Dilmurod Quronov. Muhimi – kitobxonlik darajasi va madaniyati (2015)

“Sharq yulduzi” jurnali: — Badiiy asar tarbiya vositasimi? Yaxshi kitob ezgulikka, yomoni yovuzlikka yetaklashiga ishonasizmi?

Dilmurod Quronov: — Badiiy asar – tarbiya vositasi desak, balki predmet ko‘lamini birmuncha toraytirgandek bo‘larmiz-u, ammo tarbiyaviylik adabiyotning qon-qoniga singgan xususiyat ekani bor gap. Axir, ko‘hna Sharq bejiz uni “go‘zal xulqlar” ma’nosini beruvchi “adab” so‘zi bilan atamagan-da! Zero, adabiy asarlar “pandnoma” va yo “didaktik” unvonlariga ega bo‘lsa-bo‘lmasa, hamisha tarbiya qilib kelgan va mudom shunday bo‘ladi. Negaki, chinakam san’atkor hamisha ezgulik tomonida, borliqni shu mavqedan turib aks ettiradi va baholaydiki, asarning jon-joniga singgan ezgulik mutolaa davomida sezdirmaygina o‘quvchi qalbiga inadi. Shu tariqa tarbiya akti sodir bo‘ladi, muallifning “tarbiya qilish” va yo o‘quvchining “tarbiya olish” maqsadini ko‘zlagan-ko‘zlamaganidan qat’i nazar.

Oxirgi jumlalarni o‘qib, beixtiyor o‘quvchidan o‘zibroq o‘z-o‘zimga kinoya qilmoqqa shoshdim: “Jo‘ngina ekan-ku!”. Ha-da, savollarda qo‘yilgan, o‘ta murakkab tuyulgan muammoni “birinchi zarbdayoq bo‘ynigacha…” Yo‘g‘-a, aslo jo‘n tuyulmasin, jo‘n demadim ham. Zero, yuqorida “chinakam san’atkor” deya ta’kidlaganim, aslida, g‘ayr toifa, ya’ni o‘zga mavqeda turadiganlar ham bor deganidir. Buning ham hech ajablanarli joyi yo‘q. Axir, san’atkor ham inson, insonni esa Robbimiz farishta bilan hayvon o‘rtasida yaratdi, bas, o‘y-hislarimizu amallarimiz shu ikki qutb orasida tebranadi. Aytaylik, qissanavis benihoya go‘zal va sof ishqdan so‘ylayotgani chog‘ bir toyilsa-yu, jajjigina epizodni yalang hirs ko‘zi bilan chizsa… Iloj qancha, avomga muhabbatning ma’naviy-ruhiy mohiyatidan ko‘ra bu tomoni yaqinroq, shu bois ham, afsuski, yodida ko‘proq o‘sha hirs-la moylangan epizod qoladi. Demak, gap borib yana yozuvchi mas’uliyatiga taqaladi. Ya’ni u ezgulik xodimi ekanini yodda tutgan holda o‘zini idora qilmog‘i, o‘z-o‘ziga tsenzor bo‘lmog‘i darkor. Albatta, shu o‘rinda e’tiroz bo‘lishi tabiiy: “Unda endi-endi erishganimiz ijod erkinligi nima bo‘ladi?” Asli, e’tiroz o‘rinsiz: erkinlik, jumladan, ijod erkinligi ham aslo mutlaq bo‘lolmaydi, mutlaq erkinlik halokatlidir. Zero, mutlaq erkinlik da’vosiyu adabiyotda, avvalo, o‘zni ifodalash vositasini ko‘rish sabab G‘arbda shaytoniy ruhga to‘yingan bitiklar dunyoga keldiki, oqibati, mana, bugun “ko‘hna dunyo” Lut qavmiga ergashib tanazzulga yuz tutdi. Rivoyatda kelishicha, Dajjol halokatga nog‘ora-surnay ohanglari ostida boshlarmish. Ajab, yo‘l qanchalar halokatli bo‘lsa, chorlovi shunchalar jozib! Qarang, ovrupoliklar necha zamondan beri “erkak ayol tengligi” deya “eng shimarib-eng shimarib” qilib kelayotgan ishlar tengsizlikni yo‘qotibgina qolmay, bugun endi “erkak-ayol” tushunchalarining o‘ziga-da daxl qilib turibdi-ku?! To‘g‘ri, adabiyot insonning o‘zini, ko‘ngilni ifodalash vositasi, biroq bu ko‘nglingda borini aytaver, degani emas-da! Axir, ko‘ngil faqat ezgulik makoni emas, uning olis puchmoqlarida chiqishga yo‘l topolmay bijg‘ib yotgan mayllar ham bisyor. Ya’niki, ijodkorning o‘zi ihota qo‘ymasa, ulardan o‘quvchini kim himoya qiladi?!.

