Ijod va e’tiqod (Kristofer Merrill bilan suhbat) (2013)

Dunyo adabiyoti sarhadlari tobora bir-biriga yaqinlashmoqda. Joriy yil may oyida amerikalik adiblar – Kristofer Merrill, Enn Hud, Stiven Kuusisto va Chinelo Okparanta yurtimizda mehmon bo‘ldi. Okean ortidan kelgan ijodkorlar ishtirokida Toshkent va Samarqandda uchrashuv hamda mushoiralar o‘tkazildi. Yozuvchi-elchilar yetakchisi Kristofer Merrill o‘tgan yili ham yurtimizga kelgandi. Bir ko‘rgan – tanish, ikki ko‘rgan – bilish”, degan gap bor. Bu gal vaqtni g‘animat bilib, jahongashta shoir bilan bafurja suhbatlashdik.

Suhbatdosh haqida

Kristofer Merrill – amerikalik atoqli shoir, yozuvchi, tarjimon va jamoat arbobi. 1957 yilda tug‘ilgan. 1983 yili Vashington shtati universitetini tamomlagan. Uzoq yillar Amerika oliy o‘quv yurtlarida dars bergan. 2000 yildan Ayova universiteti professori va Xalqaro badiiy ijod dasturining rahbari. Qator she’riy va publitsistik to‘plamlari, tarjimalari chop etilgan. O‘ndan ortiq milliy va xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Asarlari yigirmadan ortiq tilga, jumladan, o‘zbekchaga ham o‘girilgan. She’rlari yurtimizdagi gazeta-jurnallarda va to‘plamlarda bosilgan.

– Amerika adabiyotini mo‘jaz parchalardan hosil bo‘lgan yaxlit mozaikaga o‘xshatish mumkin. Ushbu qudratli adabiy maktabning shakllanishiga turli millat vakillari o‘z hissasini qo‘shgan. Dunyoning boshqa biror davlatida mamlakatingizdagi kabi ko‘pmillatli ijodkorlar “armiya”sini topish qiyin. Amerikadagi bugungi ijodiy jarayondan ko‘nglingiz to‘ladimi?

– Amerikada turli qit’a vakillari bir havodan nafas olib yashaydi, demak, mamlakatning o‘zini ham mozaikaga mengzash o‘rinli bo‘lur edi. Adabiyotimizda ham rang-barang qarashlar, xilma-xil e’tiqodlar, etnik jamoalar an’analari va falsafiy ta’limotlar mujassam. Amerikada har yili uch yuz mingdan ziyod kitob chop etiladi, she’riyat, nasr va publitsistika namunalari o‘quvchi qo‘liga yetib boradi. Bunga yana matbuotda e’lon qilinayotgan turli saviyadagi sanoqsiz materiallarni qo‘shing. Asarlar shu qadar ko‘p, qamrov shu qadar kengki, ijodiy jarayon haqida umumiy xulosa qilishga beixtiyor taraddudlanib qolasiz. Qalam ahliga mo‘ljallangan yuzlab dasturlar, adabiy nashrlar, anjuman-mushoiralarni kuzatib, – harqalay, ularning hisobiga yetish mumkin – biz adabiyot bog‘i chappar urib gullagan davrda yashayapmiz, bemalol ayta olaman. Bugungi adabiyotga hakamlikni esa ko‘pni ko‘rgan tarix hukmiga havola etgan ma’qul, shekilli.

–Yaqinda amerikalik kinoijodkorlar suratga olgan “So‘zlar” (The Words) badiiy filmini tomosha qildim. Kartinada plagiatorlik muammosi ko‘tarilgan. Film qahramoni – yosh yozuvchi Rori Jensen boshqa bir adibning romanining qo‘lyozmasini topib oladi. Navqiron qalamkash vijdoniga qarshi borib, beli og‘rimasdan shuhratga erishish yo‘lini tanlaydi: qo‘lyozmani o‘z nomidan e’lon qiladi… So‘z, fikr, g‘oya o‘g‘riligi bugungi kunda siyosatdan tortib adabiyotgacha keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu o‘rinda so‘nggi yillarda Vengriya Prezidenti Pall Shmidt, Germaniya Mudofaa vaziri Karl-Teodor tsu Guttenberg aynan shunday ayblovdan keyin iste’foga chiqqanini eslab o‘tish kifoya. Plagiatorlik bugun adabiyotda qay darajada dolzarb muammo sanaladi? O‘zingiz so‘z o‘g‘riligi bilan bog‘liq holatlarga guvoh bo‘lganmisiz?

