Astrid Lindgren: “Baxt bu — yozish imkoniyati…” (2008)

http://n.ziyouz.com/images/astrid-lindgren.jpg

Astrid Lindgren — mashhur shved adibasi. U yaratgan Karlson, Peppi, Emillar jahon bo‘ylab kezib yuribdi. Millionlab dunyo bolalari bu qahramonlarni sevib, ular bilan birga voyaga yetmoqda. Bolalar Lindgren asarlari tarannum etgan oqko‘ngillik, samimiylik, olijanoblik tuyg‘ularidan bahramand bo‘ladilar. Astrid Lindgren atoqli bolalar Yozuvchisi bo‘lishi bilan birga, avvalo, ona, buvi — ayol. Katta qalbli, iste’dodli, mehribon ayol.

Uning ana shu mehri asarlariga ko‘chdi. U asarlari orqali dunyo bolalariga mehr ulashdi.

Biz hozir e’tiboringizga havola etayotgan suhbat ancha yillar ilgari “Velt” gazetasida (Bonn) chop etilgandi (muallif Volfgant Minati).

— Lindgren xonim, Stokgolmda sayr qilib yoki do‘konlarda aylanib yursangiz, o‘tkinchilar sizga qanday qarashadi? Shunchaki so‘rashib o‘tadilarmi yoki savollarga ko‘mib tashlaydilarmi?

— Savoldan ham ko‘ngil izhori ko‘proq bo‘ladi. Masalan, mana bunday qabilda: “Men sizga o‘z minnatdorchiligimni bildirishim zarur. Sizning kitoblaringiz men uchun, bolalarim uchun qanchalar ahamiyatga ega ekanligini bilsangiz edi…” Bolalarga esa meni ko‘rsatib: “Bolalar, qaranglar, huv anavi “Peppi — Uzun paypoq”ni yozgan xonim!” deyishadi. Bolalar menga unchalik qiziqmasdan ko‘z tashlaydilar. Ularning onalari bo‘lsa…

— Demak, Astrid Lindgren shunchalik jamiyatniki bo‘lib ketganki, o‘ziga tegishli bo‘lishi, o‘zicha yashashi qiyin, to‘g‘rimi?

— Uyda bemalol, lekin ko‘chada, shunday. Albatta, kimdir oldimga keladi. Lekin bu menga o‘z holimcha yashashimga xalaqit qilmaydi.

— Hashamatda yashashga intilmaysiz…

— Ha, shunday, buni o‘zingiz ko‘rib turibsiz.

— Sizning villangiz ham, yaxtangiz (kichik kema) ham ko‘p. Siz taqinchoq, zeb-ziynat taqmaysiz, oshxona asboblaringiz, ko‘rinib turibdi, tillodan emas. Ehtimol, sizning biror qimmatbaho narsangiz, masalan, markalar kollektsiyangiz bordir?

— Yo‘q, afsuski, yo‘q. Lekin shunday kollektsiya to‘plashim mumkin edi. Axir, umrim davomida shunchalik ko‘p xatlar olganmanki… Marka to‘plashga uncha qiziqmayman.

— Asarlari quvnoq, xushchaqchaq bo‘lgan ijodkorlarning aksariyati tabiatan melanxolik (g‘amgin) bo‘ladilar…

— Bu gap menga ham taalluqli.

— Siz rostdan ham melanxolikmisiz?

— Hattoki, juda ham. Ko‘pincha g‘amgin bo‘lib yuraman.

— Sizningcha, baxt nima?

— Men bolalarim, nevaralarim va evaralarim bilan bo‘lganimda baxtli bo‘laman. Afsuski, mening istagimga qarshi, vaqtim unchalik ko‘p emas. Ha, tabiat… Tabiat qo‘ynida bo‘lish, sayr qilish ham baxt.

— Siz hech qachon memuarlarga o‘xshash asarlar yozmasligingizga asos bor.

— Bu aniq — hech qachon.

Hammasiga ob-havo aybdor

— “Men bolalar Yozuvchisi bo‘lishimga faqat ob-havo aybdor”. Sizning ana shu so‘zlaringiz sira yodimdan chiqmaydi. To‘g‘risini ayting, Yozuvchi bo‘lishingizga nima turtki bo‘lgan?

— Men jiddiy aytyapman, ayni ob-havo sababchi bo‘lgan! Siz buning tarixini bilarsiz deyman?

— O‘zingiz aytib bera qoling!

— Voqea mana bunday ro‘y bergan. 1941 yili, men o‘shanda o‘ttiz uch yoshda edim, birdan yettiga kirgan qizim Karin kasal bo‘lib qoldi: to‘shakdan turishi mumkin emasdi. Qizim bir gal biror narsa aytib berishimni iltimos qildi. “Nima haqda gapirib beray?” deb so‘radim men undan. “Peppi — Uzun paypoq” haqida”, dedi u. Men bu ismni eshitmagandim. Nima qilay, ichimdan to‘qib chiqarishga majbur bo‘ldim. Oradan ko‘p vaqt o‘tmadi, u uyimizga kelib yuradigan bolalardan Peppi — Uzun paypoq va uning boshidan kechirgan sarguzashtlarini gapirib yurganlarini eshitib qoldim. Ular boshqa narsa haqida eshitishni istamasdilar ham.

