– Odatda, ta’qiblar, tazyiqlar va zug‘umlar ijodkorni jim yurishga majbur etishi mumkin. Bunga uzoq-yaqin o‘tmishimizdan ko‘plab misollar topsa bo‘ladi. Siz – ana shunday fikrni erkin aytish qiyin kechgan turg‘unlik zamonlarida publitsistik maqolalar, hatto she’riy majmualarga taqrizlar yozgan ijodkor – oshkoralik boshlangach, nimagadir jim bo‘lib ketdingiz. Buni yaqinda o‘zingiz ham matbuot orqali, meni oshkoralik gung qildi, deb tan oldingiz. “Gunglik”ning boisi nimada?
– Bu savolni so‘nggi paytlarda ko‘p eshityapman: nega jimsiz? Axir, men hech kimga shovqin-suron solaman, deb va’da berganim yo‘q edi-ku. Kitoblarimni o‘qib, undagi qahramonlar xiyla faol, jangari, isyonkor bo‘lgani uchunmi, ko‘pchilik o‘zimni ham shunday toifadan deb o‘ylaydi chog‘i. Aslida unday emas: menga ko‘proq miskinlik, kamsuqumlik ma’qul.
Keyingi yillarda shovqin-suron kuchayib, menga o‘xshaganlarning sokin, o‘ychanroq ovozlarini bosib ketdimi deyman-ov.
Siz aytgan maqolalar men uchun o‘tkinchiroq narsalar edi. Maqolanavislik bilan jiddiy shug‘ullanmaganman. Oshkoralik juda ko‘plab qalamkashlarni yuzaga chiqardi. Ular bu ishni yomon uddalamayapti. Har kim o‘z ishini qilgani ma’qul. Men hikoya, qissa yoki shunga o‘xshash narsalar yozaman. Yozganlarim – yaxshidir, yomondir – o‘zimniki, boshqalar bunday yozmaydi. Shunisi muhim.
– Maqolanavislik bilan-ku shug‘ullanmas ekansiz, oshkoralik zamonining ro‘znomalarini kuzatib borayotgandirsiz.
– Asti so‘ramang: ro‘znomaxo‘r bo‘lib qoldim. Ba’zan do‘stlarim, siyosatshunos bo‘lib ketding, kecha yana tonggacha sessiyaxonlik qilgandirsan, deb hazillashishadi. Bir dunyo gazeta-jurnalga obuna bo‘lganman, hammasini boshdan-adoq o‘qiyman. Bugun matbuot qiziqarli bo‘lib qoldi. Lekin shunga amin bo‘ldimki, ro‘znomaxonlik ijod kishisini ancha faoliyatsiz, dangasaroq qilib qo‘yar ekan. Odam xumoridek bo‘lib qoladi. Soat nechada “Axborot” bo‘ladiyu “Vzglyad” qachon – bilasiz, besabr kutasiz. Siyosiy o‘yinlar mahorat bilan ijro etiladigan sahnaning irodasiz tomoshabiniga aylanasiz go‘yo. Eng achinarlisi – bular fikriy mustaqillikni olib qo‘yar ekan…
– Sezishimcha, sessiyaxonligu ro‘znomaxo‘rlikdan ko‘nglingiz sovigan?
– Ha, bugun hammasidan ko‘ngil qoldi. Qayta qurish boshlanganda endi adolat tantana qiladi, haqiqat qaror topadi, degan gaplar aytilgan edi. Lenin yo‘lidan toyib ketgan ekanmiz, kelinglar, haqiqat sari yuraylik, degan chaqiriqlar yangradi, bu borada dastlab qandaydir qadamlar ham qo‘yildi: nopok odamlar lavozimidan olindi, jazolandi, ko‘p haqiqatlar aytildi. Yetmish yil yolg‘onga ishonib yashagan jamiyat ahli uchun bu katta gap edi. Ishondik. Endi hayotimiz halol, farovonroq bo‘ladi, deb o‘yladik. Bugun ko‘rsak andak shoshgan ekanmiz…
Hozir ro‘znomalarni o‘qib, qaysi maqolaning tagida qaysi kuchlarning qanday maqsadlari yotganini bexato ayta olasiz. Qayta qurish degani siyosiy da’volarning odatdagi to‘qnashuvimasmikan, degan xavotirlarga borasiz ba’zan. O‘ylab ko‘rilsa, kishilik tarixi ana shunday o‘yinlardan – ma’lum bir to‘dalarning, guruhlarning o‘zaro muhorabasidan iboratdek tuyuladi. Goh bu iqtisodiy, goh mafkuraviy kurash shaklida namoyon bo‘lsa, goho ikki to‘pori sardorning “sen zo‘rmi, men zo‘r” qabilidagi jo‘ngina musobaqasidan nariga o‘tmas ekan. Siyosatdan hafsalam pir bo‘ldi.
Qarang, qayta qurishning boshida uzangisidan ayrilgan ko‘p zotlar qaytib joy-joyini egalladi. Kim amaldorlikka da’vogar bo‘lsa, kim mansab ko‘yida o‘rtangan, unga intilgan bo‘lsa – burni qonagani yo‘q. Orada peshonasi salgina g‘urra bo‘lganini aytmaganda, tag‘in jonajon oromkursisini egalladi: kimdir o‘rmalab, boshqasi emaklab, yana birovi eski tirgovichlariga tayanib. Xullas, manzara o‘sha-o‘sha: ortda yurgan bugun ham ortda. Ishonmasangiz, atrofingizga bir qarang. Bedavo dardlarimiz – poraxo‘rlik , tanish-bilishchilik kamayish o‘rniga, battar gazak olgani-chi!
Shularni ko‘rib, qayta qurish sha’niga chapak chalgan qo‘llaringiz shalvirab qoladi.
– Yozuvchi va shoirlarimiz badiiy ijoddan ko‘ra ko‘proq siyosiy maqolanavislik bilan mashg‘ul bo‘la boshladilar. Bu, bir jihatdan quvonchli, albatta…
– Lekin badiiy ijodning, adabiyotning rutbasi tushib ketdi, demoqchisiz-da? Darhaqiqat, hozirgi kunda, masalan, muhabbat haqida yaxshi bir asar yaratilsa, amin bo‘lavering, izsiz, aks sadosiz ketadi. Eslang, turg‘unlik yillarida anchayin bir hikoya yoki she’r chiqsa, qanday gap bo‘lib ketardi!
Jamiyatimizning barcha qatlamlarida siyosat, yakka mafkura hukmronlik qilib, hujayra-hujayralarimizga singib ketgan edi. Lekin, ajabki, bizda chinakam siyosatchilar yo‘q edi. Nomenklatura (noma’qulto‘ralar) sanog‘idagilarni siyosatchi deb bilardik. Go‘yo tug‘ilgandayoq ularning peshonasiga tamg‘a urilgan: sen albatta rahbar bo‘lasan, sen esa – ijrochi. Boshqalar siyosatga aralasholmasdi. Holbuki, noma’qulto‘ralar siyosatchi emas, balki yuqorining topshirig‘ini quloq qoqmay bajaradigan qulluqchi gumashtalar edi, xolos.
Ana shunday sharoitda xalqimizning uyg‘oq va ilg‘or qismi – yozuvchilar, shoirlar, jurnalistlar, keyinchalik ba’zi olimlar ham siyosat bilan shug‘ullanishni zimmaga oldilar. Bilishimcha, bugun ularning ko‘pchiligi pushaymon: umr qisqa, siyosat o‘tkinchi, “mehr qolur, muhabbat qolur” – adabiyot esa boqiylikka daxldor.
Yana bir toifa ijodkorlar borki, go‘yo uzlatga ketdi: yo jimgina ijod qilyapti, yo hayron bo‘lib yuribdi, yoki mushohada bilan band… Bu hol ko‘pincha shaxsning tabiati, hayot tarzi bilan bog‘liq, nazarimda.
Ajabki, turg‘unlik yillarida adabiyotning ham, yozuvchining ham nufuzi baland edi. Ammo yozuvchilar tashkilotining ham, ijodkorning ham jilovi partiyaning qo‘lida edi. Partiya esa, istasa bor qilardi, istamasa – yo‘q. Partiyaviy adabiyot, ya’ni saroy adabiyoti har tomonlama rag‘batlantirilardi. Shunday qaramlik zamonida ham adabiyotning gullagan chog‘lari bo‘lgan. Uzoqqa bormay, Chingiz Aytmatovning “Oq kema”sini yoki Abdulla Oripovning she’rlarini olaylik. Ularda hayot haqiqati shundoq silqib turibdi. Lekin adabiyotimiz baribir yuqoridan boshqariladigan, tekshiriladigan, nazorat qilinadigan adabiyot edi. U siyosatning cho‘risiga, maddohiga aylanib qolgan, publitsistikaga yaqin bir mashg‘ulot edi.
– Sizningcha, adabiyotning taqdiri nima kechadi? Bizga adolatli qonunlar, farovon va erkin turmush qanchalik zarur bo‘lsa, haqiqiy adabiyot ham shunchalik zarur.
– Adabiyot baribir o‘sadi, rivojlanadi. Nazarimda, endigina publitsistika o‘z ishini, adabiyot o‘z ishini qila boshladi. Xudoga shukr, u maddohlikdan, xushomadgo‘ylik illatidan qutulib bormoqda. U – inson, insonning taqdiri, ruhiy olami haqidagi san’at. Undan biz, ilgari bo‘lgani kabi, davr ruhini aks ettirgin deb siyosatlashuvni talab qilsak, yana o‘ladi. “Asaringga falon plenum qarorlari ruhini singdirmabsan”, degan ta’na-dashnomlarni ham ko‘p eshitganmiz-da.
Hozir alg‘ov-dalg‘ov, hovliqma bir zamon. Bunday paytda nafis adabiyotning ovozi baralla eshitilmasligi tabiiy. Qolaversa, yozuvchilarda balki qandaydir dovdirashlar sodir bo‘layotgandir, harqalay, ular ham yuqoridan ko‘rsatma kutishga o‘rganib qolgan-da. Lekin, aminmanki, adabiyot baribir o‘zligiga qaytyapti. U hozir teran bir izlanishda.
