Iskandar bilan boyning qizi

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir qishloqda juda ham kambag‘al bir podachi chol bo‘lgan ekan. Cholning bitta-yu bitta Iskandar degan o‘g‘li bor ekan. U juda ziyrak, mehnatsevar bola bo‘lib o‘sibdi.
Qo‘shni qishloqda bir boy yashar ekan. Uning bitta-yu bitta qizi bor ekan.
Kunlardan bir kuni shu boyning qizi Iskandarni ko‘rib, oshiq bo‘lib qolibdi. Boyning qizi otasiga “shu yigitga berasiz” deb turib olibdi. Oxiri boy cholnikiga sovchi yuborishga majbur bo‘libdi.
Chol nima qilishini bilmay, o‘g‘li bilan maslahatlashibdi. Chol bilan o‘g‘lining gaplari bir yerdan chiqibdi. Chol qizningsovchilariga:
— Biz juda kambag‘al yashaymiz. O‘g‘limga ham o‘zimizga o‘xshagan biror kambag‘al bechoraning qizi topilib qolar. Boyning qizini kelin qilmaymiz, — debdi.
Rad javobini olsalar ham, sovchilar qayta-qayta kelaverishibdi. Oxiri bundan biror ish chiqishiga ko‘zlari yetmagach, turli yo‘llarini o‘ylay boshlashibdi.
Shundan keyin boy bilan uning xotini eski, yirtiq kiyimlarni kiyib, cholning uyiga bormoqchi bo‘lishibdi. “Zora -bizlarni kambag‘al ekan deb rozi bo‘lsa”, deb o‘ylashibdi. Shunday qilib, boy va uning xotini eski, yirtiq kiyimlarini kiyib, cholnikiga borishibdi. Chol ularni hurmat bilan kutib olibdi, mehmon ham qilishibdi. Keyin boy sekin gapni boshlabdi:
— Biz ham sizga o‘xshagan bir bechora kishilarmiz, kunda topganimiz arang yetib turadi. O‘zimizga o‘xshagan oila bilan qarindosh bo‘lmoqchi edik. Bizning bir qizimiz bor edi. Sizlarning ham yaxshimi-yomonmi o‘g‘illaringiz bor ekan. Shunga nima deysizlar?
Bu gaplarni eshitgan chol bular ham o‘zimizga o‘xshagan bechora kishilar ekan, deb quvonib ketibdi. Chol bu mehmonlar haqida Iskandarga aytibdi. Iskandar ham rozi bo‘libdi. Chol mehmonlarga chiqib bajonu-dil rozi ekanliklarini aytibdi.
Tez kunlar ichida yengilgina to‘y o‘tkazishibdi. Iskandar qizning qandayligini, kimligini to‘y kuniyoq sezibdi. Ammo indamay, “seni qarab turgin hali” deb yuraveribdi. Boyning qizi shunday qo‘pol, farosatsiz, ishyoqmas ekan-ki, aslo qo‘yaverasiz. Hovli-joylarni chala supurar ekan. Kir yuvsa, chala yuvarkan. Ovqatni esa bemaza tayyorlarkan.
Iskandar xotinining bunday qiliqlarini ko‘rib, “seni shunday tarbiyalayki, onangdan qayta tug‘ilgin”, — debdi ichida.
Bir kuni yigit kasal bo‘lib qolibdi. Xotini:
— Qayeringiz og‘riyapti? — deb so‘rabdi. Yigit:
— Boshim qattiq og‘riyapti, — debdi.
Xotini erining boshini bosibdi. Ammo uning bosh og‘rig‘i hech qolmabdi. Shunda Iskandar:
— Rahmatli onam avval qo‘llarini yuvib, tirnoqlarini olib, keyin boshimni silar edilar. Shundan keyin boshimning og‘rig‘i ham tez qolardi, — debdi.
Xotini yugurib borib qo‘llarini tozalab yuvib, tirnoqlarini olib, keyin kelib erining boshini silabdi. Tezda Iskandarning boshi ham tuzalibdi. Bundan keyin biror ishni qildirmoqchi bo‘lsa, yigit o‘zini kasalga solib, hamma ishlarni aytib oladigan bo‘libdi. Asta-sekin uy ham, hovli ham, idish-tovoqlar ham toza bo‘la boshlabdi.
Iskandar boyning qizini ro‘zg‘ordagi kamchiliklarini yuziga aytmay, asta-sekin shunday qilib tarbiyalab olgan ekan.
Farosatsiz, qo‘pol, ishyoqmas bo‘lgan boyning qizi farosatli, ziyrak ayolga aylanibdi.