Xafa bo‘lish yo‘q-a?

Boltaboy akasi Teshaboyni ochlikdan o‘ldirgan zolim boydan o‘ch olish uchun boyning hovlisiga qarab yo‘l olibdi. Boy bir necha kundan beri xizmatkor qidirib, topolmay xafa bo‘lib o‘tirgan ekan. Boltaboyni ko‘rishi bilan sevinib ketibdi. U Boltaboy xizmat so‘rab kelgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylab, sevinchidan o‘ziga o‘zi so‘ylab, nihoyat Boltaboyga ayyor ko‘zlari bilan qarab, paxmoq soqolini tarab, tilyog‘lamalikka kirishibdi:
— Kel, o‘g‘lim, kel, menda nima ishing bor?
— Boy ota, men bir xizmat bilan huzuringizga kelgan edim.
— Ayt, o‘g‘lim, bajonu dil, nima deysan?
— Men bir bechora kampirning yolg‘iz o‘g‘liman. Otam qashshoqlikdan, ochlikdan qazo qildi. Otam o‘lgandan keyyn ro‘zg‘or mening zimmamga tushdi. Men ishlamoqchi bo‘lib ish qidirib ko‘p joyga bordim. Ish so‘rab yolvordim, ammo ish topolmadim. Endi nima qilishimni bilmay, uyimga qaytib kelayotganimda mahallangizning imomini uchratib qoldim. Unga o‘z dardimni aytgan edim, imom menga: «Mahallamizda Qurumsoq degan boy bor. U beva-bechoralarning boshini silaydigan odam, senday yupun bolalarni qo‘llab-qo‘ltiqlaydi. Sen o‘sha boynikiga bor», deb maslahat berdi. Men xursand bo‘lganimdan uyimga bormasdan to‘g‘ri shu yerga keldim, — debdi. Boy unga:
— Him… juda soz, o‘g‘lim, mayli, senga ham bir «saxiylik» qilay. Kech kirib qoldi, hozir uyingga qaytsang ham bo‘ladi. Ertaga ertalab kelib ishga tushasan, — debdi. Boltaboy:
— Rahmat, boy ota, bu yaxshiligingizni esimdan chiqarmayman, — debdi-da, ko‘chaga chiqib, o‘z uyiga ravona bo‘libdi.
Boltaboy ertasiga saharda turib boyning uyiga boribdi. Boy xizmatkorni ishga solibdi. Boltaboy chelaklarni suv bilan to‘ldirib bo‘lgach, o‘tin yoribdi. Hovlidagi ishlarni tugatgach, unga qirq kundan beri qotib yotgan, mog‘orlagan bir kulcha beribdi. U nonni olib qo‘yniga solibdi, boyning buyrug‘i bilan molxonadan ikki ho‘kizni olib chiqibdi. Boy eshakka minib:
— Qani yur dalaga, ho‘kizlarni hayda, — debdi.
Boltaboy, boyning orqasidan ho‘kizlarni haydab keta beribdi. Boy xizmatkorning o‘z oyog‘i bilan kelganiga ichida suyunib:
— Xudo beraman desa hech gap emas. Mana yana bir jonidan to‘ygan o‘z oyog‘i bilan tuzog‘imga ilindi. U mendan yo o‘lib qutuladi, yo qochib. Men uning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib, «xafa bo‘lish yo‘q» deb rosa ishlataman, — deb xayol surib kelayotgan boy birdan «xafa bo‘lish yo‘q-a?» deb gapirib yuboribdi. Uni xizmatkor eshitib qolib «Labbay, boy ota, gapirdingizmi?» debdi. Boy tulkiligini ishga solib:
— …Ha, charchamay kelyapsanmi, o‘g‘lim? — deb so‘rabdi,
— Charchab men bekorchimanmi, boy ota! Bekorchilar charchaydi-da.
— Ha, shunday xafa bo‘lmaysan-da, a?
— Yo‘q, boy ota, xafa bo‘lish yo‘q.
Boy yana xayol surib keta beribdi. Boyning tilyog‘lamaligini bilib olgan Boltaboy ham: «Ha odamxo‘r, zolim boy, bugun eshakni minib meni orqangdan ergashtirib ketyapsan, shunday kunlar kelarki, biz ham eshak emas, duldul otlarni minarmiz, o‘shanda sen yerni quchoqlab yotarsan. Men sendan «xafa bo‘lish yo‘q-a?» deb turib akamning o‘chini olayki, dunyoga kelganingga pushaymon bo‘lgin», debdi.
