Zilolabonu 1987 yili tug‘ilgan. Jizzax san’at kollejini tamomlagan. «Gavharim bor» «Ko‘ngilga yo‘l» «Sukunat malikasi» she’riy to‘plamlari chop etilgan.
Yangi kun
Bulut ko‘kda suzar ohista,
Azon yangrar, soat urar bong.
Ibodatga shoshilar ana –
Oppoq ro‘mol o‘ragancha tong.
Tomchiladi rahmat yomg‘iri,
Er taftidan olgancha bahra.
Bulut taslim bo‘lib oxiri,
Quyoshda ham ochildi chehra.
Ko‘ngil ichra porladi umid,
Ma’sud kunga yetdim, yo Olloh.
Uyg‘ondi dil, sen o‘zing shohid,
Go‘dak kabi bu tong begunoh….
* * *
Uzun yo‘lak,
To‘kilgandek un,
To‘kilgandek bokira hislar.
Archazorlar ichra yuz xilda
Qolib ketgan oyoqdan izlar.
Qor yog‘moqda, chiqmaysan peshvoz,
Bog‘ aro men sarsonman go‘yo.
Miyig‘ida kulgandek bo‘lar
Ro‘paramda yastangan dunyo!
Archalarni kaftimda siqib,
Qorlar bilan dillashsam har gal.
Shomga yetmay ko‘zyoshga cho‘kib
Ketgandayin tuyilar shahar.
Yuragimga kirib borar nur,
Bir nomsiz his bermoqda belgi.
Voh, o‘n besh yil ayriliq ichra
Mag‘rur boqib keldingmi, Sevgi?
* * *
Bola yig‘laganda…
O‘rtanar dilim,
Go‘yo saodatim ketgandek qochib.
Yupatib degayman: “Yig‘lama, o‘g‘lim,
Turar farishtalar quchog‘in ochib”.
Bola yig‘laganda…
Ko‘zyoshim selob,
Quchgim… quchgim kelar uni erkalab.
Tushimda o‘ynayman go‘daklar bilan,
O‘ngimda olisda bo‘lar ertalab.
Bola yig‘laganda…
Uyg‘onar jahon,
Tutar bu borliqni
“Inga” ovozi.
Tinglasaydim uni entikib biroz,
Shugina quvonchga bo‘lardim rozi.
Bola yig‘laganda…
Qilmang e’tiroz!
Yig‘lab olgin, bolam,
Ko‘zlari munchoq.
Ulg‘ayib dunyoni o‘rganarsan boz,
Yig‘ining qadriga yetasan shu chog‘…
Bola yig‘laganda…
Otalar shodmon,
Doyaning qo‘lidan olar go‘dakni.
Hayajon ko‘ksida aylaydi xirom,
Tinchita olmaydi bir dam yurakni.
Bola yig‘laganda…
Ulg‘ayar zamin,
Tunda allalaydi, Oy mehri – serob.
Tongda shu go‘dakning to‘ldirib kamin,
Oq nuridan oq sut keltirar oftob.
Yig‘lab ol, bolajon,
Arisin g‘amlar.
Sening yig‘ilaring kimgadir saboq.
Zero, tosh yuraklar uyg‘onsa agar,
Saodat keldim deb chalar qo‘ng‘iroq.
Bola yig‘laganda…
Qochar halovat,
Bedorlikda ko‘krak tutar onalar.
Beshiklar tebransin bo‘sh qolmay har vaqt.
Dunyoda ko‘paysin shodon bolalar!
Yig‘lab ol, bolajon,
Arisin g‘amlar…
Ko‘ngil sahifasida
* * *
Xayolimda oyga chiqishni orzu qilardim.
Unga yaqin qolganimni
anglatayapti yuragimdagi muzliklar…
* * *
Ko‘p xayol suraman,
Ko‘p uxlayman ba’zida,
Tongda yana takrorlayman.
Tushdagi xatolarni…
* * *
Sening ismingni o‘n besh yil takrorlayverdim.
Bugun o‘z ismimni eslay olmayapman.
Nima edi?
– A, bedil…?