Sohiba Hayitboyeva 1977 yil 12 fevralda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatida ishlagan. 2008 yildan beri Moskvada mustaqil jurnalist.
SIZGA BAHORLARNI SOVG‘A QILAMAN
Sizga bahorlarni sovg‘a qilaman
Ikki dunyolarga tatirlik, totlik
Qayta yashnagaysiz men-la, bilaman,
Mazmunga to‘ldirar umringiz shodlik
Sizga nahorlarni sovg‘a qilaman
Sehrli tunlari tongga ulangan
Hayotni ko‘rasiz ko‘z ochib sahar,
Betakror, fusunkor, nurga belangan
Sizga dunyolarni qilaman tortiq,
Erda yashab ko‘kning zavqin tuyasiz
Qalbingiz eritar jannatiy xordiq,
O‘zga dunyolarga ketmay qo‘yasiz
Sizga xayollarni hadya etaman,
Shirin orom bilan topar nihoya
Laxzada eng yorug‘ baxtga eltaman,
Qo‘lingiz tutsangiz menga, kifoya
Sizga ummonlarni tuhfa qilaman,
Xotirjam to‘lqinli, mayin oqimli
Tubsiz saltanatda hamroh bo‘laman,
Ko‘rasiz, men bilan suzish yoqimli…
Sizga osmonlarni sovg‘a qilaman,
Xech narsa teng kelmas asli soflikka,
Eng yaqin manzil-da eltuvchi nurga
Yo‘g‘rilib yashaymiz, jonim, poklikka
Sizga bahorlarni hadya qilaman
Tabiati mening atvorimga mos
Qaytadan yashaymiz, jonim, bilaman,
Baxtdan boshimizni aylanishi rost.
Sizga yomg‘irlarni baxshida etgum
Har tomchi uyg‘otar yangi hislarni
Qalbingizga singib so‘nggiga yetgum,
Yuvdirgum mengacha qolgan izlarni
Sizga ko‘zlarimni ataganim bor,
O‘tli nigohimda erib oqasiz,
Shirin so‘zlarimni etaman izhor,
Quvonchim, siz menga juda yoqasiz…
Orzuim, xayolim, hamma o‘yimni,
Sizga borlig‘imni etaman tortiq,
Labda tabassumim, qaddi-bo‘yimni,
Sizga ilinganim bundan ham ortiq…
Jonim poyingizga tashlagayman, yor,
Siz ikki dunyolik ahdim bo‘lasiz.
Shuncha hadya tayyor, bitta savol bor,
Sovg‘ani olgani kachon kelasiz?
10.08.2011
* * *
Men sizni shunchaki sevmayman,
Tanim ayrilsa ham ruh tortaverar
Garchi sizga ochiq bir so‘z demayman,
Kundan kunga dilda cho‘g‘ ortaverar
Har kun gumonlarda ming bor o‘laman,
Ammo ishq dilimda, ko‘ngil o‘lmaydi
Izlagandan aslo naf yo‘q, bilaman:
Sizdan yaxshisini topib bo‘lmaydi
Dillarni bog‘lagan taqdirning o‘zi,
Sizdan kechib axir borardim qayon
Anglolsak, bu tushlar – Allohning so‘zi
Bizni birgaligimiz tushimdan ayon.
Kaftimni ko‘k tomon cho‘zar bir tilak,
Qani, xijronlarga bera olsam chap
Men uchun dunyosiz, qadringiz bo‘lak
Siz-la yashamoqni o‘zi katta gap.
Salga olislasa yonar bu bag‘ir,
Bilmayman, bunchalar bog‘lanib qoldim?!
Qismatimni o‘ylab tan oldim axir,
Rostdan ham siz uchun zanjirman oltin…
Men sizni shunchaki sevmayman,
Tanim ayrilsa ham ruh tortaverar
Garchi sizga ochiq bir so‘z demayman,
Kundan kunga dilda cho‘g‘ ortaverar…
04.03.12 y.
MEN XUDODAN SIZNI SO‘RADIM
Yoningizda tinchdir yuragim,
Havotirlar topar nihoya.
Agar bo‘lsa sizga keragim,
Hijronlardan qiling himoya.
Har hayoldan buzilar tinchim,
Rashkdan bo‘lar angorim has rang
Jonim, sizdan bitta o‘tinchim:
Gumonlardan siz meni asrang.
Oshiq qalbim daryoi-dengiz,
Musaffo dil tortmasin xira.
Agar chindan bo‘lsa mehringiz,
Shubhalarga yo‘l bermang sira.
