan muhabbatlari xaloskor bir kuchga aylanadi. “Qadrim” qissasining yangi nashri bugungi yoshlarga ham ibrat bo‘ladi, deb umid qilaman.
Adiba Umirova suhbatlashdi
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).