Mergan, arslon va ayiq

Bir mergan tog‘da ov ovlab yurgan ekan. Bir vaqt u bir tomondan arslonning o‘kirganini eshitib qolibdi. Shu mahal tog‘dagi hamma hayvonlar jim bo‘lib yashirinibdi. Hatto bir qush ham churq etmay qolibdi. Arslonning ovozi bo‘lsa yaqinlab kelayotganday bo‘laveribdi.
Mergan bir daraxtning ustiga chiqib yashirinibdi. Qarasa, daraxtning uchida bir ayiq qo‘rqib, titrab o‘tirgan emish. Arslon olisdan ko‘rinib qolibdi. Shunda ayiq merganga ovozingni chiqarma, arslon bilmasin, deganday ishora qilibdi. Mergan, arslon shu yerdan o‘tsa kerak, deb o‘tkir pichog‘ini olib poylabdi. Ayiq bo‘lsa qo‘rqib, hech ko‘zini arslondan ayirmas emish.
Mergan pichog‘i bilan ayiqning ko‘zini mo‘ljalga olaverib-olaverib daraxtni sindirib olar ekan. Bir mahal Arslon yaqinga kelib qolibdi. Merganning sindirganidan va ayiqning og‘irligidan daraxtning shoxi sinib, tap etib yerga tushibdi. Arslon ayiqqa yuguribdi. Ayiq ham ko‘p zo‘r ekan, Arslon bilan rosa olishibdi.
Bu tomoshani daraxt ustida turgan mergan ko‘ribdi. Oxiri arslon ayiqni ko‘tarib yerga bir uribdi. Ayiq o‘lib qolibdi. Arslon boshqa bir tomonga qarab o‘kirib, jo‘nab ketibdi. Mergan daraxtdan tushib ayiqning terisini ayrib olibdi.