Boyning yeriga yetib borishibdi. Boy xizmatkorga:
— Men hozir uyga qaytib ketaman. Tushga yaqin ovqatingni olib kelarman. Mabodo ishim chiqib qolib kelolmasam xafa. bo‘lmaysan-da, a? — debdi.
— Yo‘q, boy ota, xafa bo‘lish yo‘q.
— Qani, ishga kirish bo‘lmasa, men ketdim, yerni chuqurroq haydagin, — debdi boy.
— Xo‘p, boy ota, — deb javob beribdi Boltaboy. Boy ketgach, Boltaboy belbog‘ini peshonasiga bog‘lab, qo‘kizlarni qo‘shga qo‘shib, shaylab yer haydashga kirishibdi. Boltaboy yerni tushagacha haydabdi. Boydan darak bo‘lmabdi. Kechgacha yer haydabdi, boydan darak bo‘lmabdi. Qorni ochgan Boltaboy kechqurun qo‘shni chiqarib, ikki ho‘kizni oldiga solib, boyning hovlisiga kirib boribdi. Ho‘kizlarni molxonaga olib kirib, oldiga o‘t solib, o‘zi dam olish uchun yerto‘laga kiribdi. Endi yotgan ekan, boy Boltaboyni chaqirib qolibdi.
— Keldingmi, o‘g‘lim? Bog‘ orqasida bedapoya bor. O‘sha yerga borib, eshakka uch-to‘rt bog‘ beda o‘rib kelgin. Xafa bo‘lmaysan-a? — debdi boy.
— Xafa bo‘lish yo‘q degansiz-ku, boy ota, — debdi-da, Boltaboy o‘roqni olib bedapoyaga boribdi. Bir ko‘tarim beda o‘rib, qorni ochligiga chiday olmay labi qurushib, bedani ko‘tarib uyga qaytib kelibdi. Boltaboyga boy bitta eshagim bor degani uchun, yolg‘onchi bo‘lmayin deb bedani eshaklarga o‘zi solibdi. Boltaboy yerto‘laga kirganda orqasidan bir kosa xo‘rda bilan ikkita non olib kirib berishibdi. Boltaboy ovqatlangach, uyquga ketibdi. Tong yorishgach, Boltaboy yana yer haydagani ketibdi. Bu kun ham boy tushda ovqat olib bormabdi. Boltaboy peshingacha yer haydabdi-da, peshinda ho‘kizlarni haydab bozor tomon yo‘l olibdi. Bozor oldidagi choyxonada choy ichib o‘tirgan bir kishiga ho‘kizning birini besh tangaga sotib, bir tangasiga osh qilib yeb, to‘rt tangasini yoniga solibdi. Kechquruch boyning hovlisiga kirib boribdi. Boy ikki ho‘kizdan biri yo‘qligini ko‘rib joni chiqayozibdi. Lekin o‘zini bosib:
— Horma, o‘g‘lim, ho‘kizingning biri ko‘rinmaydi-ya, qani? — deb so‘rabdi. Boltaboy ham o‘ylab turmasdan bor gapni aytibdi:
— Boy ota, tushda menga ovqat olib bormagan edingiz, peshingacha yerni haydab juda qornim ochdi. So‘ngra ho‘kizlarni oldimga solib bozorga keldim. Ho‘kizning birini besh tangaga sotib, bir tangasiga osh olib yedim, to‘rt tangasi hamyonimda, uni sizga bermayman, xafa bo‘lmaysiz-a?
— Xafa bo‘lish yo‘q-ku, o‘g‘lmm, — deb javob beribdi boy nima qilishini bilmay. Boltaboy «endi qo‘lga tushding, boy» deb har kuni yer hayday beribdi. Yonidagi puli tugagach, yana uch-to‘rt kundan keyin tushda boy ovqat olib kelib bermabdi. Shunda Boltaboy ho‘kizning birini bozorga olib borib, sotib, ovqat olib yebdi. Boy esa «xafa bo‘lish yo‘q» deb boshi gangib nima qilishini bilmay qolibdi. Endi bu xizmatkorni yo‘qotmasam moli dunyoimni sovuradi, buni qanday qilsam yo‘qota odaman, deb har kuni xayol sura beribdi. Boyning ukasi uzoq bir qishloqda yashar ekan. Xizmatkorni ukasinikiga yuborib, o‘sha yerda o‘ldirtirmoqchi bo‘libdi. Boy ukasiga xat yozib, Boltaboyni chaqiribdi.