Mulohazalarim o‘quvchiga ishonchsizlik yoki uni “hamisha yozuvchi yetovida va shu bois himoyaga muhtoj”, deb bilish sifatida tushunilmasin. Zero, ular o‘qish jarayonining psixologik xususiyatlaridan kelib chiqadi. Deylik, o‘qish davomida o‘quvchi asar badiiy voqeligida yashaydi, ya’ni personajlarning boshidan yo ko‘nglidan kechganlarni kechirib ko‘radi. Eng muhimi, o‘quvchi badiiy voqelikdagi “umri”ning har lahzasida uning yaratuvchisi – muallif nigohi, munosabatini tuyib turadi va o‘zi ham sezmagan holda munosabatini shunga sozlaydi. Masalan, personajning o‘zgaga zulm etib huzurlanayotgani tasvirlangan holat o‘quvchi dilida mudroq instinktni qo‘zg‘asa, muallif munosabati uni qaytadan mudroqqa solib, unga nisbatan nafrat tug‘diradi. Aksincha, yozuvchi ayni holatni tasvirlash chog‘i instinktga bo‘y berib qo‘ysa, o‘quvchi dilidagi mudroq instinktni uyg‘otib qo‘yadi, xolos.

Aytganlarim adabiy asar ezgulik tomon ham, yovuzlik tomon ham birdek yetaklayverishi mumkinligi, ijodkor mas’uliyati haqidagi gaplar bugun g‘oyat muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi. Darvoqe, ba’zi ijodkorlar “dilimga solganini yozaman”, deya go‘yo o‘zlaridan mas’uliyatni soqit qilgan bo‘ladilar. Asli, bunday qarash ildizi g‘oyat qadim: Gesiod shoir muzalar qulog‘iga shivirlaganni aytishadi, deb uqtiradi. Xo‘p, agarda shunday, ya’ni ijodkor shunchaki medium – qulog‘iga shivirlangan yo diliga solinganni yetkazuvchigina bo‘lsa ham, shivirki bor muzalardan va yo diliga solinganki narsa Rahmondan bo‘lavermaydi, axir. Holbuki, haqiqiy san’at, jumladan, adabiyotning rahmoniy bo‘lmog‘i shartdir.

Eng katta adabiyot yuragimizda yashaydi. Demak, adabiyot har birimizning, hammamizning ichimizda. Lekin adabiyotga “yaqin” bo‘lganimiz holda nega dunyoda zulm bor? Nega bugun insoniyat yangi yo‘l qidirmoqda? “Yo‘lini yo‘qotgan dunyo”da adabiyotning o‘rni va roli bormi? Nega u, ya’ni adabiyot dunyoning yo‘lini yo‘qotishiga jim qarab tur(a)di? Endi-chi, adabiyot dunyoning ravishiga ta’sir etib, uning yangi, munosib yo‘l topishiga ilhomlantiruvchi kuch bo‘la oladimi-yo‘qmi?..

