Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda Buxoro shahrida kambag‘al Ahmad supurgichi bo‘lgan ekan. Uning xotini va bir o‘g‘li bor ekan. Qiynalsa ham er-xotin o‘g‘lini maktabga beribdi. O‘g‘li odobli, aqlli, zehnli bo‘lganidan qiyinchiliklarni yengib, maktabni bitirgach, madrasaga kiribdi.
Otasi har kuni supurgi boylab sotib, bolasini qo‘llab turibdi. Nihoyat o‘g‘li madrasani ham yaxshi tamomlabdi. Bolaning nomi Odil ekan. Odilni o‘qitgan mullalar uning qobiliyatiga qoyil qolibdilar. Ota-onasi endi og‘zimiz osh-ga yetdi, deb suyunganlarida, mudarrislar “Bola hali yosh, domlalik unga to‘g‘ri kelmaydi”, deb unga ish bermabdilar. Lekin bola idrokli bo‘lib, domlalar bilmagan narsalarni bilar ekan. Odil ishsiz qolganidan ota-onasi qayg‘urib, o‘g‘liga hunar o‘rgatishga ahd qilishibdi. Odilga ham bu gap ma’qul tushibdi.
Otasi maxsido‘z kosib o‘rtog‘iga shogirdlikka bermoqchi bo‘lib, o‘g‘lini yetaklab ketayotsa, Yusufboy tabib ularni do‘konga taklif qilib, hol-ahvol so‘ragach:
— Bu bola kim? — debdi.
— O‘g‘lim, ismi Odil, yaqinda madrasani tugatdi, mudarrislar yosh, deb ish berishmadi. Shuning uchun o‘g‘limni maxsido‘z o‘rtog‘imga shogirdlikka olib ketyapman, — debdi Ahmad aka. Yusufboy tabibning farzandi yo‘q ekan, u:
— Ahmad aka, o‘g‘lingizni menga shogirdlikka bersangiz. Dori tayyorlash va tabibchilikni o‘rganadi. Men o‘zim sizga yordam qilib turaman, o‘g‘lingiz ham xabar olib turadi. O‘g‘lingizni o‘zimga o‘g‘il qilib olsam. Kampirim ham xursand bo‘lardi. Uyingizga tez-tez yuborib turaman, — debdi. Ahmad aka o‘ylab ko‘rib, rozi bo‘libdi. Yusufboy tabibnikida o‘g‘lini qoldirib, o‘zi qaytib ketibdi. Yusufboy tabib Odil bilan suhbatlashib, do‘konidagi dorilarning nomlari bilan tanishtirib, narxlarini aytibdi, do‘konni qanday tutish to‘g‘risida ham tushuntiribdi. Bir necha kun o‘tmay tabibning ishi yurishib ketibdi. Yusufboy tabib ham “O‘g‘lim qutli keldi”, deb suyunibdi. Yusufboy tabib oqko‘ngil odam ekan, u Odilning ota-onasiga yordam berib turibdi. Odil esa tabiblik hunarini o‘rgana boshlabdi. Yusufboy tabibning shon-shuhrati butun shaharga tarqalibdi.
Kunlardan bir kun shu shaharning qozisi o‘g‘lini Yusufboy tabibning oldiga olib kelib:
— Shu o‘g‘limga hunaringizni o‘rgatsangiz, — deb iltimos qilibdi. Qozi o‘g‘lining odamlarni tuzatishini emas, balki ko‘proq mol-dunyo topishini o‘ylab shunday qilgan ekan. Yusufboy tabib ham yo‘q deya olmasdan qozining o‘g‘lini shogirdlikka olibdi. Uning ismi Jobir ekan. Jobir tabiblikka unchalik qiziqmasa ham, otasidan qo‘rqqanidan o‘rgana boshlabdi. Yusufboy tabib ham Odil bilan Jobirga birdek qarar, ikkalasiga ham tabiblik sir-asrorlarini birdek o‘rgatar ekan.
Oradan bir necha yillar o‘tibdi. Odil bilan Jobir bir-biridan qolishmaydigan tabib bo‘lib yetishibdilar.
Kunlardan bir kun Yusufboy tabib ikkala shogirdini oldiga chaqirib:
— O‘g‘illarim, mana, ikkalang ham tabiblikni o‘rganib oldilaring. Endi senlarga nasihatim shuki, puli yo‘q ekan deb dori bermasdan kambag‘al, beva-bechoralarni qiynamanglar. El-yurt oldida ta’naga qolmanglar. Aql bilan ish qilib, manmanlikka berilmasdan, bir-biring bilan maslahatlashib ish tutinglar. Endi sizlarga ruxsat, tabiblik qilaverishing-lar mumkin, — deb ularga oq fotiha berib jo‘natibdi. Oradan bir necha kun o‘tgandan keyin Yusufboy tabib olamdan o‘tibdi.
Odil ustozining o‘lganini eshitib, borib ta’ziyasi o‘tguncha ustozinikida bo‘libdi. Jobir eshitsa ham qadam bosmab-di. Ikkalasi bir shaharda tabibchilik qilishar ekan. Odil kambag‘al, beva-bechoralarga rahmdillik qilib, dori-darmonlarni tekinga berib yuborar ekan. Boylardan esa ikki hissa oshiq olar ekan. Jobir Odilning obro‘si ko‘tarilib ketayotganini ko‘-rolmabdi. Otasining gapiga kirib, kunlardan bir kun Odilning oldiga kelib:
— Odil, senga bir maslahat bilan keldim. Menimcha ikki tabibga bir shahar torlik qiladi, shaharda yo sen, yo men bo‘lishim kerak, — debdi. Odil unga:
— Shahar keng, senga hech zararim tegayotgani yo‘q, seni ham menga zararing tekkani yo‘q. Undan ko‘ra, kelishib ishlayversak bo‘lmaydimi? — debdi. Jobir unga:
— Kel, bo‘lmasa baxtimizni sinaymiz: bir-birimizni mehmon qilamiz. Birinchi bo‘lib sen biznikiga kelasan, oldingga nima taom qo‘ysam yeysan. Keyin men senikiga mehmonga boraman, men ham nima bersang eb, nima ichirsang ichaman. Nima bo‘lsa peshanamizdan ko‘ramiz. Shunga nima deysan? — debdi.
Odil ham noiloj rozi bo‘libdi. Oradan bir necha kun o‘tgandan keyin Jobir Odilni uyiga chaqiribdi. Odil esa mehmondorchilikka bormasdan avval besh-o‘n chelak sut olib kelib qo‘yibdi. Keyin mehmon bo‘lib, Jobirning uyiga boribdi. Jobir Odilning oldiga dasturxon yozibdi va dasturxonni noz-ne’matlar bilan to‘ldirib tashlabdi. Ziyofat orasida bir piyola zahar olib kelib Odilning qo‘liga beribdi. Odil zaharni ichibdi-yu, uyiga ketibdi. Odil uyiga borib, chelakdagi sutlarni ichib, oshqozonini tozalab, zaharlanishdan qutulib qolibdi. Oradan bir necha kun o‘tibdi. Shart bo‘yicha Odil Jobirni mehmonga chaqiribdi va oldiga dasturxon yozibdi. Mehmonni juda yaxshilab ziyofat qilibdi. Jobir ham uyiga sutni g‘amlab kelgan ekan. U sergaklanib, Odil qachon zahar berishini kutibdi. Odil esa Jobirga zahar bermasdan oldiga yaxshi taomlar qo‘yib, yaxshi so‘zlar bilan kuzatibdi. Jobir o‘zining qilgan ishiga pushaymon bo‘lib, Odildan uzr so‘rabdi.
Shundan keyin bir-biriga ozor bermasdan, bir-biri bilan maslahatlashib ish qilibdilar.