— O‘g‘lim, falon qishloqda mening ukam bor. Bugun ukamnikiga borib, mana bu xatni berib kelasan. Xafa bo‘lmaysan-a? —  debdi.
Boltaboy:
— Xafa bo‘lish yo‘q, boy ota! —debdi-da, Boltaboy xatki olib, hamyoniga solib, boyning ukasikikiga qarab ravona bo‘libdi.
Boltaboy yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, bir qishloqqa kirib boribdi. Yo‘lda o‘tirib dam olibdi, xatni ochib o‘qimoqchi bo‘libdi, savodsizligidan xatni o‘qiy olmay yuragi to‘libdi, yana yo‘lga ravona bo‘libdi. Keta to‘rib bir mullavachchani uchratib qolibdi. Mullavachchaga bir tanga berib, xatni o‘qitib, boyning niyatini bilibdi. Xatni shu yerdayoq yirtib tashlab mullavachchaga yana bir tanga berib, boshqa xat yozdiribdi. Xatda shunday debdi: «Mehribon uka, avval salom, undan so‘ng senga kichik xizmat. Men sening oldingga o‘zimning eng yaxshi xizmatkorimni yuborayotibman. Agar sen meni desang shu xatni olib borgan xizmatkorimni yaxshilab kutib ol. Uch kun ichida o‘zingning eng yaxshi ko‘rgan qizingni to‘y-tomosha qilib, shu xizmatkorimga qo‘shib qo‘y. Agar aytganimni qilmasang, senday ukam yo‘q!»
Boltaboy xatni yozdirib, mullavachchaga rahmat aytib, yana yo‘lga tushibdi. Nihoyat, kechqurun boyning ukasinikiga yetib boribdi. Boyii topib, salomlashib o‘zini tanishtirgach, xatni beribdi. Xatni o‘qigan boy hushini yo‘qotayozibdi. Nima ham derdi, akasining gapini qaytarish gunoh. Boy Boltaboyga bilintirmay ich-ichidan yonibdi. Boltaboy unga:
— Boy ota, xafa ko‘rinasiz, nima bo‘ldi? —  debdi.
— Yo‘q o‘g‘lim, xafa emasman, — deb javob beribdi u. Boy Boltaboyni shu kecha yaxshilab mehmon qilibdi. Hech qanday iloj topolmagan boy, ertasiga to‘y taraddudiga tushibdi. Mahalla oqsoqolini chaqirib maslahat qilibdi, so‘ngra to‘y qilib, eng kichik qizini Boltaboyga nikoh qilib beribdi. Boltaboy ham xotinlik bo‘lib qolibdi, kayfini surib yura beribdi. Boltaboy bu yerda kayfini surib yura bersin. Endi Qurumsoq boydan eshiting:
Qurumsoq boy xizmatkordan qutuldim, deb suyunib, yo‘qotgan ho‘kizlarini eslab kuyunib yura beribdi.
Kunlardan bir kun ukasini sog‘inib bir ko‘rib kelay deb, sovg‘a-salom olib,  ukasinikiga jo‘nabdi. Yurib-yurib kechqurun ukasining qishlog‘iga yetib kelibdi. Ukasi uii xursandchilik bilan kutib olibdi. Qurumsoq boy uyga kirganda yangi to‘nlarni kiyib xizmat qilib yurgan Boltaboyni ko‘rib, yuzida qon qolmabdi. Boy sirni boy bermay Boltaboy bilan ko‘rishib, so‘rashib o‘tiribdi. Boltaboy dasturxon yozib, boyga choy uzatibdi.
— O‘g‘lim, tinch zerikmasdan o‘ynab yuribsanmi?
— Ha, boy ota, ukangizning qizlari bor ekan, menga to‘y qilib berdilar. Qulluq sizga, boy ota.
— Nima deding? —  debdi boy shoshib.
— Men bu yoqqa kelayotganimda qo‘limga bir xat bergan edingiz-a, boy ota?
— Hay, nima bo‘libdi?
— Hech narsa bo‘lgani yo‘q, boy ota. Men o‘sha xatni yo‘lda bir mullavachchaga o‘qitdim, xatingizda meni o‘ldirishga buyurgan ekansiz. Men u xatni yirtib tashlab, mullavachchaga bir tanga berib, sizning nomingizdan ukangizga boshqa xat yozdirdim, ukangiz xatni o‘qib qizini menga nikoh qilib berdi. Men ukangizga kuyov bo‘lib yuribman. Xafa bo‘lmaysiz-a, boy ota?