– Afsuski, adabiyot o‘qituvchisi sifatida bunday noxush holatlarga duch kelib turaman. Besh qo‘l hech qachon barobar bo‘lmas ekan-da… Talabaligimizda guvoh bo‘lgan bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Taniqli shoir va tarjimon Mark Strendning qo‘lida tahsil olayotgan paytimiz. Guruhimizdagi o‘rtamiyona ijodkor qiz ijodiy mashg‘ulotlardan birida Anna Axmatovaga bag‘ishlangan she’rini o‘qib qoldi. She’r muallifning avvalgi shig‘irlaridan butkul farq qilardi. Hammamiz uni tabriklashga oshiqdik. Qizgina ushbu she’ri sharofatidan dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi, davlat granti g‘olibi bo‘ldi. Oradan bir necha oy o‘tib, unga omad eshiklarini lang ochib bergan o‘sha she’r britaniyalik shoir va tarjimon Donald Maykl Tomas qalamiga mansub ekanligi ma’lum bo‘lib qoldi… Ishbilgich kursdoshimning keyingi taqdiridan bexabarman, ammo ba’zida undan otashin shoira chiqmasa ham, binoyidek ertakchi bo‘lishi mumkin edi, deb o‘ylab qolaman (Kattagina adabiy izdihomni laqqa tushirganini ayting). O‘z iqtidoriga ishonmagani uchungina boshqa muallif she’rini uyalmay-netmay meniki dedimi, yo so‘z o‘g‘riligi unga qo‘ndoqda tekkan dardmidi? Hali-hanuz shu bezovta savolga javob topolmayman. O‘zim esa ustozimiz Mark Stendning qizg‘in mashg‘ulotlarda bergan o‘gitiga amal qilaman: ijodkor qulog‘iga kirayotgan har bir so‘zni qayta-qayta taftish etishi, bu kalimaga avval boshqa biror qalamkash some bo‘lmaganiga ishonch hosil qilishi kerak. Ayni paytda, haddan ziyod ehtiyotkor bo‘lishi, so‘zlarni behuda boy bermasligi lozim, negaki, ularni shoirning qulog‘iga chinakam ilhom parisi shivirlab aytib turgan bo‘lishi mumkin-da.

– Dunyo miqyosida o‘quvchilar nisbatan jo‘n va sodda asarlarga ruju qo‘yayotir (buni “fikriy yalqovlik” desak to‘g‘ri bo‘lar). Tezkor axborot asrida yashayotgan avlod Uilyam Folkner yoki Jeyms Joysning murakkab syujetli asarlariga bosh og‘ritgisi kelmaydi, buning o‘rniga sarguzashtnamo, hazmi yengil kitoblarni afzal biladi. Yuksak adabiyot namunalarining “xoslar” (tor o‘quvchilar) doirasida o‘qilishi tabiiymi?

