Kana

Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, eng qadim zamonlarning birida kana, tulki va toshbaqa do‘st bo‘lgan ekan. Ular birgalikda bahor vaqti bug‘doy ekishibdi. Tulki ayyorlik qilib ishlamay yotibdi. Bug‘doy yaxshi bo‘libdi. Bug‘doy pishgandan keyin toshbaqa bilan kana bug‘doyni bir joyga to‘plashibdi. Buni endi qanday qilib bo‘lamiz, deb maslahat qilishibdi. Tulki:
Bir joyga nishona qo‘yib, shu yerdan chopamiz. Qaysi birimiz oldin kelsak, shunimiz bug‘doyni olamiz, — debdi. Uchalasi chopishib ketishibdi. Tulkining dumiga kana yopishib olibdi.
Toshbaqa bir do‘ngga chiqib yumalabdi. Tulki hansirab kelib, bug‘doyni men olaman, deb turganda, kana: — Meni bosma, qachon kelding, — deb turibdi. Bug‘doyni kana bilan toshbaqa bo‘lib olib, tulki quruq qolibdi.