Siz-la ko‘nglim topar xalovat,
Bag‘ringizda uxlay xotirjam.
Bir umrlik rohat farog‘at,
Orom bilan yashaylik, erkam.
Yoningizda xotirjam qalbim,
Yashash zavqin ko‘raylik baham.
Agar bo‘lsa zarracha qadrim,
Hijronlarga bergaysiz barham.
Umr o‘tsin osuda-sokin,
Yuraklar tinch, qalblarimiz jim.
Siz ham olib tashvishlardan tin
Baxtimizni qo‘riqlang, jonim.
Keldim, sizni tanlab muqarrar
Bog‘lanyapman kun o‘tgan sari.
Bir kun shu ishq kunimga yarar,
O‘zingizdan ketkazmang nari.
Ayriliqdan bezdi yuragim,
Bilmoq uchun dilga qo‘l soldi.
Men Xudodan sizni so‘radim,
Endi faqat gap sizda qoldi…
15.01.03 y.
ISTASANG…
Men shunday sevaman, vujudim ko‘prik,
Asli qalb siylangan mehrdan bekam.
Bu ishq bir o‘zimga qilyapti ko‘plik,
Istasang, kel, birga ko‘raylik baham.
Men shunday sevaman, hayolim qanot
Aylanib ketadi charxim samoga
Dunyoga bog‘lanish ruhim uchun yot,
Istasang, men bilan kel uch, samoda.
Men shunday sevaman, hislarim olov,
Kuygancha turibman tutib kaftimda
Mehrdir ko‘nglimni yoqquvchi qalov,
Istasang, kel isin, ishqim taftida.
Men shunday sevaman, andisham soqov,
Dilimdan nariga o‘tmas izhorim.
Sukutim ostida hadsiz so‘zim bor,
Istasang, jimlikdan bahra ol, yorim.
Men shunday sevaman, ongim tarozi,
Hamisha tosh bosar qalbim pallasi.
Arosat holingdan dilim norozi,
Istasang, qo‘y, ko‘ngling o‘zi tanlasin!
Men shunday sevaman, ishqim hidoyat,
Qalbimni to‘ldirar ilohiy navo.
Har kimga nasibmas, bunday inoyat,
Istasang, senga ham ko‘rardim ravo.
Men shunday sevaman, iymonim buloq,
Qayga oqishini bilar aslida.
Yo‘ldaman, manzilim ozgina yiroq…
Istasang, hamroh bo‘l, Uning vasliga!
BU IShQ MENI QO‘YMAYDI OMON…
Qalandarman… xajringda yonib
Es-hushimdan ayrildim tamom!
Borayapman o‘zimdan tonib,
Bu ishq meni ko‘ymaydi omon!
Kemiradi yoshimni yillar,
Ruxim xasta, vujudim bejon.
Umr buncha sekin simillar,
Visolingga yetaman kachon?!
Chorlayverar meni betinim,
Seni desam ko‘nglim o‘sadi.
Dunyolardan kechaman desam,
Yo‘llarimni gunoh to‘sadi.
Men – O‘zingga tegishli ijod,
Yuragimga ishqing ko‘chirgin,
Mexring bilan etgansan bunyod,
Xatolarim bo‘lsa, kechirgin.
Muhabbatim fakat Senga hos,
Tomirimda ishq oqar jushib.
Fe’lim uchun qilma e’tiroz,
Yaratgansan loyimga qo‘shib:
Suv – ko‘nglimdan okkan tomchilar,
Xavo – ko‘kka talpinar ruhdir
Tuproq – yerga bog‘langan tanim ,
Olov – qalbim yoqguvchi cho‘g‘dir
Kecham sabok, ertam tavakkal,
Bugun Xaqqa intilgan baxtman.
Tanim fakat dilning masjidi,
Men vujudga o‘ralgan qalbman.
Seni topsam o‘zimdan kechib
Visolingga yetganim – qadr.
Ko‘nglimdagi tilimga ko‘chib
Ruhing dilni so‘zlatar dadil:
Samandarman! Hajringda yonib
Ayriliqqa qolmadi toqat.
Ketayapman dunyodan tonib,
Men oshiqman O‘zingga faqat!
02.09.02
ASLIDA BITTA-KU BIZNING JONIMIZ…
Umrning yarmi tush, yarmi hayratdir,
Shukrimizni Borar Yerga aytamiz.
Yaralgan joyimiz asli jannatdir,
Keling, shu vatanga birga qaytamiz!
