Dono qush

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, qirg‘ovul qizil ekan, dumlari uzun ekan. Bir podsho bor ekan. U podsho ov qilishni yaxshi ko‘rar ekan. Uning butun umri ovchilik bilan o‘tar ekan. Podsho ovga chiqqanda vazirlari bilan chiqmas ekan, yakka o‘zi chiqib ketar ekan. Uning bir qushi bor ekan. U qush juda aqlli qush ekan. U qushni podsho o‘zi bilan ovga olib chiqar ekan.
Bir kuni podsho qushini olib, otga minib, ov qilib kelishga jo‘nab ketibdi. U kechgacha yuribdi, hech ov qiladigan narsa topa olmabdi. Podsho yana yo‘lga qarab ketaveribdi. U ko‘p yuribdi, ko‘p yursa ham mo‘l yuribdi. Ovi-ovda qolib, qushini qo‘liga qo‘ndirib, suv qidirib ketibdi. Bir joyga borsa, bir quduq bor emish. Uning oldiga borsa, bir chekkasida chakillab suv tomib turgan emish, suvning tagida bir jom turgan emish. Podsho jomdagi suvni ko‘rib, suyunibdi. U jom to‘lganda ichaman, deb o‘tirganda, qush haligi jomni suv-puvi bilan ag‘darib yuboribdi. Podsho qushning suvni ag‘darib yuborganini ko‘rib, jon-poni chiqib, nima qilishini bilmabdi, jomni yana suv tagiga qo‘yibdi. Suv jomga chakillab tushaveribdi. Jom to‘lay-to‘lay deganda, haligi qush yana jomni ag‘darib tashlabdi.
Podsho darg‘azab bo‘lib: “Bu qush menga yaxshilik qilar desam, cho‘l-u biyobonda tashnalikdan o‘lib ketishimga rozi ekan,” — deb yonidan qilichini sug‘urib olib, qushning kallasini shartta uzib tashlabdi. Podsho hayron bo‘lib, jomni yana chakillab tushayotgan suv tagiga qo‘yib: — Ey, Xudo, — deb osmonga qarabdi. Qarasa, tepalikda bir ajdarni ko‘ribdi, chakillab tomib turgan suv o‘sha ajdarning og‘zidan oqib tushayotgan zahar ekan. Buni ko‘rib, podsho hang-mang bo‘lib qolibdi. “Qushim menga yaxshilik qilgan ekan. Men bilmasdan uni o‘ldiribman. Qush menga zaharni ravo ko‘rmagan ekan”, — deb uni begunoh oidirganiga achinib, pushaymon yeb, orqasiga qaytib ketgan ekan. Shu bilan murod-maqsadiga yetgan ekan.