Hamma gap – ustozda! (Akademik Aziz Qayumov bilan suhbat) (2015)

Ustozlar so‘zi va ibrati biz uchun g‘oyat qadrlidir. Akademik Aziz Qayumov bilan ustoz-shogird ibrati xususidagi suhbatimiz o‘z hayotiy tajribalari va hazrat Alisher Navoiyni shu darajaga yetkazgan ustozlari haqida bordi.

— Ustoz, tarbiya va ta’lim, shubhasiz, kelajak poydevori. Xalqimiz qadim-qadimdan ustozga hurmat-ehtirom ko‘rsatgan. Bu esa farzandlar kamolida o‘z ifodasini topgan. Sizning ilmiy-ijodiy faoliyatingiz bilan tanishuv biz uchun qiziqarli, ayni vaqtda ibratlidir. Ilk maktab davringiz, adabiyotga mehr uyg‘otgan ustozlaringiz haqida so‘zlab bersangiz?

— Albatta, ustoz-murabbiy, ayniqsa, boshlang‘ich ta’lim bergan o‘qituvchi faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Bizning yoshligimizda ham boshlang‘ich sinfda bitta o‘qituvchi tahsil bergan. Birinchi sinfdagi o‘qituvchimiz Hamzaxon Abbosov domla, keyinchalik ona tili va adabiyoti fanidan o‘ninchi sinfgacha saboq bergan, juda bilimdon va fazilatli inson edi. Qolgan o‘qituvchilarim ham yodimda.

Hamzaxon Abbosov domla tinimsiz izlanib, fan bo‘yicha yangiliklarni o‘z vaqtida o‘zlashtirib, bizga yetkazardilar. Ammo biz, yosh avlod Alisher Navoiy ijodini bilmasdik. Bir voqea hamon yodimda. Aksariyat joylarda, Qo‘qonda ham mahallalar o‘sha yerda yashaydigan hunarmandlar nomi bilan atalardi. Masalan, Taqachilik, Kosiblar, Paxtachi, shunga o‘xshash… Biz ­Navoiy mahallasida turardik. O‘quvchilik vaqtimiz bir tengdoshim: “Sizning mahallangizda novvoylar yashashadimi?”, deb so‘ragandi. Navoiy haqidagi bilimimiz shu darajada edi. Hozirgiday kitoblar bo‘lmagan. Navoiyshunoslik bugungi darajaga yetib kelgunga qadar katta yo‘l bosib o‘tdi.

O‘zbekiston xalq shoiri Charxiy meni adabiyotga, she’riyatga oshno etgan. Ilk she’riy mashqimni ko‘rib, tahlil qilib, maslahat bergan. O‘zlari jussasi kichik, kamtar, lekin dunyoni yelkasida ko‘taradigan mard kishi edilar. Odamiylik fanini muhtarama onamiz o‘rgatganlar.

Adabiyotni Sotti Husayn yozgan darslikdan o‘qiganmiz. Olim Sharafiddinov ulug‘ alloma shoirimizning tarjimai holini birinchi bo‘lib yozgan. Bu kitobni men qayta-qayta o‘qiganman. Oybek domlaning kirish maqolasi bilan bosilib chiqqan “O‘zbek she’riyati antologiyasi” asosiy o‘quv kitobi, dasturday qabul qilingan… Bugungi zamonaviy maktab, jild-jild darslik, adabiyotlarning qadriga yetish kerak.

Oliy o‘quv yurtida va undan keyingi davr­da menga Vohid Zohidov ustozlik qildi. U kishining xayrixohligida mumtoz adabiyotimizni o‘rganish borasida bir qator ishlarni amalga oshirdik, mumtoz adabiyotimizni o‘rganish, jumladan, navoiyshunoslik jarayonida har bir yangilikni muntazam kuzatib bordim. Faoliyatim davomida bilimli ustozlar suhbatida bo‘ldim.

— Ustoz-shogirdlik an’anasi borasida hazrat Alisher Navoiy ibrati beqiyosdir. Bo‘lajak mutafakkirning kamol topishida otasi G‘iyosiddin kichkinaning mehnatlari katta bo‘lgan. Bu haqda ilmiy risolalaringizda atroflicha to‘xtalgansiz. Sodda bayon, voqealar tasviri o‘quvchi ko‘z oldida yaqqol gavdalanadi. Demak, ustoz-shogirdlik an’anasi ota-farzandlik darajasiga ko‘tarilganki, xalqimizning: “Ustoz otangdek ulug‘”, degan iborasi o‘sha davr­larda ildiz yoygan bo‘lsa kerak?

— Alisher Navoiyning buyuk alloma sifatida shakllanishida, avvalo, otasi G‘iyosiddin kichkinaning mehnatlari katta. Shuningdek, Sulton Abulqosim Bobur, Said Hasan Ardasher, Sulton Husayn Boyqaro, Abdurahmon Jomiy bilan ustoz-shogirdlik, ota-bolalik, do‘stlik aloqalarini ta’kidlash joiz. Ayniqsa, Jomiy va Navoiy munosabatlari tahsinga sazovor. Navoiy yashagan muhit, uning atrofidagi homiylar, ustozlar va do‘stlar ulug‘ shoirni yaratdilar. Bu yuksak namunadir.

Mustaqillik yillarida Navoiy va uning ustozlari o‘rtasidagi munosabatlar atroflicha o‘rganildi. Shu o‘rinda ustoz va shogird an’anasi mavzusiga biroz to‘xtalmoqchiman.

Alisherni to‘rt yoshidan boshlab maktabga berganlaridan ota-onasining farzandga nechog‘li e’tibor qaratishganini anglab olish mumkin. U olti yoshida Qur’onni o‘rgangan, bolalik yillaridayoq mashhur “Qushlar mantiqi” dostonini yod olgan. Qarang, ­Qur’on arab tilida, “Mantiq ut-tayr” dostoni fors tilida bitilgan. Demak, unga bolalikdan, balki oiladayoq ona tilidan tashqari arab va fors tilini chuqur o‘rgata boshlaganlar. Ayniqsa, G‘iyosiddin kichkina oilasidagi ijodiy muhit, bu xonadonga shoir, san’atkor, ma’rifatli kishilarning tashriflari, nafislar majlisi yosh Alisherda nazmga muhabbat uyg‘otgan. Bu suhbatlar xuddi dars kabidir. Maktab sabog‘ining ilk yillarida tasavvuf ilmida g‘oyat bilimdonligi bilan mashhur bo‘lgan, G‘iyosiddin kichkina xonadoniga tez-tez kelib turadigan Hofiz Ali Jomiydan qiroat darsini oladiki, shu jarayonda g‘azal o‘qish san’atini egallaydi. Shuningdek, Sabzavorda yashaganlarida otasining doimiy suhbatdoshlari – Xoja Yusuf Burxondan musiqiy ilmni, Darvesh Mansur Sabzavoriydan esa Chinorli madrasasida aruz ilmini o‘rganadi. To‘rt yoshidan tahsil olishni boshlagan Alisher butun umri davomida o‘qish, izlanish bilan yashadi. Ayni vaqtda o‘zi ham ko‘plab shogird­lar yetishtirdi.

— Alisher Navoiyning olgan bilimlari, ijodiy salohiyati bois sultonning, qolaversa, yurtning donishmandlari e’tiboriga tushgani ma’lum. Ayniqsa, buyuk mutafakkir asarlaridagi Sayyid Hasan Ardasher bilan munosabatlari bayoni shundan dalolatdir…