— Qizini oldim deysanmi? —  debdi boy titrab-qaqshab.
— Ha, boy ota, oldim, xafa bo‘lyapsizmi? —  debdi Boltaboy. Boy o‘zini bosib olibdi-da.— Xafa bo‘lish yuq, — deb javob beribdi. Bir ozdan so‘ng Boy xizmatkorga qarab:
—    O‘g‘lim, ertaga bir joyga borib sayr qilib kelamiz, tayyorlan, — debdi.
— Qayerga boramiz, boy ota? — deb so‘rabdi Boltaboy.
—    Tantiboy, Turg‘unboy, Karimboy degan o‘rtoqlarim bor. O‘shalarnikiga borib bir yayrab kelamiz, xafa bo‘lmaysan-a? — debdi boy. Boltaboy:
— Xafa bo‘lish yo‘q, boy ota, — debdi. Kechqurun Boltaboy o‘z uyiga kirib ketibdi.
Yarim kechada Boltaboy hovliga chiqib, Qurumsoq boy yotgan uyning derazasidan ikki kishining shivirlab gaplashayotganini eshitib qolibdi, sekin borib quloq solsa, Qurumsoq boy ukasiga Boltaboyni yomonlab: «Ertaga Boltaboyni o‘rtoqlarimnikiga olib borib, o‘sha yerda o‘ldirib kelaman», deyotganmish. Buni eshitgan Boltaboy hech narsani bilmagan kishi bo‘lib, o‘z joyiga kirib yotibdi. Erta bilan barvaqt uyg‘ongan Qurumsoq boy apil-tapil ovqatlanibdi-da, Boltaboy bilan yo‘lga ravona bo‘libdi. Boy eshakka minib olibdi. Boltaboy esa piyoda keta beribdi. Yo‘l yurishib, yo‘l yurishsa ham mo‘l yurishib, bir joyga kelganda boy dam olmoqchi bo‘lib eshakdan tushgan ekan, Boltaboy eshakni minib olib keta beribdi. Boy uning orqasidan yugurib, charchab, og‘izlari ko‘pirib kela beribdi. Nihoyat, bir qishloqqa borib choyxonaning oldidan chiqib qolishibdi. Boy Boltaboyni eshakka qorovul qilib, «men ovqat qilib chiqaman, xafa bo‘lmaysan-a» deb, choyxonaga kirib halfanaga qo‘shilibdi. Boltaboy ham eshakni besh tangaga sotibdi-da, bir tangasiga osh olib yeb, achchiq choyni ichib o‘tira beribdi. Boy qornini to‘yg‘izib, kekirib ko‘chaga chiqsa, eshak yo‘q emish. Boltaboydan eshakni so‘ragan ekan, «eshakni sotib osh olib yedim», debdi.
Ikkalasi ham piyoda yo‘lga ravona bo‘lishibdi. Ko‘p yo‘l yurishib, bir qishloqning chetiga yetib kelishibdi. Boltaboy qarasa, bir eski xaroba uy bor emish. Boltaboy boyning qo‘l-oyoqlarini hech kim yecholmaydig‘an qilib, chambarchas qilib boylab o‘sha xarobaga qamab qo‘yibdi.
— Boy ota, siz meni o‘ldirmoqchi bo‘lib olib ketayotgan edingiz, mana endi menga qazigan chuquringizga o‘zingiz tushadigan bo‘ldingiz, xafa bo‘lmaysiz-a? —  debdi Boltaboy.
— Xafa bo‘lish yo‘q, — deb javob beribdi boy.— Lekin, bu ahvolda qiynalib o‘laman.
— Yo‘g‘-e, boy ota, o‘lib nima qilasiz? Axir, siz menn o‘ldirmoqchi edingiz-ku, qorningiz ochsa poxol yeb turing. Ha zolim boy, men sendan akam Teshaboy va ochlikdan o‘lgan o‘rtoqlarimning o‘chini olaman. Xafa bo‘lish yo‘q-a? — debdi. Boy:
— Yo‘q, o‘g‘lim xafa bo‘lish yo‘q, — deb nafasi ichiga tushib ketibdi.
Boltaboy:
— Senga jazo shu, — deb boyni xaroba uyda qoldirib, eshikni mahkam yopib, o‘z qishlog‘iga qarab jo‘nabdi. Shunday qilib, murodi maqsadiga yetibdi.