– Erkin aka, siz yozuvchilikni qanday tushunasiz? Ulug‘lardan biri uni isyon deb atabdi. Bu fikrga nima deysiz?
– To‘g‘ri gap. Ijod mavjud muhitdan qoniqmaslikdan tug‘iladi. Ijodkor xayolida boshqacharoq, mukammalroq dunyo yaratgisi keladi. Insonni barkamolroq ko‘rishni istaydi, deyish ham mumkin. Bu istak, norozilik isyonga yaqin tuyg‘u-da. Bir ijodkorning hayotga munosabati isyon shaklida, birovniki mulohaza shaklida namoyon bo‘ladi. Masalan, o‘zim tasvirlayotgan voqelikda “yashash” menga maroqli. Binobarin, ijod insonning erkinlikka bo‘lgan hissini qondirish vositasi hamdir.
– Asarlaringizda yumor ruhi bo‘rtib turadi. To‘pori, anoyi, ayni paytda, xiyla qitmir qahramonlarning qiliqlarini, gaplarini o‘qib kulamiz. Siz o‘zingizni hajvga aloqasi bor yozuvchi deb bilasizmi? Umuman, satira-yumorga munosabatingiz qanday?
– Qayerdadir o‘qiganmanki, yozuvchining iqtidor darajasi uning hajvga munosabati bilan belgilanadi, degan mazmundagi gapni. Lekin, qiziq, Chingiz Aytmatovdek ulkan adibning asarlarida yumorni deyarli uchratmaysiz. O‘ta jiddiy, fojiaviy voqea-hodisalar qalamga olinadi. Men esa o‘zimni nurga intiluvchi qalamkash deb bilaman. Ammo, boya aytdim, tabiatan iztiroblarga, miskinlikka ko‘milib yashayman. Menda hajvchilik qobiliyati yo‘q hisobi. Yozmishlarimdagi kulgili o‘rinlarga kelsak, men ularni hajv deb bilmayman. Ular tabiatimdagi zaharxanda, kinoyali qarashlarning mahsuli bo‘lsa kerak. Umrimda latifa aytib birovni kuldirmaganman. Shu bois, falon asaringizni o‘qib kuldik, deganlarida hayron bo‘laman, chunki uni birovlarni atay kuldirish uchun yozmayman. Birgina sirini aytay. Voqelik har xil andozalarsiz, xolis, haqqoniy tasvirlanganda kulgili holatlar o‘z-o‘zidan chiqaveradi.
Umuman olganda, mening adabiyotga, hayotga munosabatim juda jiddiy. Hamma narsaga shunday jiddiy, noroziroq qarashni kamchiligim deb bilaman. Hayotga sal teparoqdan, faylasufona, kulibroq qaragan ma’qul. Uncha-muncha ko‘ngilsizlikni kulgi bilan yengish, kulgi bilan ko‘rsatish mumkin.
Yig‘lab aytilganda ta’sir qilmagan gapni ko‘zyosh aralash kulib aytish san’ati deb tushunaman men chinakam hajviyotni.
– Hayotda shunday damlar bo‘ladiki, tanlagan kasb-koringizdan pushaymon qilib ketasiz. Sizda ham yozuvchilikni tanlaganingizga achingan vaqtlaringiz bo‘lganmi?
– Mo‘jiza ro‘y berib qaytadan tug‘ilsamu tanlash imkoni berilsa, o‘ylaymanki, tag‘in shu sohaning boshini tutardim. Boshqa hunar qo‘limdan kelmaydi.
Achinish masalasiga kelsak, Yozuvchilar uyushmasida bo‘lgan bir-ikki majlisdan keyin pushaymon qilganim rost. U yerdagi bir-birining ustiga mag‘zava ag‘darishlar, o‘zaro to‘n talashuvlarni ko‘rib, shunday xayollarga borgandirman. Birovni yerga urganingiz bilan o‘zingiz osmonga chiqib qolmaysiz-ku! Birovni asossiz maqtaganingiz bilan u iste’dodli, yozgan bitta kitobi ikkita bo‘lib qolmaydi-ku! Bu jo‘n haqiqatni birinchi galda o‘zini yozuvchi deganlar bilishi kerak. Harholda, avom to‘dadan bir bosh baland sanaladi. Ko‘nglida nur o‘ynagan, adolatu ezgulikni bayroq qilgan imon-insofli zot bo‘lmog‘i farz uning!
Shu o‘rinda yana bir gap. Ittifoq (soyuz) degani inoq, hamfikr, hammaslak toifaning o‘zaro ixtiyoriy uyushuvidir. Qirq yil bir qozonga solib qaynatsa ham qoni qo‘shilmaydigan olaquroq olomonni bir joyga yig‘ib, uni sun’iy ravishda “yozuvchilar uyushmasi” deb atash, stalinchasiga markazlashtirib boshqarish vaqti o‘tdi, menimcha.
– Keling, xayolga birpas erk beraylik-da, faraz qilaylik: o‘zga sayyoraga parvoz qildingiz. Manzilda sizga ajoyib zotlar peshvoz chiqib, “Ey aziz mehmon, bizning yurtimizga xush kelibsiz! Ko‘nglingiz tusaganini so‘rang, darhol bajo etamiz”, deyishsa, ulardan nimani tilardingiz?