Hali bu paytda asar dunyoga kelmagan edi. Bu kitobni keyinroq — 1944 yilning martida yoza boshladim. Ish bilan ko‘chaga chiqsam, tashqarida qor yog‘ayotgan ekan. Istirohat bog‘idan o‘ta turib, birdan sirg‘anib… yiqilib tushdim: oyog‘imning eti uzilibdi. Shunday qilib, to‘shakda yotishimga to‘g‘ri keldi. Miyamda o‘ylab yurgan voqealarimni yozib, qizimning tavallud kuniga sovg‘a qilish fikri tug‘ildi. U o‘n yoshga to‘lardi… Shunday, agar qor yog‘maganida va men sirg‘anib yiqilmaganimda…

— Vaqt o‘tib ketgan bo‘lsa ham, Xudoga shukr, oyog‘ingiz tuzaldi.

— Men ham shunday deb hisoblayman. O‘shandan buyon kitob yozish men uchun katta quvonch baxsh etadi. Yozishga o‘zlarini majbur etadigan, Yozuv stoliga o‘tirmaslik uchun turli vaj topadigan Yozuvchilar ham bor-ku. Men esa har oqshom: “Tezroq tong ota qolsa edi! Tezroq ishga o‘tirsam edi”, deya o‘ylar, tongni oshiqib kutardim. Siz suhbat boshida bir savol bergandingiz: men uchun baxt bu — yozish imkoniyatidir. Ha, bu haqiqiy baxt.

— Yana Peppi — Uzun paypoq haqida gapirmoqchiman. Bunday qaraganda, Peppi surbet qiz, kishining g‘ashini keltiradi. G‘irt yetim, yetimxonada yashashi kerak bo‘lgan qiz, birdan uy egasiga aylanib qoladi: otlar va maymunlar bilan birga bo‘shab yotgan villaga joylashib oladi. To‘shakda ham telba-teskari yotadi. Maktabga ham xohlaganida boradi. Qisqasi, tarbiyalanishi mushkul o‘smirlar bilan shug‘ullanadigan idora aralashuvi shart bo‘lgan hodisa. Siz bo‘lsa­n­giz, shunday qizdan qahramon yasab o‘tiribsiz. Buning ustiga, u haqdagi hikoyalar butun bir avlodni ham yashab o‘tdi. Buni qanday tushunish mumkin?

— Men Bertran Rasselning “Kattalar shahvoniy tushlar ko‘rgani kabi bolalar ham hukmron bo‘lish haqida shirin xayollarga cho‘madi”, degan so‘zlarini eslayapman. Peppining uzoq umr ko‘rishi siriga kelsak, ehtimol, boshqa bolalarga ruxsat etilmagan ishlarni uning qilishi mumkinligidir. Nima uchun u bolalarga yoqishi ayon. Bolalar xuddi shunday qizchaga o‘xshashni umuman istamaydilar. Ularga qizning ikki qalin do‘stiga o‘xshagilari kelishi yetarli. Bolalar Peppining yashashini istaydilar, biroq unga o‘xshashga intilmaydilar.

— Siz “Peppi — Uzun paypoq”dan tashqari, ajoyib izquvar Kall Blyumkvist, Karlson, Emil, Rone, qaroqchining qizi va boshqa ko‘pgina obrazlar yaratdingiz. Bular orasida muallifga eng suyuklisi qaysi?

— Bu savolga javob berish mushkul. Menimcha, sevgan qahramonim Emil. U juda mustaqil. Emil men tug‘ilib o‘sgan o‘lkada yashaydi. Men yaxshi bilgan odamlar bilan muloqotda bo‘ladi. Emil ba’zida sho‘xlik qilib ishkal chiqarsa-da, Peppidan farq qiladi. Bola menga juda yoqadi.

— “Biz hammamiz Blyullerbyudanmiz” kitobida yetti yoshli Liza “Uch hovlili qishloqchada yashamaydigan kishilarga achinaman”, deydi. Blyullerbyu bu — baxtli kishilar orolimi?

— Ha. Men bolaligimda uni yer yuzidagi eng go‘zal joylardan biri deb bilardim. Biz — opam, otam va men bu yerda o‘zimizni butunlay erkin va baxtiyor sezardik. Xuddi shuningdek, mening personallarim ham.

— Sizningcha, bolalar kitobi nima, haqiqiy adabiyotmi yoki pedagogikami?

— Bunisini bilmayman. Ishlayotganimda men adabiyot haqida ham, pedagogika haqida ham o‘ylamayman. Meni yana bolaga aylanib qolganim qiziqtiradi, xolos.