Albatta, optimist bo‘lgan yaxshi, lekin “adabiyot har birimizning, hammamizning ichimizda”, degan fikrga qo‘shila olmayman. Masalaga realroq qarasak, adabiyotga “yaqin”lik ham orzulanganni mavjud, deya taqdim etishdan boshqa narsa emas. Yo‘qsa, yuz yil o‘tib ham Cho‘lponning “Adabiyot o‘quylik!” xitobi dolzarb bo‘larmidi? Xalqimizning bu kungi kitobxonlik darajasi e’tiborga olinsa, adabiyotning ijtimoiy roli haqida gapirish ham asosli emasdek. Kitobxonlik madaniyati, badiiy informatsiyani qabul qila olish darajasini-ku, gapirmayoq qo‘yaylik. Rosti, ko‘pchilik uchun “O‘tkan kunlar” hamon “Otabek degan yigit bo‘ladi, marg‘ilonlik Kumush degan qizni yaxshi ko‘rib qoladi…” dan boshqa emas. Qiziq holat: buvilarimizga buvilari “Farhodu Shirin”, “Laylovu Majnun”larni o‘qishni ta’qiqlagan ekanlar, “ochilib ketasan!” deb. Ya’ni bu borada ham juday-la ilgarilab ketmagan ko‘rinamiz. Bas, ahvol shu ekan, “dunyo ravishini o‘zgartirish” vazifasi adabiyot uchun og‘irlik qilmaydimi?! Holiga qaramay, unga bu qadar og‘ir yuk ortish insofdan bo‘ladimi?! Nazarimda, bugun jamiyatimizda kitobxonlik darajasi va madaniyatini yuksaltirish masalalari muhimroq, zero, bu borada erishajak muvaffaqiyatlarning tabiiy hosilasi o‘laroq narigi muammolar ham o‘z-o‘zidan hal bo‘lib boradi.

— Bitta asar jamiyatga ikki xil ta’sir ko‘rsatadimi? Nima uchun?..

Ha, hech shubhasiz… Shu o‘rinda bir voqeani eslashim o‘rinli ko‘rindi. Yigirma yillar narida Toshkent safaridan qaytarkan, o‘zim tengi sergapgina shofyorga to‘g‘ri keldim. Adabiyotchi ekanimni bilgach, aytgan birinchi gapi hamon qulog‘im ostida (ohang jilvalari bilan) jaranglaydi:

– “Ulug‘bek xazinasi”ni zo‘r yozgan-da, Odil Yoqubovmidi?!.. Haligi bor-u, Xurshidabonuning “begim… begim…” deyishlari, voh…

Nazarimda, shofyor yigit ayni damda o‘sha sahnani ilk bor o‘qigan chog‘dagi holatni xayolu ko‘ngildan qayta kechirayotgandek, go‘yo qizning o‘tli shivirlari oshig‘iga emas, naq uning o‘ziga qaratilgandek… Qarang-a, adib talqinida ushbu sahna – ikki taqdirni bog‘lagan pokiza muhabbat namoyoni, ikki dil va vujud birlashgan lahza, go‘zal tuyg‘uning eng yuksak cho‘qqisi; shofyor tengdoshim xayolida esa shahvatdan o‘zgasi qolmagan. Shunga o‘xshash, kimdir Asadbekning taqdiridagi chigalliklarni mushohada etadi, kim esa uning a’mollariga ich-ichidan havas, xayolida yo haqiqatda ularga taqlid qiladi…

— Xos va omma didi hamda adabiyoti haqida siz nima degan bo‘lardingiz? Hammaga “hamma narsa”ni taqdim qilish qanday oqibatlarga olib keladi? Ma’naviy immuniteti hali yetarlicha shakllanmagan yosh avlodga qanday asarlar tavsiya etiladiyu qandaylari yo‘q?

Sirasini aytganda, gap yana ihotalanish, cheklovu ta’qiqlarga borib taqalmoqda. Zero, hamonki “tavsiya etiladigan” va “tavsiya etilmaydigan” asarlar bo‘lar ekan, o‘z-o‘zidan o‘quvchilarning keyingilari bilan tanishish imkonini cheklash zarurati yuzaga keladi. Sho‘ro davri cheklovlaridan bezgan muhitda har qanday cheklovga nisbatan salbiy munosabat shakllangani ham, biron-bir cheklov joriy etilsayoq G‘arbda “demokratiyaga tahdid”, “inson huquqlari poymoli”, deya ayyuhannos soluvchilar, o‘zimizda bo‘lsa, ularning nog‘orasiga o‘ynovchilar topilishi ham bor gap. Qiziq-da, dajjol nog‘orasiga shox tashlab o‘ynashdan avval ota-buvamizdan qolgan “bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur” naqli eslansa-ku, olam – guliston. Ha-da, bir tanangga o‘yla: “Foydanigina maslak bilgan kas nechuk “mening huquqlarim himoyasi uchun” bunchalar xarajatmand bo‘lyapti? Maslagidan kechganmi va yo boshqa foydani ko‘zlaydimi?..” Shunday, bu nokas “yurting darvozalarini ochib qo‘y, istagan yerimni toptayin!” deyolmaydi – “demokrat” degan oti bor axir, bas, ne-ne savdolardan qolgan “erkinlik” otlig‘ siyqa tangalari bilan ko‘ngil darvozalarini ochtirmoq payida bo‘ladi, chunki ruhni bulg‘ay olsa bo‘ldi – izmiga olgani shu!.. Xullas, bugungi dunyo manzarasini ko‘z oldiga keltirib, undagi ruhimiz, ma’naviyatimiz, milliy o‘zligimizga tahdidlarni mushohada qilolganki, kishi ulardan ihotalanishga nafaqat haqli, balki burchli ekaniga iymon keltiradi. Zero, iymonli odam ikki-uch bo‘g‘in naridagi avlodlari bugungi G‘arbdagi kabi ma’naviy muhitda yashashidan or etadi, bunga yo‘l qo‘ygudek bo‘lsa, oxirati kuyib ketishini teran anglaydi.

Hech shubha yo‘q, “immuniteti hali yetarlicha shakllanmagan yosh avlodga qanday asarlar tavsiya etish” tarzida masala qo‘yilganini ko‘riboq miyig‘da kuladigan, shu haqda bosh qotiruvchilarni ijtimoiy tafakkuri qoloq yoxud sho‘ro qoldig‘i – “sovok”likda ayblovchilar ham yetarlicha topiladi. Afsuski, dajjol xizmatiga ruhan hozir bu toifa ming yillar davomida masala ayni shu tarz qo‘yilib kelganini bilmaydi yo bilsa-da nazarga ilmaydi – kibrga berilgan. Aflotun degudek bo‘lsam, balki “Uning kim bo‘libdi?!” deyishdan ham toymas, shunday bo‘lsa-da aytay, qariyb ikki yarim ming yillar avval Aflotun savol qo‘ygan: “Bolalarimizning duch kelgan miflarni, qaysiki – tayinu notayin kaslar tomonidan to‘qilgan, aksariyati biz ular ulg‘ayganlarida ongida bo‘lishi kerak, deb hisoblagan qarashlarga zid keluvchi miflarni tinglashlari, murg‘ak qalblariga singdirishiga osongina yo‘l qo‘yib bera olamizmi?” Faylasuf berayotgan savolning javobi o‘zi bilan bo‘lsa-da, u suhbat ravishini shunday olganki, shogird xulosa yasaydi: “Biz bunga aslo yo‘l qo‘ymaymiz!” Yo‘l qo‘ymaslik uchun esa ikkita asosiy chora ko‘rsatiladi: 1) “mif yaratuvchilarni nazoratga olishimiz kerak: agar ularning asarlari yaxshi bo‘lsa, qabul qilamiz, yo‘qsa – rad etamiz”; 2) “tarbiyachilar va onalarni bolalarga faqat tan olingan miflarni hikoya qilishga ko‘ndiramiz”. Kamina kun sayin amin bo‘lyapmanki, Aflotun aytmish choralarni zamonamizga moslagan holda qo‘llash zarurati yetilib bormoqda. Sabr, “yana tsenzurami?!” deya ayyuhannos solmay turing, hozircha maxsus nazoratchi idorani nazarda tutmadim. Negaki, ko‘zlangan maqsadga noshir va muharrirlar mas’uliyatini oshirish bilan ham erishsa bo‘ladigan ko‘rinadi. Deylik, noshirlarimiz o‘zlarini, avvalo, ziyoli, shundan so‘nggina tadbirkor deb bilsalar, muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘ladigandek. Yana, muharrirlar yuksak ma’naviyatli, badiiy didi injayu farosatli bo‘lsalar-da, bemaza kitobda “muharriri falonchi” qabilida o‘z ismi-sharifining ko‘rsatilishidan or qilsalar… Nihoyat, bizga “adabiyot” deya taqdim etilgan “nashr mahsulot”larini elakdan o‘tkazib, xulosalari asosida nashriyotlar faoliyatiga jiddiy ta’sir qila oladigan taqdimotlar kiritishga haqli badiiy kengash bo‘lsa…

