Aqlli ilon

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, yaqin zamonda bir chol yashagan ekan. Chol uyining shiftiga bir taxtani osib qo‘ygan ekan. Bu taxtaning ustiga har xil narsalarni qo‘yar ekan. Bir kuni chol bir tog‘ora sutni o‘sha yerga qo‘yipti.
Shu uyning shiftida bir ilon yashar ekan. Ilon bolalapti, asta-sekin xashaklar orasida boqaveripti. Kunlarning birida ilonning bolasi teshikdan chiqib, uy ichiga tushibdi.
Haligi chol uyida ilon borligini bilmas ekan. Buni ko‘rib, chol darhol o‘ldirmabdi, uni kosa tagiga bostirib qo‘yibdi. Ozgina vaqt o‘tar-o‘tmas ona ilon teshikdan chiqib, u tomonga, bu tomonga yugurib bolasini qidira boshlabdi. U axtara-axtara topa olmagach, taxtaning ustiga tushib, tog‘oradagi sutga zahar solibdi.
Keyin xomush bo‘lib, o‘z iniga kirib ketayotganda, chol idish tagidan ilonning bolasini ozod qilibdi. Bolasining tirikligini ko‘rgan ilon, tez tushib bolasini ko‘tarib chiqibdi va o‘z iniga kiritib yuboribdi. So‘ng orqasiga qaytib kelibdi-da, o‘zi zahar solgan tog‘oradagi sutni go‘yo endi hech kim ichmasin deganday qilib, dumi bilan bir urib ag‘darib tashlabdi.
Keyin u chol oldiga kelib, rahmat deganday, ikki-uch marta qarabdi-da, o‘z iniga kirib ketibdi. Chol hayron bo‘lib qolibdi. “Qarangki, ilon aqlli ilon ekan”, deb qo‘yibdi va shiftdagi ilon chiqqan teshikni suvab qo‘yibdi va bemalol o‘tiraveribdi.