– Shunday olamshumul mo‘jiza, baxt menga nasib etsa-yu, o‘zimning mayda-chuyda istaklarimni aytsam, uyat bo‘lardi, albatta. Masalan, o‘n yildan buyon bir bedavo dard meni qiynaydi, shuni tuzatib bering, o‘zga sayyoralik do‘stim, deb iltimos qilishim kulgili emasmi? Chunki Yer sharida menga o‘xshagan to‘rt milliard odam borki, hammasi o‘ziga yarasha dardni orqalab yuradi. Yoki, menga bitta “Mersedes” sovg‘a qilsanglar-chi, desam nihoyatda uyatli ish bo‘lardi. Nega bu qadar pastsanlar, ey yerliklar, deya o‘ldirib qo‘yishlari tayin. Shuning uchun men ulardan bunday narsalarni so‘ramas edim.
Matbuotda o‘qiyotgan bo‘lsangiz, shunday faraz borki, odamzod maymundan kelib chiqmagan, uni o‘zga sayyoraliklar yerga sochib ketgan ekan. Bu maxluqning tadrijini, unib-o‘sishini bir tajriba qilib ko‘raylik, degan maqsadda shu ishni qilgan emish. Yana shunday farazlar ham borki, inson ruhi mangu, ya’ni odamzodning umri tugagach, boshqa birodariga yoki biror jonivorga o‘tib jon (ruh) bag‘ishlaydi.
Agar shu taxminlar rost bo‘lsa… inson, jonli maxluqot ustida bunday tajriba o‘tkazish shart emasdi. O‘tkazilganda ham uni bir-birining ko‘ziga cho‘p suqadigan qilib yaratmaslik kerak edi. Bugun shunday taraqqiyotga erishganimizni e’tirof etgan holda, men ularga, shu tajribani boshqa biror joyda, toshlar ustidami o‘tkazsanglar bo‘lmasmidi, degan gapni aytardim. Yana ularning oldida tiz cho‘kib tavallolar qilardimki: “Ey, o‘zga sayyoralik do‘stlar! Modomiki, shu gunohkor zaminga, iztiroblar, fojialar girdobiga tashlab ketgan ekansiz, bizni endi ozgina komil qiling, bir-birimizga ozgina kechirimli qiling, ozgina mehr-shafqatli qiling!”
Boshqa iltimosim yo‘q, chunki qolgani o‘zimizning qo‘limizda.
Bu gaplarni nega aytyapman? Ko‘rgandirsiz, yaqinda televizorda bo‘rilar ichida voyaga yetgan “bugungi kunning Mauglisi” bilan suhbat bo‘ldi. “Odamlar orasida yashash yaxshimi yo bo‘rilar orasida?” degan savolga u xo‘rsinib nima dedi deng? Uning javobini eshitgan inson zoti larzaga tushmasligi mumkin emas…
– Yetmish uch yillik fojialarimizning bosh aybdori – Lenin deb ko‘rsatishga urinishlar bo‘lmoqda. Siz Sergey Alekseevning “Lenin haqida hikoyalar”ini tarjima qilgan mutarjimlardan birisiz. Bunday ta’nalarni eshitganda xayolingizdan nimalar kechadi? Umuman, Siz – badiiy tarjima bilan uncha-muncha shug‘ullanib yurgan yozuvchi, birdan siyosiy adabiyotga qo‘l urishingizning boisi nimada edi?
– G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotning o‘sha paytdagi rahbariyati Xayriddin Sultonov ikkalamizni chaqirib, “Lenin haqidagi hikoyalar”ni tarjima qilib berishimizni so‘radi. To‘plam bolalarga mo‘ljallangan qisqa-qisqa ibratli hikoyachalardan iborat edi. Men hozir ham afsuslanmayman qilgan ishimga. Kitobda yovuzlikni yoki egrilikni targ‘ib qiladigan gap yo‘q. Undan kattalar ham, ayniqsa, rahbar zotlar ibrat olsa arziydi.
Qiziq-da, noraso tuzumning aybimi yoki inson tabiatiga xos bir nuqsonmi, bilmayman, negadir sig‘inmasak yashay olmaymiz. Bu balki koinotda insonning yolg‘izligidandir. Albatta kimgadir suyanib, sig‘inib yashashga o‘rganib qolgan. Moddiy, ma’naviy, mafkuraviy – xullas, barcha jihatdan shunday.
Biz yetmish yil mobaynida Leninning nomi bilan yotib, Leninning nomi bilan turdik. Holbuki, Qur’on o‘rgatadi: dunyoda bandasiga sig‘inma. O‘rislarda ham bor bu gap: “Ne sotvori sebe kumira”. Bandasiga havas qilgin, uni olqishla, sha’niga ofarin ayt, lekin zinhor-bazinhor sig‘inma. Chunki u ham o‘zingga o‘xshagan xom sut emgan.
Bugun Leninni, ochig‘ini aytsak, ayrimlar fashistga ham tenglashtiryapti. Men bunga jur’at qilolmayman. Uni baribir anoyi odam emas edi deb o‘ylayman. Shunday bo‘lmasa, kommunizm degan xomxayolni 73 yildan buyon millionlab odamning ongiga singdirib, Yer sharining yarim aholisini sehrlab qo‘yarmidi!