Xo‘p, “nimani tavsiya etmaslik” masalasini-ku, shu tarz hal qilaylik ham, bundan-da dolzarb “nimani tavsiya etish” masalasi ko‘ndalang bo‘ladi. Xo‘sh, o‘sha “immuniteti hali yetarlicha shakllanmagan”larga tavsiya etgulik nimamiz bor? Boringki, bizlar o‘qib katta bo‘lgan asarlarning bir qismi ehtiyojni qisman qondirar ham. Qolganini-chi? Axir, bugungi bolalaru o‘smirlarning intellektual saviyasi shu yoshdagi bizlardan chandon baland, bas, ehtiyojlari ham shunga yarasha emasmi?! Afsus, tan olish kerak, hozir shu ehtiyojlarni qondirishga qodir yozuvchi-shoirlarimiz yo‘q hisobi. Negaki, “bolalar adabiyoti”ga biroz mensimayroq qarash urf bo‘lgan. Endi bu holni tubdan o‘zgartirish, yosh avlod tarbiyasi bilan bevosita bog‘liq soha rivojiga jiddiy, balki davlat miqyosida e’tibor qaratish, amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish zarur ko‘rinadi. Jumladan, soha mutaxassislari ishtirokida yosh xususiyatlariga mos asarlar ro‘yxatlari tuzilsa; milliy adabiyotimiz xazinasidagi sara durdonalarni olish bilan birga xorijiy adabiyotlardan saylab tarjimalar qilinsa; nihoyat, bolalarimizga mo‘ljallangan kitoblar ommaviy tirajlarda chop etilsayu eng chekka qishloqlargacha arzon narxlarda yetib borsa… haqiqiy ma’noda adabiyotga “yaqin” bo‘lish yo‘lidagi dadil odim, adabiyot makon tutmog‘i uchun millionlab qalblar eshigini ochib bermoq va zimmasidagi ezgu missiyani bajarishiga puxta zamin bo‘lur edi.

— Umidbaxsh va tushkun adabiyotning o‘quvchi va jamiyatga ta’siri masalasida nimalar deya olasiz? Zamonaviy dunyoning bugun qanday adabiyotga ehtiyoji bor?

