Ahmad Muhammad Tursun (1949-2021)

Ahmad Muhammad Tursun (Tursunov Ahmad Mamajonovich) 1949 yili Namangan shahrida tug‘ilgan. 1979 yili Namangan davlat universitetini tamomlagan.

1967 yildan buyon matbuotda faoliyat olib boradi: «Namangan haqiqati» gazetasida turli vazifalarda, «Namangan atlasi», «Irfon», «Tarjimon», «Suhbatdosh», «Hayrat» gazetalari bosh muharriri bo‘lib ishlagan. 2003-2010 yillarda «Hidoyat» jurnalida bo‘lim muharriri bo‘lgan. 2014 yildan «Hilol-nashr» nashriyotida muharrirlik qilgan.

Ellikka yaqin badiiy, ilmiy-ma’rifiy, publitsistik kitoblari nashr etilgan. O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi.

Muallifning “Siz qanday yashamoqchisiz?”, “Sohilsiz dengiz”, “Ulug‘lar shunday yashashgan”, “Ko‘hna dunyo rivoyatlari”, “Hikmatlar kitobi”, “Rivoyatlar kitobi” kitoblari “Hilol nashr” nashriyotida, “Dunyoni tkbratgan buyuklar” silsilasidagi “Avrangzeb Olamgir. Boburiy hukumdor va ma’rifat homiyi”, “Abu Homid G‘azzoliy. Qalblar tabibi”, “Salohiddin Ayyubiy. Quddus xaloskori”, “Hasan Basriy. Atoqli donishmand”, “Umar ibn Abdulaziz. Adolatli hukmdor”, “Abdulloh ibn Muborak. Buyuk muhaddis va faqih”, “Amir Temur. Buyuk sarkarda va sohibqiron” kitoblari “Qaqnus media” nashriyotida chop etilgan.

Shuningdek, turli yillarda Ahmad Muhammad Tursunning “To‘rt dengiz osha sayohat”, “Barcha davoning boshi”, “Qaynona va kelin”, “Islom hazorasi”, “Umrning bir lahzasi”, “Tarozining ikki pallasi”, “Tabobat kitobi”, “Sedana 1000 dardga davo”, “Har dardning davosi bor”, “Sharq Haqni topdi”, “Haq hamisha g‘olib”, “Ota-ona rizosi”, “Quddus amakining saboqlari”, “Islom dini”, “Ahmad amakining saboqlari” kabi kitoblari chop etilgan.

Ahmad Muhammad Tursun 2021 yil 18 may kuni Toshkent shahrida vafot etgan.