— Abulqosim Bobur va otasining vafotidan so‘ng 15-16 yoshda g‘azallari bilan elga mashhur bo‘lgan Alisher Navoiy Sayyid Hasan Ardasher bilan tanishdi. Qirq yoshlardagi bu insonning otasi Boysung‘ur sulton davridan boshlab saroy xizmatida yurgan, ham shoir, ham olim, ham davlat arbobi bo‘lib tanilgan edi. Sayyid Hasan Ardasher odob, ilm bobida komil bo‘lsa-da, yig‘inlarda kam so‘zlar, andishali zot bo‘lgan ekan. Bu haqida Alisher Navoiy “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” nasriy asarida shunday yozadi: “Ammo adab va hilm va tavozu’ va hayo zotlarig‘a aningdek — g‘olib ermishkim, bu mujmal mazkur bo‘lg‘on fazo­yildinki, tafsili: sarf va nahv va lug‘at va arabiyat va mantiq va kalom va fiqh va hadis va tafsirdur va soyir tasnifot, misli: she’r va muammo va ta’rix va nujum va advor va musiqiy bo‘lg‘ay agar ba’zi majolisda so‘z o‘tsa erkandur, bovujud ulki, majlis ahlining ko‘pidin yaxshiroq bilur erkandurlar ham hayo va adab jihatidin, ham birovga, ilzomu xijolat yetmasun deb, ko‘p so‘z aytmas ermishlar, balki ko‘p majolisda takallum ham qilmas ermishlar”.

Sayyid Hasan bilan Alisher Navoiy dunyo­qarashi, she’riyatga munosabatiga ko‘ra bir-biriga hamohang kishilar bo‘lib chiqdilar. Garchi ularning yoshlarida ancha farq bo‘lsa-da, mushohadalari mushtarak edi. Ularni chin do‘stlik, ma’lum darajada ustoz-shogirdlik, ota-bolalik tuyg‘ulari bog‘lab turar va buni Navoiy qalbdan his etadi: “Va bu faqirni faqr tariqig‘a dalolat va irshod qilurlar erdi va nazm ayturg‘a targ‘ib ko‘rguzurlar erdi”.

Navoiy Samarqandda yashab turganida Sayyid Hasanga, Hirotga yo‘llangan “Hasbi hol” she’riy maktubida “Janobingga shogirdu farzand men”, deb ustozini ulug‘lagan edi.

Samarqandda mashhur mudarris Xo‘ja Jaloliddin Fazlulloh Abu Lays qo‘lida ta’lim oldi. Bu muborak zotning ota-bobolari ham Samarqandda mashhur olim va fozil kishilar bo‘lgan. Xo‘ja Jaloliddinga mudarrislik fatvosini yozib bergan Said Sharif rahbarligida ham tahsili ulum qildi.

Navoiy 1469 yilda Samarqanddan Hirotga qaytgach, Abdurahmon Jomiy bilan yaqindan tanishadi. Bu vaqtda Jomiy ko‘p bilimlarni o‘rganib, ilm va badiiy ijodda ulkan yutuqlarga erishgan, ustozi Sa’diddin Koshg‘ariy maqbarasida yashar, Hirotning ko‘p fozillari bu yerga Jomiyni ziyorat qilgani kelishardi. Ajabki, ular orasidagi yosh far­qi katta. Alisher tug‘ilgan yili Abdurahmon Jomiy 27 yoshli yigit bo‘lsa, Navoiy shoir sifatida tanilganida Jomiy o‘z davrining mashhur mutafakkiri sifatida dong taratgan mo‘ysafid edi. Navoiy Jomiyni ta’riflab ko‘p she’rlar bitgan, uni o‘zining eng yaqin do‘sti, ustozi, maslahatgo‘yi sifatida Mahdumi Nuran (Nurli mahdum) deb ulug‘lagan. Abdurahmon Jomiyning do‘stligi, mehr-oqibati, o‘ziga nihoyatda g‘amxo‘r ekanini ta’riflab yozadi: “Bu nav’ sohib davlati buzurgvor va bu yanglig‘ sohib kamoli nubuvvat kirdor bu xoksori parishon ro‘zgorni azim iltifotlari bila sarbaland va g‘arib navozishlari bila arjumand qilib, abnoyi jinsim aro sarfaroz, balki jinsi bashardin mumtoz qilur erdilar”.

Jomiy bilan Navoiyni do‘stlashtirgan narsa faqat ularning katta falsafiy masalalardagi hamfikrligi, jamiyat va tabiat hodisalarini bir xil talqin etishlaridagina emas, balki kishilarga munosabatlari, dunyoqarashlari, xullas, insoniy fazilatlari ham deyarli bir xilligida edi.

Jomiyning vafotidan so‘ng Navoiy ustoz shoir va mutafakkir xotirasiga bag‘ishlab “Xamsat ul-mutahayyirin” asarini yozdi. Jomiyning ijodi va hayot yo‘lini izohlab, ota-bobolarining kimligini, Jom viloyatida tug‘ilgani, bilimini boyitish uchun Hirotga kelgani, bitar ekan, u kishining suhbatiga hamma intiq bo‘lib, shoir, olim, fozillar qatori oddiy odamlar ham u kishining ziyoratiga oshiqardi, men ham o‘shalarning orasida bo‘lardim, deydi Alisher Navoiy.

Sulton Husayn davrida Hirotga qaytgandan keyin ikki alloma o‘rtasida boshlangan muloqotlar bir umr davom etdi. Agar Jomiy bo‘lmaganda Navoiy, Navoiy bo‘lmaganda Jomiy bu qadar yuksak darajaga erishmas edi. Bir-biriga suyangan, bir-biridan hamisha ruhlanganliklari, do‘stlik-hamkorliklari “Xamsat ul-mutahayyi­rin”da juda ko‘p misollar bilan izohlangan.

Iki pil o‘lsa Xusrav yo Nizomiy,

Erur yuz pil chog‘lig‘ pil Jomiy.

Kitob uch bo‘limdan iborat bo‘lib, avvalida ikki o‘rtada bo‘lib o‘tgan suhbat va voqealar haqida so‘z boradi. Ikkinchi bo‘limida ular o‘rtasidagi yozishmalar bor. Uchinchi qismida Jomiy asarlari ko‘rsatilgan. Har ikkovlari buyuk Hirot madaniyatini yaratishdi.

Yorab, bu maoniy durrining ummoni,

Bu donishu fazl gavharining koni

Kim, aylading oni olam ahli joni,

Olam eliga bu jonni tut arzoniy.

— Navoiy ijodi — biz uchun katta xazina. Bu xazinadan barcha birdek bahramand bo‘lishi uchun nima qilish kerak, deb o‘ylaysiz? Albatta, bu masala ham tom ma’noda ustoz-shogirdlik masalasiga borib taqaladi.

— Bu borada ikkita misol keltirmoqchiman. Birinchidan, Alisher Navoiyning ijodini, avvalo, oddiy maktab o‘qituvchisi yaxshi bilishi va yosh avlodda bu ulug‘ merosga muhabbat uyg‘otishi kerak.

Ikkinchidan, Navoiy asarlari mag‘zini o‘quvchilarning yoshini e’tiborda tutgan holda soddalashtirib bayon qilish natija berishi aniq. 1985 yilda A. Serikova degan bir rus turkolog olima “Xamsa” dostonlarini sodda qilib, rus tilida qayta yozib chiqqan edi. Bu kitobcha hammaga ma’­qul bo‘ldi. Ayniqsa, rus tilida o‘qitiladigan maktablarda bu kitobchani qidirib yurishardi. O‘qituvchilar bundan samarali foydalanganlar. Mana, sizga ikkita misol.

Kattalar uchun esa Navoiy asarlarining nasriy bayonlarini tayyorlash lozim bo‘ladi. Ulug‘ shoir asarlarini bevosita o‘qib-o‘rganish uchun esa, kitobxondan alohida tayyorgarlik talab qilinadi.

Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlayman. “Boburnoma”ning tabdil etilishi, buyuk mutafakkirga bag‘ishlangan entsiklopediya nashri diqqatga sazovor.

Alisher Navoiy ijodini o‘rganish borasida ham oldimizda katta ishlar turibdi. Hamma gap maorifda, millatning kelajagi — ustozlar qo‘lida.

Humoyun Akbarov suhbatlashdi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 13-son