Noumid – shayton, deydilar. Fikrimcha, buni “umidsizlik shaytondan” deb tushungan to‘g‘riroq bo‘ladi. Umidsizlikka tushganning shayton qutqusiga berilishi osonroq, chunki, agarki u umidsiz ekan, Rahmonga ishonchi darz ketgan, undan yiroqlashgan. Menga qolsa, tushkun asarlar asli dillaridagi umidsizlikni yengishga chog‘langan mualliflarning mag‘lubiyati hosilasidir. Ya’ni, masalan, Kamyu asarlari yozuvchi dilini chulg‘agan absurd tuyg‘usini yengishga harakat bo‘lgani kabi, faqat, bu intilish samarasi turlicha. Deylik, “Qalandar ishqi”dek dilbar g‘azalda Cho‘lpon umidsizlikni yengib o‘tolmagan. Biroq buning uzrli vajhi bor: lirika oniy kayfiyatni chizadi, ya’ni onning o‘zi singari kayfiyat ham o‘tkinchi. She’rxon ko‘nglida ham shu oniy kayfiyat kechib o‘tadi va o‘zidan keyin aksar (nekbin kishilarda) umid sog‘inchini qoldiradi. Qolaversa, hayotida shu kabi onlaru ularni keltirib chiqargan omillar nechog‘li ko‘p bo‘lmasin, shoir dilidagi cho‘ng umid umidsizlik bilan olishib va yengib yashagan: tushkunlikka bo‘y berayozgan ko‘ngliga qarata “Ko‘ngil, sen bunchalar nega Kishanlar birla do‘stlashding?”, deb boshlanuvchi mashhur xitobi bunga dalil. Endi o‘ylab boqing: tushkun ruhga yirik epik asar, deylik, roman yo‘g‘rilgan bo‘lsa-chi? Tabiiyki, bu ijodkordagi oniy kayfiyat ifodasi bo‘lmaganidek, o‘quvchi dilida ham o‘tkinchi emas, aksincha, u ko‘ngilni tamom egallash payida. Immuniteti past ko‘ngil bunga qarshilik qilishga ojiz, oqibat shaytanat uchun yengil o‘lja bo‘lib qoladi.

Zamonaviy, ya’niki birov “global isish”dan, boshqasi “kichik muzlik davri”dan, tag‘in birovi “asteroid bilan muqarrar to‘qnashuv”dan bashorat qilib turgan dunyo, hech shubhasiz, umidbaxsh adabiyotga ehtiyojmand. Umid – bashariyatning olisdagi nurga tikkan ko‘zi, adabiyot esa kiprik misoli uni chang-g‘ubordan asrashu tomchidori kabi yuvib ravshanlantirmoqqa mas’uldir. Zero, o‘sha nurni ko‘rolmay qolish xavfi qarshisida zikr etilgan vahimali bashoratlar soxta po‘pisachalik ham qo‘rqinch emas.

— O‘tmish merosni har bir zamon o‘z mezonlari chig‘irig‘idan o‘tkazib turishi kerakmi? Nima uchun?

Inson o‘tmish merosiga hamisha saylab munosabatda bo‘ladi. Ya’ni u o‘tmish merosining barini emas, undagi o‘zi uchun ijtimoiy-shaxsiy ahamiyat, qiymat kasb etuvchi narsalarnigina qadriyat sanaydi. Bevosita adabiy merosga kelsak, bunda qiymatu ahamiyat, birinchidan, asarda muhrlangan (kodlangan) MA’NO ko‘lami bilan; ikkinchidan, o‘sha kodlar (belgilar)ning MA’NOning yangi qirralarini jilvalantirish va yo yangilangan MA’NOni tashishga qay darajada qobilligi bilan belgilanadi. Boshqacha aytganda, gap inson uchun ahamiyatli (ko‘lamidan qat’i nazar) va ezgu mazmunni go‘zal shaklda ifodalash haqida bormoqdaki, badiiy qadriyatni saylashning bosh mezoni shudir. Agar shu mezon qo‘yilar ekan, birinchidan, bugun o‘tmishda yaratilgan asarlarning bari ham; ikkinchidan, bitta ijodkor, u nechog‘li ulkan iste’dod ekanidan qat’i nazar, yaratgan asarlarning bari ham qadriyat bo‘lolmaydi. Ya’ni, qiyos joiz bo‘lsa, adabiy-badiiy qadriyat misoli tonnalab ruda ichidan ajratib olingan yombi ma’dandir. Albatta, oddiy o‘quvchida tonnalab rudani titkilashga na vaqt, na toqat va na malaka bor. Demak, merosimizdan durdonalarni saralab, go‘zalligiyu qiymatini namoyish etgan holda keng ommaga taqdim etish va shu tariqa xalqimizning badiiy bisotini ko‘paytirish vazifasi bevosita mutaxassislar zimmasiga tushadi. Fikrimcha, bu borada muvaffaqiyat qozonishning yana bir muhim sharti – maktab adabiy ta’limining ayni shu asarlarni o‘rganish asosiga qurilishidir. Har ikki holda ham, ya’ni tadqiqot va ta’limda belgilangan mezondan og‘ishmaslik, munosabat va bahoda xolislik hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