– Adabiyotning umrboqiy durdonalari omma ko‘ngilxushligiga xizmat qiluvchi yengil-elpi asarlar bilan raqobatlasha olmaydi. Hech qachon. Unda Shekspir nega yetti yoshdan yetmish yoshgacha – keng omma mehrini qozongan, deb so‘rashingiz mumkin. Albatta, barcha qoidalarda bo‘lganidek, bu o‘rinda ham istisno mavjud. Shekspir – daho ijodkor. Favqulodda qobiliyatli ijodkor o‘z asarlarini xalq og‘zaki ijodi namunalari kabi jamiyatning turli qatlamlariga birdek sevimli qila biladi. Bugungi davrning yozuvchi-shoiri bahaybat ajdarho qarshisida yaroqsiz qolgan yalangto‘sh pahlavonga o‘xshaydi: u to‘kis dov-dastgoh va ulkan qudratga ega ko‘ngilochar sanoatga qarshi noteng kurashga chiqqan. Lekin bu bellashuvda so‘z ahlining muqarrar mag‘lubiyati haqida gapirishga hali erta. Rayner Mariya Rilke 1922 yili “Duin elegiyalari” to‘plamini nihoyati 250 adadda chop etdi. Bugun esa bu elegiyalar butun dunyoda she’r ixlosmandlarining qo‘lidan va tilidan tushmaydi.

Polyak shoirasi, Nobel mukofoti sovrindori Vislava Shimborskaya uch banddan iborat “Kim xush ko‘rar ash’orni?” she’rida poeziyaning inson hayotidagi o‘rnini tadqiq etadi. Muallifning aytishicha, nazm muhiblari ko‘p ham emas, oz ham emas. Shoira she’riyat inson uchun suv va havodek zarur, deb hisoblashi diqqatga molik:

She’riyat –
darvoqe, nadir she’riyat?
Umr bo‘yi ne-ne vallomat zotlar
 izladilar uning ma’nosin.
Aqli qosir odam to‘la anglolmas,
ammo
bilganim shul, suv, havo kabi
Udir – tiriklikning asl ma’vosi.

Men najotni ana shu jonbaxsh ma’vodan istash tarafdoriman.

– “Amazon” virtual tizimi ma’lumotiga ko‘ra, Amerikada elektron kitoblar yumshoq muqovali kitoblardan ko‘proq sotilmoqda ekan. O‘quvchilar asarlarni Kindle, iPad va boshqa rider-planshetlar orqali o‘qishga odatlanmoqda. “Bosma kitoblar yo‘qolib, o‘z o‘rnini butunlay elektron kitoblarga bo‘shatib beradi”, degan farazga qanday qaraysiz?

– Bosma kitob jonu dilim. Harflar, sahifalar bilan tillashgandek bo‘laman, kitobni qo‘lga olib, uning iliq taftini, qog‘ozning yoqimli hidini tuyaman. Ayni chog‘da, safarlarga chiqqanda Kindlemni ham qo‘ldan qo‘ymayman – yo‘l-yo‘lakay o‘qib ketishga rosa qulay-da. Menimcha, bosma kitoblar tarix mulkiga aylanmaydi. To‘g‘ri, raqamli texnologiyalar inqilobi mutolaa ko‘nikmalarimizni ham o‘zgartirib yubordi. Lekin baribir ilg‘or texnologiyalar insoniyat hayotidan bosma kitobni siqib chiqarolmasligiga ishongim keladi. Kitobat san’ati – insoniyatning olis tarixiga nisbatan yangi voqelik. Qog‘oz ixtiro qilinishi, xattotlikning rivojlanishi, bosma dastgohning o‘ylab topilishi, umuman, kitobxonlik paydo bo‘lishidan ilgari ham she’r va hikoyalar yaratilgan, og‘izdan og‘izga, eldan elga ko‘chib yurgan. Insonning badiiy so‘zga ehtiyoji mavjud ekan, she’r va hikoyalar yaratilaveradi, qay yo‘l bilan bo‘lmasin, o‘z o‘quvchisiga yetib boradi.

– Buyuk adib Onore de Balzak qalam ahlini moddiy qo‘llab-quvvatlash haqida ham kuyunchaklik bilan yozgan. Turmush qiyinchiliklari jon-jonidan o‘tib ketgan adib “Go‘zal asarlarning hammasi farovonlik mevasi!” deb xitob qiladi. Dunyo bir kamligi rostdirki, ancha-muncha salaflarga ham farovon hayot nasib etmagan. Yozish ortidan ro‘zg‘or tebratish professional yozuvchilikning belgilaridan biri sanaladi. Bugungi Amerikada faqat yozuvchilik ortidan kun ko‘rish mumkinmi?