Ko‘ngilda yomon o‘y bo‘lmaydi asli
Hayoldagi yomon fikrlar – shayton.
Kim ko‘rgan insonu farishta vaslin
Keling, odamzotni qilaylik hayron.
Qaytadan yozilar a’molimiz ham,
Vaqt yetdi qalblarni tavof qilishga
Sof o‘tsin ikkala dunyoimiz ham,
Keling, visolni ham savob qilishga.
Mehrdir tomirda jo‘shgan qonimiz,
O‘zidan olamiz bu ruhning kuchin
Aslida bitta-ku bizning jonimiz…
Keling, shu xikmatni uqmoqlik uchun.
Bulutlar aylanib qoldi tegramda
Bir nafas tin olay, yozilsin tugun
Birga baxtli edik bog‘i Eramda,
Keling, men otlandim shu yo‘lga bugun.
Bekinib sevishni jinim suymaydi,
Tuyg‘ularim ochiq-oshkora har dam
Chekinib yashashga dilim qo‘ymaydi,
Keling, tashlash uchun oldinga qadam
Bu kunlar uzun tush: qiziq, sehrli
Uyg‘ongach ta’birin birga yechamiz.
Qalblarimiz hamon ishqli, mehrli
Keling, bu ro‘yodan birga kechamiz…
* * *
Meni uyg‘otsaydi azon tovushi
Xuddi uydagiday, eshitsam elas…
Har tongda ortadi ko‘ngil yonishi:
Bu yerlar baribir meniki emas!
Ko‘zimni ochyapman har sahar qo‘msab,
Vatanni ko‘raman sal ko‘zim yumsam
Olislab ketganim sevmaganimmas,
Qoldim deganimas, taqdirga ko‘nsam.
Dilimni uyg‘otsa azon tovushi,
Mudrab qolayotgan iymonga qo‘shib
Har bir xo‘jayramga singib qovushib,
Haq deya yashasa to‘lg‘onib, jo‘shib.
Vujudim ichini nurday yoritsa,
Haydasa qay burchda ne xazin bo‘lsa
G‘uborlarni yuvsa, g‘amdan aritsa,
Qalbim tanim uchun muazzin bo‘lsa!
So‘zimni uyg‘otsa azon tovushi,
Ishqimni bildirar arzir so‘z aytsam.
Satrimda porlasa yurak yonishi
Qaniydi, vaqtida O‘ziga qaytsam!
Musofir – bir buyuk tovushga gado,
Salga uziladi so‘zin tarangi…
Ichda takrorlasam berib aks sado,
Ruhimni uyg‘otsa, yana jarangi.
Tobora hajrida o‘rtar dilimni
Ming yillar ilgari aytilgan azon
Rabbim, O‘zing tomon solgin yo‘limni,
Yo‘qsa, ikki dunyom hazondir, hazon…
* * *
Aytib qo‘ydim suyganimning otini,
Aytib qo‘ydim ag‘yorimdan oldinrok
Bu dunyoda hammasi ham o‘tkinchi,
Balki o‘tgum ul yorimdan oldinrok,
Ayt, vido!
Xijron – bizning peshonamiz yozug‘i,
G‘animlardan kun yo‘q bizga der dilim
Xaqqim yo‘q xech uchrashmoqqa fanoda,
Qiyomatda ko‘rishamiz, sevgilim
Alvido!
* * *
HIJRONNING RANGI
Muhabbatning asli rangi olovrang,
Qalbim o‘chog‘iga bo‘ldi qalov rang,
O‘zi tomon chorlar dilni yalov rang,
Ayting, hijronning-chi, rangi qanaqa?
Sabr rangi ko‘k, baxt rangi pushti,
Saodatning rangi sariqqa ko‘chdi,
Tuyg‘ular rang bo‘lib ko‘ngilga tushdi:
Ayting, hijronning-chi, rangi qanaqa?
Umid rangi yashil, orzular – moviy,
Qalbimda ishq yashar rangi samoviy,
Umrlar kutishga mahkum, davomiy
Ayting, hijronning-chi, rangi qanaqa?
Tuyg‘ularim alvon, qayg‘ular kulrang
Iztirob binafsha, ko‘z yoshim gul rang,
Hajrni visolga bo‘yarmi ul rang,
Ayting, xijronning-chi, rangi qanaqa?
Hislarim kamalak, baxtim zangori,
Qip-qizil rangdadir ko‘nglimning zori
Ko‘rinadi xatto rashkning angori,
Ayting, xijronning-chi, rangi qanaqa?
