Muzayyana Alaviya (1909-1988)

Muzayyana Alaviya (1909.20.4. Toshkent viloyati Piskent tumani — 1988.3.3, Toshkent) — shoira, folklorshunos. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1968).

Samarqand pedagogika bilim yurti (1928—30), Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika instituti (1934—38)da o‘qigan. Toshkent shahar maktablarida o‘qituvchi (1930—40), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida kichik (1940—59), katta ilmiy xodim (1959—88) bo‘lib ishlagan.

Muzayyana Alaviyaning «Bugungi men» nomli birinchi she’ri 1927 yil «Maorif va o‘qituvchi» jurnalida bosilgan. Xalq ijodkorlaridan ko‘plab folklor asarlarini yozib olgan va nashrga tayyorlagan («Oq olma, qizil olma», 1972; «Sovet davri qo‘shiqlari», 1983 to‘plamlari; «Intizor», 1964, «Dalli», 1972 dostonlari).

O‘zbek xalq qo‘shiqlarining badiiy-estetik xususiyatlari, marosim folklori bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan. «Odamiylik» (1964), «Dil nidosi» (1967), «Yon qo‘shnim, jon qo‘shnim» (1974) kabi risolalari odob-axloq masalalariga bag‘ishlangan.

Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1973).