Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda quyon bilan yo‘lbars yashagan ekan. Ular bir-birlari bilan juda inoq ekanlar.
Kunlardan bir kun ular suhbatlashibdilar. Quyon yo‘lbarsga:
— Sen o‘rmondagi hamma hayvonlarning eng kuchlisisan, — debdi. Yo‘lbars quyonga:
— Juda ezmasan, gapni cho‘zma, sixi kuymaydigan, kabobi kuymaydigan ertaklardan ayt, — debdi.
Quyon “Maymun bilan Akula” nomli ertakni aytibdi.
— Maymun bilan akula juda inoq ekanlar. Bir kuni maymun daryo yoqasidagi yong‘oqlardan biriga chiqib, yong‘oq yeb o‘tirgan ekan. U qarasa, akula suvdan boshini chiqarib, daryo bo‘yiga kelibdi. Maymun unga yong‘oq chaqib, mag‘zini tashlabdi. Akula har kuni keladigan bo‘libdi. Oradan bir necha kun o‘tibdi. Akula yana suv bo‘yiga chiqibdi. U maymunga:
— Men har kuni sening oldingga chiqaman, meni mehmon qilasan. Sen ham mening uyimga bor, mehmon qilaman, — debdi. Maymun:
— Men sening uyingga qanday qilib boraman, — debdi. Akula:
— Mening ustimga chiqasan, — debdi. Maymun bunga laqqa tushibdi. Maymun akulaning ustiga chiqib olibdi. Ular rosa suzishibdi. Akula maymunga:
— Mahkam bo‘l, hozir dengiz tagiga tushamiz, — debdi. Maymun nima bahona topishini bilmay, oxiri o‘ylab-o‘ylab, bir bahona topibdi, u akulaga:
— Yuragim yong‘oqning tepasida qolibdi. Yuragimni olib kelaylik. Bo‘lmasa men qo‘rqaman, — debdi. Bunga ishongan akula uni yong‘oq oldiga olib boribdi. Maymun yong‘oq tepasiga chiqib olib, shunday debdi:
— Ey og‘ayni, miyang ishlamas ekan. Agar miyang ishlaganda edi, hech vaqt meni bu yerga olib kelmas eding. O‘zing o‘yla, yurak kishining o‘zida turmay, boshqa yerda qolarmidi, — debdi. Shunday qilib, maymun akulaga:
— Aloqamiz uzildi, — debdi.
Quyon yo‘lbarsga qarab: — Biz ham siz bilan aloqa qilmaymiz, — deb qochib ketibdi. Shunday qilib, yo‘lbars bilan quyon o‘rtasidagi aloqa ham buzilgan ekan.