Lenin asarlarini sinchiklab o‘rgangan odam uning buyuk zahmatkashligiga, o‘tkir aqliga, tashkilotchiligiga tan bermasdan iloji yo‘q. U insoniyat tarixida qoladi, muqarrar. La’natlar bilanmi, rahmatlar bilanmi, unisi endi boshqa gap.
Leninni bugun qoralayotgan bo‘lsak, yana ayb o‘zimizda. U tirilib kelib, menga har qadamda, ayniqsa, qadamim yetmagan olis Toshkentda ham eng barvasta haykalimni qo‘yinglar, oq marmardan hashamatli muzey quringlar, deb aytmagan. Nomimni bo‘lar-bo‘lmas joyga, narsalarga tiqishtiringlar ham demagan. Lenin vafotimdan so‘ng meni onamning yoniga qo‘yinglar, deb vasiyat qilgan ekan, dabdabali mavzoleyda saqlanglar, deb ko‘rsatma bermagan hech kimga. Bu ishlarni biz qildik. O‘zimizning shaxsiy mayllarimiz, da’volarimizni amalga oshirishda uning nomidan foydalanmoqchi bo‘ldik. Stalinning qilmishlari bunga dalil.
Oshkoralik tufayli ma’lum bo‘lyaptiki, Leninning ham xatolari bo‘lgan, oqposhshoning oila a’zolarini mahv etishga bosh qo‘shgan, siyosiy qarashlarini rad etgan ziyolilarni quvg‘inga solgan. Nega shunday bo‘lgan? Axir, u insonparvar, ulug‘ g‘oyalarni ilgari surmoqchi edi-ku? Kommunizmning mohiyati, g‘oyalari insonparvar jamiyat qurishdan iborat emasmidi?! U insonni barkamol qilmoqchi, porloq istiqbolga eltmoqchi edi-ku!
Umuman, kommunizm g‘oyasi nazariy ta’limot sifatida o‘zicha olijanob g‘oya. Noqisligi shundaki, insonning biologik hodisa, ya’ni xom sut emgan banda ekanligi hisobga olinmagan. Mazkur ta’limotda insonning miyasiga quruq g‘oyalarni joylab, uni temirtanga – robotga aylantirish ko‘zda tutilgan go‘yo. Lekin, insof bilan aytganda, Lenin bu ishlarni yovuz niyatda qilmagandir.
Hamma zamonlarda ham hokimiyatga intilgan odam biron bir shaklda albatta o‘z raqiblarini mahv etgan. G‘oyaviy muxoliflar hokimiyatni osongina bo‘shatib bermasligi ma’lum. Lenin ham o‘z g‘oyasini ommaga singdirish uchun kuch, qurol ishlatdi. Ajabki, endilikda uning o‘zi-da ana shu g‘oyalarning qurboni bo‘lib turibdi.
Hayot qonunlaridan birini unutmasligimiz kerak: hokimiyatga da’vogar odam hech qachon yumshoq poyandoz uzra chiqib bormaydi. Kimningdir ko‘kragidan itarishi yoki kimnidir tirsagi bilan turtib o‘tishi tabiiy.
Yumshoq poyandoz saltanat egallanganidan keyingina to‘shaladi.
Aslida nek niyatli ulug‘ inson nega bu qadar g‘urbatlarga sabab bo‘ldi, deb o‘ylaysiz. Ayonga bayon na hojat: axir, u ham xom sut emgan banda edi. Biz esa shuni tan olmadik, temir mafkura bunga yo‘l bermadi. Tunu kun Lenin boboni, uning ta’limotini ilohiylashtirish bilan mashg‘ul bo‘ldik. U sarmoyani yo‘qsilga olib berib, hammani tenglashtiraman, dedi. Biz, yo‘qsillar ana shu totli xomxayolga bus-butun ishondik.
Ulug‘ odamlarning fojiasi ham ulug‘ bo‘ladi.
– Siyosat, dunyoqarashu dohiylarning o‘zgarishi odamlarning imon-e’tiqodiga putur yetkazadi. Ko‘pchilik nimaga ishonishini bilmay qoladi. E’tiqodsiz odamlarni boshqarish esa qiyin…
– Birovni kecha sen unday eding, bugun nega bundaysan, deb ayblash qiyin, albatta. Ammo munofiqlik degan bir illat bor. Qayta qurishdan ko‘nglimni sovitib, meni “gung” qilib qo‘ygan sabablardan biri ham shu.
Bilasiz, turg‘unlik zamonining darg‘alari, maddohlari, jarchiyu xushovoz xonandalari bo‘lardi. Nosoz zamonni soz deb kuylagan, yashasin shonli kompartiyamiz, hammamiz uchun sevimli va hurmatli rahbarlarimiz, degan odamlar… Alhazar! Qayta qurish deyilgan zahoti ana shu zotlar birinchilar qatori narigi sohilga o‘tib olib, o‘ziga mansablar bergan, shonu shavkatlarga ega qilgan zamonga qarata to‘plardan o‘q uza boshladi. Bu xatti-harakatlarda e’tiqoddan ko‘ra talvasa, jon saqlash mayli ustunroq edi.
Ana shunda menda qandaydir sinish sodir bo‘ldi shekilli. Nahotki, yangi o‘zgarishlarga ko‘nikish shunchalik oson kechsa? Nahotki, bular haqiqatga shunchalik tashna bo‘laturib, kechagina… Xudo ko‘rsatmasin, zamon teskari aylanib ketsa, yov qochgach paydo bo‘lgan bu botirlarning ahvoli ne kecharkan? Qaysi ashulani aytib, qaysi nog‘oraga o‘yin tushisharkan?..
Adabiyotshunoslikda Hamza inqilobni quchoq ochib kutib oldi, degan gap bor. Doim hayron bo‘laman: Hamza ma’rifatli, mulla odam edi-ku? Nahotki, hali notanish, teran anglab yetilmagan bir jarayonni shartta chiqib, quchoq ochib kutib oldi? Yo‘q, bunday bo‘lmaydi. Uning ham ziyoli dilida ziddiyatlar kechgandir. Bu ziddiyatlarni Cho‘lponda, Fitratda, Qodiriyda ko‘ramiz-ku! Xo‘p, deylik, Hamza juda murakkab, qon silqib turgan zamonda yashagan. Ammo hozirgina o‘zi non-tuzini yeb o‘tirgan dasturxondan sakrab turib, uni tepkilay boshlaganlarga nima deysiz? Men karaxtlik zamonida hamma narsa ko‘ngildagidek edi, uni tanqid qilmaslik, qoralamaslik kerak, degan fikrdan mutlaqo yiroqman. Lekin buni avval tazarru keltirib, andishalar bilan qilish lozim-da.
– Gaplaringiz “Piyoda” degan hikoyangiz qahramoni Berdiboyni yodga soladi. U ham e’tiqodsiz odamlar orasida o‘zini yolg‘iz sezadi, eziladi, galdirab qoladi.
– Berdiboyniki boshqa, uni qo‘yatursak. Men galdirab qolgan emasman. Hamma chopgan tomonga chopgim kelmaydi, xolos. Balki shuning uchun vaqtida partiyaga kirmagandirman. Mana, bugun undan chiqish tashvishi ham yo‘q. Qolaversa, ijodkor, hayotni xolis aks ettirmoqqa bel bog‘lagan, har qanday mafkuradan yuqori turishi, insoniy e’tiqod bilangina ish tutishi lozim bo‘lgan odam muayyan bir partiyaga a’zo bo‘lishi bema’nilik emasmi?! Mixail Sholoxovning gapi yodingizdadir: “Biz, sovet yozuvchilari qalbimiz buyurganini yozamiz, lekin qalbimiz partiyanikidir”. Ijodkorning qalbi o‘ziniki bo‘lishi kerak. Partiyaga qarashli bo‘ldimi, ijodkor ham partiyaning quliga aylanadi. Qullarning qalamidan chiqqan narsalarni ko‘p o‘qidik…
Qayta qurish e’tiqod erkinligiga yo‘l ochdi. Ulug‘ amal. Ammo bunda ham boyagi holat – olomonchilik. Tavba! Ko‘nglingizda e’tiqod bor ekan, shu choqqacha qayerda edingiz? Uyida namoz o‘qigani uchun ta’qib qilingandir-u, lekin so‘nggi yillarda birovni qamaganini eshitganimiz yo‘q. E’tiqod maydonga olib chiqib namoyish qilinadigan matoh emaski, tortinsangiz. Xudoga ixlos maqtanish, minnat yo iddao yo‘liga emas, toza, beg‘ubor bo‘lmog‘i lozim. Uni birovlarga ko‘z-ko‘z qilish bema’nilik, kufr.
Dindorlarning, e’tiqodlilarning ko‘paygani yaxshi – musulmon farzandlarimiz, quvonamiz. Ammo ba’zi musulmonlarimiz bizga o‘xshab hali namoz o‘qimaydiganlarga xudodan imon-insof tilash o‘rniga, bepisand, hatto nafrat bilan qaray boshladilar.
Ixlosni ko‘ngilga xudo soladi. E’tiqod – hujayralardagi qon. Nega menga o‘xshamaysan, boshqachasan, deb ta’na qilish – inson huquqlarini poymollash demak. Musulmon har qanday takabburlikdan xoli, olijanob, kechirimli bo‘lmog‘i kerak. “Agar bandasi ko‘nglida xantal urug‘icha kibr bo‘lsa, jannatning hididan ham bahramand bo‘lolmaydi”, deb marhamat qiladilar Payg‘ambarimiz. Menga dinimizning rivoji yoqadi. U – juda ulug‘, mutaraqqiy din. Afsuski, uni yaxshi bilmaymiz: na e’tiqod qo‘yganlar, na unga qarshi kurashganlar.
– Siz o‘zingiz mansub avlod haqida nimalar deya olasiz?
– Biz aldangan avlodmiz. Biz yolg‘on-yashiq kitoblar, soxta aqidalar ruhida tarbiya topdik. Masalan, qulog‘imizga quyildiki, pul yomon, foyda yomon, odamni buzadi; puldor bo‘lmoq – qabohat, muhimi – ma’naviy jihatdan boy bo‘lmoq, shunda xalq seni boshiga ko‘taradi. Nazariy tomondan benuqson gaplar bu. Biz ana shunga ishonib, ma’naviy boylikka bepisand, faqat mol-dunyoning izmini tutganlarning ustidan erinmay kuldik. Hayotda esa butunlay teskari hol hukm surdi.
Endilikda kim haq bo‘lib chiqqanini izohlashga hojat yo‘qdir. Ammo bunda ham yana biryoqlamalikka o‘tib ketildi. Chunonchi, bugunning shiori: o‘g‘ri bo‘l, kazzob bo‘l, nomus-vijdoningni sotsang sot, lekin boylik orttir, davlat orttir – shunda dunyo seniki.
Bu yurtning badavlat odamiga ham havas qilgingiz kelmaydi.
E’tiqodimizning aynishiga ana shunday biryoqlamaliklar, hayot bilan tarbiya o‘rtasidagi ana shunday jarliklar ham sabab bo‘layotir.
– Yaxshi odamni sharm-hayoli, qo‘yday yuvosh deb ta’riflar edik. Hozir shunga loyiq kishilarimiz kamayib ketyapti. Bu ham siz aytgan o‘sha jarlikning tobora kengayib borayotganidan. Kelasi yil qo‘y yili ekan…
– Qo‘y – turgan-bitgani foydali, beozor jonivor. Topilmay qoldi-ku o‘zi shu zamonda!
Xalqimizni ko‘pincha yuvosh, qo‘ymijoz deb kuyinamiz. Aslida esa, andishali u. Qolaversa, yuvoshlik, beozorlik fazilat emasmi? Koshki shu xislatlar bizga ko‘proq yuqsa, koshki yanada beozor, bir-birimizga mehribonroq bo‘lsak!
Yuvoshlik, beozorlikka nima yetsin… agar och bo‘ri xavfi bo‘lmasa, albatta!
Menga boshqa narsa malol keladi. Xalqim undoq, xalqim bundoq, deb ko‘p maqtanamiz. Vatanparvarlik emas bu – manmanlik. Xalqimiz bilan, uning boy tarixiyu ajoyib an’analari bilan har qancha faxrlansak arziydi, albatta. Lekin nuqul ko‘krakka urish bilan biror joy obod bo‘larmikan?
Hamyurtlarimni ranjitish niyatim yo‘g‘-u, bizning Boysundagi to‘ylarda shaxsan menga erish tuyuladigan bir odat bor. Butun to‘y davomida qadimiy Boysunu uning ko‘rk-jamoli, osmono‘par tog‘lari, san’atsevar xalqi shoirona bir zavq bilan ta’riflanadi. U yoq-bu yoqdan kelgan mehmonlar bu madhiyalarni eshitib, boysunlik bo‘lmaganlari uchun xijolat chekishlari bir sari, boysunliklarning o‘ziga qayta-qayta takrorlash… bilmadim endi.
Shundayin, chetdan kelgan birortasi: “Amir Temuru Navoiy, Boburu Ulug‘bek bobolaring ekan, bildik, ko‘p yaxshi. Xo‘sh, undan bu yog‘iga o‘zlaring nima karomat ko‘rsatdilaring?” deb qolishi bor…
Ustoz shoirimiz Erkin Vohidov birda nimadandir o‘kinib, “O‘zbegim”ni yozishga hali ertaroq ekan, deganlari yodimda.
Kelajakni ko‘zlagan el hadeb mag‘rurlanavermay, o‘ziga tanqidiy qarashni ham odat qilmog‘i lozim…
– Masalan, qaysi jihatlariga?
– Ma’lumki, Sharqda demokratiya tushunchasi Ovrupodan farq qiladi. Demokratiyaning talqini, erkinlik, inson huquqlari degan gaplar bunda o‘ziga xos. O‘tmishda jamiyatni boshqarishda shariat yoki muayyan konstitutsiyaning emas, ko‘pincha hukmdor shaxs, o‘shaning saltanat tutumiga mos xurofiy omillarning ta’siri salmoqli bo‘lgan. Xalqimizning tabiatida hamon saqlanib kelayotgan mutelik, amaldorga sig‘inish, unga sal bo‘lmasa payg‘ambar deb qarash mayllari ana o‘sha zamonlarga borib taqaladi. Yashirib nima, mana shu – rahbar deb biror tayoqni tikka qilib qo‘yilsa, gird aylanib ulug‘lamoqqa tushamiz. Uning og‘zidan chiqqan gap bamisoli oyat: takrorlab, atrofga jar solib charchamaymiz. Har bir xizmatini tangrining inoyatidek olqish bilan qarshi olamiz. Holbuki, uni o‘zimiz ko‘targanmiz, biz bor ekanmizki, ul zot shunday rutbaga ega bo‘lib o‘tiribdi. Binobarin, xalqqa xizmat qilmoq – uning marhamati, xayr-sadaqasi emas, balki burchi, vazifasi. Buning uchun maosh oladi. Oddiy ishchi vazifasini qanday vijdonan ado etishi lozim ko‘rilsa, rahbar ham aynan shunga majbur. Farqi – faqat miqyoslarda.
