Alixonto‘ra Shokirxo‘ja o‘g‘li (taxallusi Sog‘uniy; 1885.21.3, To‘qmoq — 1976.28.2, Toshkent) — din va jamoat arbobi, ulamo. Arabiston (Madina)da va Buxoro madrasalarida tahsil oldi.
Chor ma’muriyatining yerli aholini mardikorlikka olish siyosatiga qarshi chiqqanligi uchun podsho maxfiy politsiyasi ta’qibida bo‘ldi. 1916 yil qo‘zg‘oloni shafqatsizlarcha bostirilgach siyosiy muhojir bo‘lib Qashqar (Xitoy)ga ketdi, keyin Sharqiy Turkiston (G‘ulja shahri)ga bordi. Omma orasida hurriyat g‘oyalarini targ‘ib qilganligi sababli 1937 yil Xitoy ma’murlari tomonidan hibsga olinib, umrbod qamoq jazosiga hukm etildi. 1941 yil adliyaviy taftish natijasida ozod qilindi.
1944 yil 12 noyabrda Sharqiy Turkiston jumhuriyati e’lon qilinib, Alixonto‘ra Sog‘uniy Muvaqqat inqilobiy hukumat raisligiga saylandi. Milliy qo‘shin tashabbuskori bo‘ldi va unga qo‘mondon etib tayinlandi. 1946 yil iyunda sho‘ro ayg‘oqchilari tomonidan maxfiy ravishda tazyiq bilan G‘uljadan olib chiqib ketilgan Alixonto‘ra umrining oxirigacha Toshkentda yashadi.
Ahmad Donishning «Navodir-ul vaqoye», Darvish Ali Changiyning «Musiqa risolasi», shuningdek «Temur tuzuklari» kabi asarlarni tarjima qildi. Alixonto‘raning «Devoni Sog‘uniy» she’riy to‘plami, «Tarixi Muhammadiy», «Shifo ul-ilal» («Xastaliklar davosi»), “Turkiston qayg‘usi” va boshqa asarlari bor.
Alixonto‘ra tarixiy me’morlik obidalari va qadimiy qo‘lyozmalarni saqdab qolishda jonkuyarlik qilgan. Toshkentdagi Shayx Zayniddin bobo qabristoniga dafn etilgan. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Alixonto‘ra Sog‘uniyning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi o‘rta maktabga, Chilonzor tumanidagi mahallaga, Shayxontohur tumanidagi ko‘chaga uning nomi berildi.
Qo‘shimcha maqolalar: