Bir yovvoyi mushuk bor ekan. U to‘qayda yashamoqchi bo‘libdi.
To‘qayga kirib borayotsa, yo‘lda tulki uchrab qolibdi. Mushuk o‘ylabdi: “Bu qanday jonivor ekan? Tag‘in meni yeb qo‘ymasin!” U junlarini hurpaytiribdi.
Tulki o‘ylabdi: “Bu kim bo‘ldi ekan? Umrimda bunaqa serjahl jonivorni ko‘rganim yo‘q. O‘zi zo‘r ko‘rinadi, ko‘zlarini yonishini ko‘ring!”
— Yo‘l bo‘lsin, oshna, — debdi tulki.
— Tirnoqlarim o‘tkir, tishlarim keskir, to‘qayga borayapman, — debdi mushuk.
— Nima uchun? — deb so‘rabdi tulki.
— Go‘sht yeyman. Qornim och, miyov-miyov, — debdi mushuk.
Tulkining joni halqumiga kelibdi.
— Yuring men bilan, — debdi qo‘l qovushtirib, — ovqatlanamiz.
Birga ketibdilar.
Yo‘lda bo‘ri uchrabdi. Mushuk bukchayib olibdi, ko‘zlari yonar ekan. Bo‘ri qo‘rqibdi: “Bu kim bo‘ldi ekan?” — debdi ichida. U tulkidan so‘ragan ekan, tulki:
— Yangi podsho, — debdi. — Jim, bo‘lmasa tilka-porangni chiqaradi…
— Rostmi? — debdi bo‘ri qo‘rqib.
Bo‘ri indamay birga ketaveribdi. Yo‘lda ayiq uchrabdi.
— Yo‘l bo‘lsin? — debdi-yu, mushukka ko‘zi tushibdi.
— Bu jonivor kim? — deb so‘rabdi u.
Mushuk junlarini hurpaytiribdi. Beli bukchayibdi, ko‘zlari o‘tday yonibdi.
— Tirnoqlarim o‘tkir, tishlarim keskir, go‘sht yeyman, go‘sht… miyov! — deb qichqiribdi u.
Tulki ayiqning qulog‘iga shivirlabdi:
— Hushyor bo‘l, tag‘in teringni shilib olmasin.
— Shunaqa zo‘rmi? — debdi ayiq. — Sinab ko‘ramiz.
Shunday debdi-yu, vahimaga tushibdi: “Rostdan ham terimni
shilib olsa-ya!” — debdi ichida.
Mushuk yo‘l-yo‘lakay: “Bu balolardan qanday qutulaman endi!” — deb miyovlar ekan zorlanib.
Yo‘lda u par-r-r etib uchgan bedanaga tashlanib, ana-mana deguncha yeb qo‘yibdi. Buni ko‘rib, sheriklarini battar vahima bosibdi.
Ayiq, bo‘ri, tulki kengashibdi:
Uni ziyofat qilaylik, keyin bir yo‘lini qilib qutulamiz, — deyishibdi.
Ular bir qo‘chqorni keltirib, mushuk oldiga tashlabdilar.
— Qani, poylaylik-chi, nima qilarkin? — debdi ular.
Bo‘ri chuqurga, tulki xazon ichiga kirib, ayiq bo‘lsa daraxt ustiga chiqib, barglar panasiga yashirinibdi.
Mushuk chiranib, go‘shtni yeyaveribdi. U chinqirar, miyovlar, tepinar, urinar, ko‘zlari yonar ekan.
Bo‘ri bilan ayiqning kapalagi uchibdi.
Tulki bo‘lsa xazon tagiga o‘tirib: “Qani, ko‘ray-chi, nima qilayapti ekan?” deb o‘ylab, xazon orasidan mo‘ralabdi.
Mushuk xazonning shitirlaganini eshitib qarasa, bir narsa miltillab ko‘rinibdi. U sichqon deb o‘ylab, birdan tulki ko‘ziga changal solibdi.
Tulki bor ovozi bilan:
— Voy o‘ldim! — deb dod solibdi-yu, qochib ketibdi.
Mushuk qo‘rqib, o‘zini chuqurga tashlagan ekan, u yerdan
bo‘ri voy-voylab qochib chiqibdi. Mushuk endi o‘ldim, daraxtga chiqib jon saqlay, — deb daraxtga chirmashib chiqqan ekan, daraxt tepasida yashirinib turgan ayiq:
“Terimni shilgani chiqayapti. Tezroq qochay”! — deb o‘ylab, birdan o‘zini daraxt ustidan pastga tashlab yuboribdi.
Mushuk daraxt tepasida titrab-qaltirab qolibdi. “Endi qayoqqa qochsam?” deb o‘ylabdi. Lekin qochgani yo‘l topolmay, daraxt tepasida qolaveribdi.
Tulki, bo‘ri, ayiq bo‘lsa mushukni ko‘rsa, besh tosh yo‘lga qochadigan bo‘libdi.