Ertaga bir kuni bu odam “urilsa”, naq xalq dushmaniga chiqadi, tuproqqa qorishtirib, olamda bor-yo‘q tavqi la’natni shuning bo‘yniga ilamiz. Insof ham kerak-da!
– Suhbatimiz xiyla jiddiylashib, siyosiylashib ketdi. Demokratiyaning Sharqu G‘arbga xos ayrim jihatlarini tilga oldingiz. Bu ikki madaniyatning o‘zaro munosabati xalqimiz ruhiyatiga qanday ta’sir ko‘rsatdi, shundan gapirsangiz!
– Ijobiy ta’siri to‘g‘risida gapirish shart emas – barchaga ma’lum,
Menimcha, ko‘pdan-ko‘p muammolarimiz ana shu o‘zaro ziddiyatli ikki dunyoqarashning, ikki madaniyat, ikki xil axloqning to‘qnashuvi tufayli kelib chiqdi. Egnimizdagi kiyim-kechagu turish-turmushimizdan tortib, rasm-rusumlaru til, muomala, ruhiyatimizga qadar bostirib kirgan begona madaniyatga xos unsurlar asriy an’analarimiz bilan qorishib, qonda g‘alayonlar qo‘zg‘adi, bosh-ketsiz murakkabliklar, fojialar silsilasini yuzaga keltirdi. Azaldan mo‘min-qobil, shariatni muqaddas qonun deb bilgan bir ulusda xudobexabarlik hissi paydo bo‘ldi. Xudo esdan chiqqan joyda, bilingki, kazzoblik, nomussizlik, bedodlik avj oladi; muruvvat, andisha tuyg‘ulari pisanddan qoladi; so‘z, lafz mas’uliyati yo‘qolib, mardum jag‘u jig‘ildonning quliga aylanadi.
– To‘g‘risi, Erkin aka, dardlaringizni eshitib, ko‘nglimga g‘am cho‘kdi. Suhbatimizni o‘qiganlar ham noumidlikka tushishi mumkin. Inson umidsiz yashay olmaydi, tushkunlik uni sohilni yo‘qotgan kemaga o‘xshatib qo‘yadi. Yorug‘roq gaplardan ham gaplashsak…
– To‘g‘ri aytasiz – noumidlik ezgu xislat emas. Ammo necha o‘n yillar mobaynida nuqul ijtimoiy adolat haqida, insonning baxti, farovonligi haqida gap ketsa-yu, aslida buning teskarisi qilib kelingan bo‘lsa nimaga ishonish kerak? Bugun – qayta qurish, poklanish degan zamonda, oshkoralik, demokratiyaga havas qilinayotgan bir davrda – o‘qishga pul yoki tanish-bilishchilik vositasida joylashish odat tusiga kirgan bo‘lsa, “tekin tibbiy xizmat”dan tekin foydalanish cho‘pchak atalsa, qadri chaqaga aylangan bandasi kuppa-kunduzi qaroqchining qo‘lida umri xazon etilayotgan bo‘lsa, ijtimoiy adolat, sotsializm, kommunizm deb lof urish bema’nilik emasmi?!
O‘ylab-o‘ylab hafsalangiz pir bo‘lib ketadi, shakkokona xayollarga borasiz. Xuddi kishilik tarixi xalqni baxtiyor, farovon qilaman, deb va’dalar berib, ontlar ichib, shu yo‘lda partiyalaru saltanatlar tuzgan, lekin amalda butunlay shuning aksini kasb etib kelgan, o‘zini, o‘ziga yaqin a’yonlar manfaatidan boshqa narsani o‘ylamagan bir to‘da qasamxo‘rning yovuz qilmishlaridan iboratdek tuyuladi.
Toki chinakam huquqiy davlat barpo etilmas ekan, jamiyatga odil qonunlar hukmronlik qilmas ekan, aql emas, bugungidek axloqsizlik tantanasi hukm surar ekan, madaniyatga e’tibor hozirgidek “taka bo‘lsa ham sut bersin” qabilida qolar ekan – bu bedodliklar cheksiz. Oxiri zamon deganlari shu bo‘ladi.
Uning alomatlari eski kitoblarda, jumladan, bunday belgilanmish: dunyoda oldi-sotdi qilinmaydigan narsa qolmaydi; halol kasb bilan halol rizq topmoq mushkulotga aylanadi; ayol zoti egniga libos kiyadi-yu, ammo kiymaganga o‘xshaydi… Qani shuning qay biriga e’tiroz qila olasiz, ayting-chi? Rosti, o‘zimniyam suhbatimizni bunday tushkun ohangda yakunlagim kelmayapti. Lekin – nachora? Shuncha munofiqlik qildik, “Ertaga hammasi yaxshi bo‘ladi”, deb ishondik, boshqalarni ham ishontirdik – yetar endi!
“Ertaga hammasi yaxshi bo‘lsin”, siz bilan yana suhbatlar quraylik, umidbaxsh so‘zlar o‘shanda aytilar. Iloyim, o‘shanda bugungi ta’nalarim yuzimga qolsin!
Noumid – shayton, deydilar. Onamiz bizni shayton qilib tug‘magan, axir!
Suhbatdosh – Qulman Ochil
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 1990 yil 14 dekabr