– Amerikada juda kam sonli yozuvchilar (shoirlar bundan mustasno!) o‘z hunari ortidan tirikchilik qiladi. Aksar ijodkorlar esa kun ko‘rish uchun boshqa kasb-kor bilan shug‘ullanadi, ilmiy dargohlarda faoliyat olib boradi. Qolaversa, adabiyot va san’atning hotamtoy homiylari ham qarab turmaydi.

– Rus adibi Nikolay Gogol umri oxirlarida ko‘plab asarlarini yoqib yuborish kayfiyatiga tushib qolgan ekan. Lotin Amerikasining atoqli ijodkori Xorxe Luis Borxes ham intervyularidan birida barmoq bilan sanarli asarlarini olib qolib, boshqalarining bahridan o‘tish istagini bildirgan. Xayriyatki, bungacha har ikki ijodkorning asarlari jamoatchilik mulkiga aylanib bo‘lgandi. Yana bir taskin shuki, Mixail Bulgakov lutf qilganidek, “Qo‘lyozmalar yonmaydi”. O‘zidan qoniqmaslik hissi barcha ijodkorlarga xos tuyg‘u. Sizda ham shunday kayfiyat bo‘ladimi?

– Shunday kayfiyat bo‘lmagan kun ham bormi, deb so‘rang! O‘zidan qoniqmaslik, yozganlaridan ko‘ngli to‘lmaslik – ijodiy jarayonning ajralmas qismi. Qalam ahli bu rindona kayfiyatdan qochib qutulolmasa kerak.

– “Newsweek” jurnali 2009 yili jahon adabiyotining 100 ta eng yaxshi kitobining ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxat munozarali tuyulishi mumkin. Dastlabki beshtalikdan quyidagi asarlar o‘rin olgan: “Urush va tinchlik” (Lev Tolstoy), “1984” (Jorj Oruell), “Uliss” (Jeyms Joys), “Lolita” (Vladimir Nabokov), “Shovqin va g‘azab” (Uilyam Folkner). Yuqori beshtalikda she’riy kitob yo‘qligi adolatsizlik bo‘lib tuyulmayaptimi? Sizga qolsa, dastlabki beshtalikka qaysi asarlarni kiritgan bo‘lardingiz?

– Matbuot nashrlari vaqti-vaqti bilan eng yaxshi kitoblar ro‘yxatini e’lon qilib turadi. Bunday reytinglar unutilayotgan kitoblarga omma e’tiborini jalb etishi bilan ahamiyatli. Istaysizmi-yo‘qmi, har bir gazeta-jurnal adabiyotni o‘z qarichi bilan o‘lchaydi-da. Aslida-ku, siz sanab o‘tgan asarlar “Newsweek” (darvoqe, mazkur jurnal endi bosma nashr sifatida mavjud emas, hozir faqat veb varianti qolgan) munaqqidlarining maqtoviga qarab qolgani yo‘q, busiz ham ushbu kitoblar barcha zamonlarning shedevri bo‘lib qolaveradi. Ro‘yxat beshligida she’riy kitoblar yo‘qligiga kelsak, Uisten Xyu Oden yozganidek, poeziya baribir “ko‘ngil vodiysida jon saqlab qolajak”. She’riyat – hayot deb atalgan ummon tubidagi sirli oqim. Odam farzandlari tuzadigan qandaydir ro‘yxatlarsiz ham asl she’riyat umrboqiy bo‘lib qolaveradi. Avvaldan aytib qo‘yay, mening beshtaligim ham doimiy emas, u ham ruhiy holatimga ko‘ra o‘zgarib turadi. Bugun, deylik, Homerning “Odisseya”, Prustning “Yo‘qotilgan vaqtni axtarib”, Robert Muzilning “Odamlik siyog‘idan mahrum kishi”, Servantesning “Don Kixot” asarlari va Shekspirning istalgan pesasini ro‘yxatga kiritishim mumkin. E’tibor bering, “kiritishim mumkin” deyapman. Bir soatdan keyin mutlaqo boshqa asarlarni sanab qolishim ham hech gap emas-da.