— Biroq sizning ko‘pdan-ko‘p kitoblaringiz faqatgina o‘zingiz va bolalarga xush yoqishi uchun yozilmagandir. Siz balki har safar bolalarga pand-nasihat qilmoqchi bo‘lgandirsiz?

— Yo‘q, hech qanaqasiga. Biroq mening kitob­larim shunday ta’sir kuchiga ega. Men juda ko‘p ajoyib maktublar olganman. Odamlar o‘z hayotlarida mening asarlarim qanday rol o‘ynaganini yozadilar, ana shu kitoblar tufayli hayotga to‘g‘ri qarash shakllanganini e’tirof etadilar. Ular bu haqda shunchalik ko‘p gapirganlaridan o‘zim ham beixtiyor haqiqatan shunday bo‘lganligiga ishonib qolaman.

— Bir paytlar siz: “Men o‘z kitoblarim bilan bolalarni tarbiyalamoqchi yoki o‘qitmoqchimasman”, degan edingiz. Shunday bo‘lsa-da, sizni jahonshumul mukofot bilan taqdirlayotib, Germaniya kitob tijoratchilari uyushmasi bosh­qacha baho berdi: “U nazokat, biroq sabot bilan kishilar qalbida sabr, halollik, o‘zgalarni tushunish hamda mas’uliyat tuyg‘ularini singdiradi”.

— Ha, ha, to‘g‘ri. Men bu haqda o‘ylamagan ekanman. Lekin bunday niyatim yo‘q edi, aslida.

Sigirlarga yaxshi munosabat

— Siz bolalar baxtiyor bo‘lsa quvonasizmi? Yana siz… sigirlar ham baxtli bo‘lishini istarmidingiz?

— Yaqinda nashrga tayyorlangan “Mening sigirim baxtli bo‘lishni istaydi” deb nomlangan, jonivorlar muhofazasiga bag‘ishlangan maqolalar jamlangan kitobimni nazarda tutayapsizmi? Ha, chindan ham, faqatgina “mo‘”laydigan baxtsiz, tilsiz mavjudot — qoramolni o‘ylaganman. Bugun unga nisbatan ferma, fabrikalarda shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lishyapti.

— Sizning g‘animlaringiz bormi? Tan olib aytay, men buni tasavvur qila olmayman.

— Ha, g‘animlarim yaqinda paydo bo‘lishdi. Bunga aynan o‘sha jonivorlarni himoya qilish kompaniyasi sabab bo‘ldi. Faqatgina foydani ko‘zlaydigan kishilar oramizda ko‘p. Ularga so‘yishga mo‘ljallangan sigirlar va cho‘chqalarni xilvat joyda saqlashlari, hayvonlar ham azoblanishlarining farqi yo‘q! Ular uchun kam xarajat qilish va ko‘proq daromad olish muhim!

— Sizning 70 dan ortiq kitoblaringiz 56 ta tilga, shu jumladan, nemis tiliga ham o‘girilgan, 37 ta maktab sizning nomingizda! Bunday olamshumul shuhratni qanday izohlagan bo‘lardingiz?

— Sababni kitoblarimdan qidirish kerak. Menimcha, gap ularning qiziqarli o‘qilishida. Turli mamlakatlarda mening qahramonlarimga turlicha munosabatda bo‘lishadi. Germaniyada Peppiga “talab” katta. Rossiyada Karlson va kichkintoyni juda yaxshi ko‘rishadi. Polshada esa byullerbyulik bolalar juda mashhur. Hattoki shu kitobni maktabda ham o‘qitishadi.

— Kitoblaringizning jahon bo‘ylab tarqalgan adadi qanchaligini bilasizmi?

— Menimcha, buni hech kim bilmasa kerak.

— “Bolalikda kitob o‘qishdan ortiqroq o‘ziga tortuvchi sarguzasht yo‘q”, degandingiz bir vaqtlar. Bu so‘zlar bolalarimiz pleer, videomagnitafon va shaxsiy kompyuterlarga ko‘ngil qo‘ygan hozirgi kun uchun eskirmadimikin?

— Aytayapman-ku, axir bularning hech birini kitob kishi oldiga ochib tashlaydigan imkoniyatlarga aslo qiyoslab bo‘lmaydi. Kitob o‘qish jarayonida paydo bo‘ladigan obrazlar, “manzara”lar teleekranda namoyish qilinganlaridan yuz marotaba qiziqroqdir. Men har qanday zamonaviy kommunikatsiya vositalari kitobni yenga olmasligiga mutlaqo aminman. Kitob hali baridan omon o‘tadi.

— Siz hozir biror asar yozishga tayyorgarlik ko‘rayapsizmi?

— Bilmadim. Hozircha aniq g‘oyalarim yo‘q. Aks holda, bu g‘oya hech narsaga vaqt qoldirmasdan mening vujudimni chulg‘ab olgan bo‘lardi. Hatto suhbatga ham yo‘l bermasdi.

Ma’suma Ahmedova tayyorladi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).