Tilla tuxum tug‘adigan tovuq

Bir chol bilan kampir bor ekan. Ularning bor-yo‘g‘i bitta xo‘rozi, bitta makiyoni bor ekan. Bir kuni tovug‘i bitta tuxum tug‘ibdi. Bu tuxumni chaqib, bir ovqat qilib yeyaylik, deb chol uni yerga ursa yorilmabdi, toshga ursa yorilmabdi. Hech yorib bolmabdi. Oxiri u tuxumni yorolmasdan qo‘yib qo‘ygan ekan, devorning kavagidan bir sichqon chiqibdi. U dumi bilan bir ursa, tuxum pachoq-pachoq bo‘lib yorilib ketibdi. Chol bilan kampir buni ko‘rib, o‘tirib olib yig‘layverishibdi. Bular yig‘layversa, tovug‘i kelib:
— Yig‘lamanglar, endi sizlarga o‘zim tilla tuxum tug‘ib beraman, tilla tuxum, — debdi.