– Intervyularingizda shoir Iosif Brodskiyga shogird bo‘lganingizni mamnuniyat bilan qayd etgansiz. Rus va ingliz tillarida bab-baravar ijod qilgan mazkur zullisonayn so‘z san’atkori o‘z davrida ko‘plab qalam sohiblariga kuchli ta’sir ko‘rsatgan, shunday emasmi? Ijodiy kamolotingizda Brodskiyning turgan o‘rni qanday deb o‘ylaysiz?

– Brodskiyni qanchalik hurmat qilsam, undan shunchalik hayiqib ham turardim. Yigirma uch yashar paytim – mashg‘ulotlarida eng yosh talaba cifatida qatnashardim. Yaxshimi-yomonmi, ustozning o‘gitlari va saboqlarini boshqalardan ko‘ra ko‘proq oldim. She’riyat Brodskiy uchun e’tiqod darajasidagi muqaddas tushuncha edi. Men ham ana shu sehrli olamga oshufta bo‘ldim. Ustozning aqlni muttasil peshlash, izchil izlanish hamda shakl va mazmun mushtarakligiga erishish yo‘lidagi harakatlari meni hamisha hayratga solgan. Har hafta 100 satrdan she’r yodlab, sinovdan o‘tardik, endi o‘ylab qarasam, bu nainki quvvayi hofiza uchun, balki she’riy didni shakllantirishga ham katta yordam bergan ekan. Ustoz Kavafis, Milosh, Herbert, Hardi, Oden singari shoirlar haqida yoniq ishtiyoq va donishmandlik bilan ma’ruzalar o‘qir, o‘zidagi ko‘tarinki ruhni bizlarga ham yuqtirardi. uning asarlari, xususan, prozasi o‘z ijod yo‘limni topishimda yo‘lchi yulduz vazifasini bajargan. Hozir ham qo‘limga qalam olganimda, uning hikmatlari qulog‘im ostida jaranglab turgandek bo‘ladi.

– “Kitobni yoqishdan ham og‘irroq gunohlar bor. Ulardan biri –o‘qimaslik” deydi Iosif Brodskiy. Atoqli o‘zbek yozuvchisi Asqad Muxtorda ham shunga hamohang fikr bor: “Kitob – boylik, lekin sotib olingani emas, o‘qilgani”. Qalam ahli uchun kitobxon talabi va didiga moslashish zarur, deb hisoblaysizmi? O‘zingiz nima uchun yozasiz: ko‘ngil halovati uchunmi yo o‘quvchi orttirish uchunmi?

– Men turli kayfiyatda qo‘limga qalam olaman. Daf’atan qilingan so‘z kashfiyoti yoki yombidek quyma topilmalar ko‘nglimni yorishtirib yuboradi, yetmish ikki tomirimda favqulodda halovat tuyaman. Boz ustiga, ijod meni kitobxonga yaqinlashtiradi, asarlar vositasida o‘quvchi bilan fikr almashaman, muloqot qilaman. Ijod sururi degani ham aslida shu.

– “G‘oyib bo‘lgan ma’budni izlab” (Things of the Hidden God) asaringizda e’tiqod masalasini ko‘targansiz. Kurrai arzda qiblasini yo‘qotgan, imondan mosuvo kimsalar ko‘payib borayotgani fikr ahlining kuchli xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Sizningcha, Xudoni tanishda she’riyatning o‘rni qanday? Aynan she’riyat haqida so‘rayotganim bejiz emas. Zero, Pushkin shoirni payg‘ambar deb ulug‘lagan. Qolaversa, she’rning imon qo‘nimgohi sanalmish qalbga kuchli ta’sir etishi ilmiy tadqiqotlarda ham isbotlangan.

– To‘g‘ri sezibsiz, men bu asarda she’riyat va ibodat o‘rtasida mushtaraklik bor, degan qarashni ilgari surganman. She’riyat ham, ibodat ham insonning ichki sezimlari bilan chambarchas bog‘liq. Bu mening shaxsiy qarashim, Amerika ilmiy va adabiy doiralari ham shunday fikrda degan da’vodan yiroqman.

– Olimlarning hisob-kitobiga qaraganda, insoniyat tarixida 5000 yil davomida 14500 atrofida urush bo‘lgan, muhorabalarda 3,5 milliard odam qirilib ketgan. Urush sizni hamisha bezovta qilgan og‘riqli mavzulardan sanaladi. Dovyurak qalamkash sifatida tahlikali 1992–1996 yillarda “porox solingan bochka” – Yugoslaviyaga safar qilgansiz. Qirg‘inbarot tufayli Bolqon xalqlari boshiga tushgan musibatlar haqida yozgansiz. Paradoksni ko‘ringki, insoniyat tafakkuri va axloqiy qarashlari yuksalgani sari, qirg‘in qurollari ham tobora dahshatli kuchga ega bo‘lib bormoqda. Ko‘zdagi yoshdek qalqib turgan jahonda ziddiyatlar oldini olishda adabiyotning o‘rni qanday bo‘lmog‘i lozim? Umuman, bugungi adabiyot urushlarga qarshi turishga qodirmi?

– Insoniyat tarixini urushlar tarixi, desa ham bo‘ladi. Asarlarimda odamzod sog‘lom tafakkur qilmas ekan, bir-biriga qurol o‘qtalish uchun sabablar har doim topilishi haqida yozganman. Bolqondan Afg‘onistonga qadar, Livandan Iroqqa qadar – qirg‘in maydonlarida ko‘rgan-kechirganlarimni qog‘ozga tushirarkanman, urushlarga butkul barham beraman, degan xomxayolda emas edim. (Koshki, asarlarimni o‘qib ahli harb qo‘lidagi zormonda qurolini tashlasa!). Shoir Zbignev Herbert “Qamaldagi shahardan xabar” she’rida shunday yozadi:

Qirchillama askardek qurol
 tutishga yo‘l bermadi keksalik –     
Shafqat qilib, topshirdilar
 menga solnoma bitmoqni.
Bilmam, bundan kimga ne naf, lek
 yozishga kirishdim qamal tarixin.
Xato qilmoq mumkin emas, ammo
 bilmasman urush ibtidosini –
Ikki asr avval dekabr yo sentyabrda
 boshlandimi, yoxud kuni kecha,    
Vovaylokim, vaqt sezgisidan
 mosuvo bo‘ldik butkul, butunlay.

Nafsilamrini aytganda, ko‘zini hoyu havaslar ko‘r qilgan insonlarga so‘zi va sozi bilan vaqt sezgisini qaytarish – ijodkor zimmasidagi burch. Qildek nozik qalam zildek og‘ir zambarakdan qudratliroq.

– Dovruqli kurashchi Martin Lyuter King notiqlik san’atining nodir namunasi deb tan olingan “Mening shunday orzum bor” nutqida Amerika jamiyatini isloh etish borasidagi nekbin istaklarini izhor qiladi. Siz-chi, nimalarni orzu qilasiz? Amerika jamiyatini qaysi illatlardan tozalashni istaysiz?

– Mustaqillik deklaratsiyasi, Konstitutsiya, Huquqlar haqidagi bill, Qullikni bekor qilish to‘g‘risidagi farmon – bular nafaqat mamlakat qonunchiligi poydevori, balki hurlik yo‘lidagi mayoq ham sanaladi. Linkoln, Kennedi, King, Obamaning tarixiy nutqlari, Emerson, Toro, Uitmen, Dikinson, Melvill, Hotorn, Po, Tven, Jeyms, Xeminguey, Fitsjerald, Paund, Eliot, Stivens, Mur va boshqa zamondosh yozuvchi-shoirlar ijodi ham jamiyatni to‘kis ko‘rish istagi bilan yo‘g‘rilgan. Biz nomukammal jamiyatda hayot kechirmoqdamiz, bu esa siyosiy jarayonlarga taranglik va qizg‘in kurash tusini beradi. Butun umr e’tiqodiga sodiq qolgan Martin Lyuter King “Koinotning mehvari – adolat, agar u poymol bo‘lsa, Yer ham o‘z o‘qidan chiqib ketadi” deya bong urgandi. Ijodim bilan oz bo‘lsa-da, adolatga xizmat qilish orzusidaman.