— Inson tirik ekan, har doim tanlov qarshisida turadi. Xuddi uch yo‘l boshidan chiqib qolgan ertak qahramoni kabi. Har qanaqa mulozamatni bir chetga surib qo‘yib aytganda, to‘g‘ri tanlov qilishda adabiyotning roli bormi-yo‘qmi, bo‘lsa, qay darajada?

Albatta, tanlovga juda ko‘p omillar, jumladan, adabiyotning ham ta’siri bor. Deylik, tadbirkor qarshisida tanlov imkoniyati yuzaga keldi: manavi ishga sarmoya tiksang, o‘ttiz foiz foyda ko‘rasan, bunisiga tiksang – yuz foiz. Faqat keyingisida sag‘irlar haqiga ozroq xiyonat bor… Yoki mana bunisiga tik – yuz ellik foiz foyda ko‘rasan, faqat el manfaatiga ozgina zid tomoni bor… Tez boyimoq tilasang, bunisiga tik – uch yuz foiz foyda ko‘rasan, faqat hamyurtlaringga og‘u tarqatishing kerak… Albatta, adabiyot tanlovning arifmetik yo iqtisodiy tomoniga ta’sir qilmaydi, biroq uning ma’naviy-axloqiy tomonini belgilashga jiddiy ta’sir qiladi. Ya’ni agar tadbirkor mavjud yo‘llardan kam foyda keltirsa ham halolini tanlasa, bilingki, bunda boshqa ma’naviy-axloqiy omillar qatori adabiyotning ham xizmati bor. Bu – adabiyotning potentsialidagi insonni ma’nan yuksaltirish, jamiyat hayotini tozartirish, ijtimoiy munosabatlarni isloh qilish, qisqasi – odamni o‘zgartirish orqali olamni o‘zgartira olish imkoniga bir misol, xolos. Ushbu imkon ro‘yobga chiqishi va to‘la kuch bilan ishlashi uchun esa, yuqorida aytdik, kitobxonlik darajasi va madaniyatini yuksaltirish, adabiy ta’limni isloh qilish kabi dolzarb vazifalarni uddalash taqozo etiladi.

Sharq yulduzi jurnali, 2015 yil, 1-son


Dilmurod Quronov 1960 yilda tug‘ilgan. Filologiya fanlari doktori, professor. Andijon Davlat Tillar pedagogika institutini tamomlagan. Olimning “Ruhiy dunyo tahlili”, “Istiqlol dardi”, “Adabiyotshunoslikka kirish”, “Cho‘lpon nasri poetikasi”, “Adabiyot nadir?”, “G‘arb adabiy-tanqidiy tafakkuri tarixi ocherklari” (hammualliflikda), “Adabiy jarayonda mom sindromi”, “Adabiyotshunoslik lug‘ati” (hammualliflikda), “Zavqimdan bir shingil” kabi kitoblari nashr etilgan.