– Qalam ahli hayratga moyil keladi. Bu tuyg‘udan mahrum odam ijodkor bo‘lolmasa ham kerak. Yurtimizdagi qaysi holatlar sizni hayratga soldi? Safar asnosida Sizni ilhomlantirgan, qo‘lga qalam olib, qog‘oz qoralashga undagan vaziyatlar ham bo‘ldimi? O‘zbek adabiyoti xususida qanday xulosalarga keldingiz?

– Cayohatimizning har bir lahzasi hayratangez kechdi, desam, gapimni mehmon mulozimatiga yo‘ymassiz. Oftobning mo‘l-ko‘l nuri, benazir tabiat manzaralari, milliy taomlar va kiyimlar – hamma narsa menga qiziqarli va jozibali ko‘rindi. Hozircha O‘zbekistonga safarimiz haqida “WhitmanWeb” hamda “Orion” elektron jurnallariga maqolalar yozdim, she’rlar qoraladim. Yondaftarimdagi qaydlar yana ul-bul qoralamalarga xamirturush bo‘lar. Adabiy an’analaringiz bilan yaqindan tanishay, o‘rganay, keyin xulosa aytsam yarashadi.

– O‘zbekistonga ilk safar payti jurnalistlar bilan uchrashgandingiz. O‘sha muloqotda o‘zbek adabiyoti – Amerika o‘quvchisi uchun terra incognita (noma’lum hudud) degandingiz. Xalqlarimiz o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish, ikki adabiyot vakillarini bir-biriga tanitish, noma’lum hududni kashf etish uchun yana nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

– Avvalo, O‘zbekistonda ham, Amerikada ham badiiy tarjimani yanada jonlantirish lozim. O‘zaro almashuv dasturlaridan samarali foydalanish kerak. Qalam ahli bir-birini yaqindan tanimog‘i uchun yuzma-yuz uchrashuvlarni ko‘paytirish, masofaviy muloqotni kuchaytirish maqsadga muvofiq, deb bilaman.

– Siz rahbarlik qilayotgan Xalqaro badiiy ijod dasturi (International Writing Program) dunyo adiblariga o‘zaro tajriba va fikr almashish imkonini bermoqda. Bilishimcha, Nobel mukofoti sohiblari O‘rxon Pamuq va Mo Yan ham dasturingiz mehmoni bo‘lgan. Hozirgacha dasturga to‘rt nafar o‘zbekistonlik ijodkor ham taklif etildi. Kelgusida loyihada yurtimiz ijodkorlarining qatnashish imkoniyati qanday?

– Xalqaro badiiy ijod dasturi doirasida Ayova universiteti dunyoning turli davlatlaridan keladigan yozuvchi-shoirlarni o‘z bag‘riga oladi. 1967 yildan beri madaniyatlararo robitani kuchaytirishga xizmat qilayotgan ushbu dastur bo‘yicha 140 dan ortiq mamlakatdan 1400 nafardan ziyod yozuvchi Ayovada yashab ijod qildi. AQSh Davlat departamenti qirq yildan buyon xalqaro dasturni moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ijodiy loyiha uchun, shu bilan birga, hamkor mamlakatlar madaniyat vazirliklari, davlat va nodavlat tashkilotlari, xususiy jamg‘armalar va donorlar tomonidan mablag‘ ajratiladi. Ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlaridan ko‘proq yozuvchilarni taklif etish maqsadida moliyaviy manbalar qidirmoqdamiz. Ijodiy hamkorlik borasidagi takliflarga muntazirmiz. Qalam ahli o‘rtasida muloqotni jonlantirish, do‘stlikni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz yangi bosqichga chiqishiga ishonaman.

Sobirjon Yoqubov suhbatlashdi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 9-son