Sog‘inchim jigari, niyatim oppoq,
O‘ylarim yashindek yorqinu chaqnoq
Tariqdek sochilgan fikrlar tarqoq:
Ayting, hijronning-chi, rangi qanaqa?
Vasl cho‘g‘, intiqlik rangi mohtobday,
Ishtiyoqning rangi qizigan tobday
Ko‘ngilni isitar diydor oftobday,
Topdim, hijronning rangi shaffofday!
HADIChAGA TORTDIM ShEKILLI…
Atay keyin yasaganmikan,
Hisob qilib saralash vaqtin
O‘zi bizga atagan ekan
Ayol bo‘lib yaralish baxtin
Qadimdami, hamma zamonda
Ayol malak, hilqat aslida
O‘xshaganman asli momomga
Axir qonim Havvo naslida
Endi avray olmaydi ilon,
Ruhim nafsni ham bandi etgan.
Vatanidan ajralish bilan,
Dunyo kezish momomdan o‘tgan
Ayol bo‘lib yashash zavqliroq,
Bizda imkon hammavaqt bo‘lgan
Hammamizdan Xavvo baxtliroq:
Yaralganda yori naqd bo‘lgan
Shu on ko‘nglim qildi e’tiroz:
Balki omad chopish boshqacha.
Yorni orzu o‘ylaringga mos
O‘zi tanlab topish boshqacha!
Havvo birdan nasib Odamga
Tushida ko‘rmagan, niyat etmagan
Mendek sevib yonib, otamga
Yagonam deb she’rlar bitmagan…
Har gal insni yasaganda Qo‘l,
Qilar ekan yana mukammal
Ishq – O‘ziga eltuvchi bir Yo‘l,
Mehr – farzga qilmoqlik amal.
Muhabbatga umrimni berdim,
Halovatim bir Odam oldi
Havvo bu men, men Havvo derdim
Endi esa o‘y bosib qoldi:
Kimga shirin hayollarmizu
Bizning sevgan Atomiz boshqa
Farishtaday ayollarmizu
Qilgan gunoh xatomiz boshqa.
Yaralgandim Havvoga o‘xshab,
Ishqda undan ortdim shekilli.
Muhammadga ergashib yashab,
Hadichaga tortdim shekilli…
HAVVOGA XAVASIM KELADI
Bu ishq yondiradi meni kun sayin
Axiyr ayroliqda o‘lmog‘im tayin
Har kun yuzlaringiz silagan mayin
Saboga havasim keladi
Oyog‘imni yerga bog‘lagan – gumon,
Xijronlarda o‘tdi bu umrim tamom.
Qo‘lingiz cho‘zasiz menmas, ko‘k tomon
Samoga havasim keladi
Qalbimni uzatdim kuyimga qo‘shib
Dardi tinglanmagan devona-oshiq
Ko‘nglingiz ovutgan o‘sha bir qo‘shiq,
Navoga havasim keladi
Havasda yashashni o‘zi ham bir baxt,
Niyatimga qarab O‘zi berar naqd
Sizga shunday zarur bo‘lsam hamma vakt:
Havoga xavasim keladi
Tinchimni buzadi, xar turli xayol,
Ko‘rinmay ketsangiz olislab xiyol
Rashkda qovrilmagan yagona ayol –
Havvoga xavasim keladi…
* * *
Dunyolardan kechdim, deb aytsam,
U O‘zingdan rahmat tiladi.
Yo Rab, kimman, so‘zimdan qaytsam?!
Bir mard meni ta’qib qiladi.
Mehr – Haqdan, havas – Atodan,
Bu o‘y hislarimni nurga beladi
Tangrim, meni asra xatodan,
Bir shart meni ta’qib qiladi.
Havvoga xukmingdan saqlagin Egam,
Yuki mahshargacha tamg‘a iladi.
Hali javobgarman momom uchun ham,
Bir gard meni ta’qib qiladi…
Yozib yozilmaydi, o‘chib o‘chmaydi,
Izn ber, hal qilar so‘zing bo‘ladi.
U shonga uchmaydi, Senga uchraydi,
Bir fard meni ta’qib qiladi.
Hammasidan kech, deydi fikr,
Qalbim borar Yo‘lni biladi.
Bu qismat-chun O‘zingga shukr:
Bir dard meni ta’qib qiladi…
MUSOFIRLIKDA…
Umr yo‘li uzun, manzili olis,
Shukrki, safarda emasmiz yolg‘iz
Qo‘limizdan tutib, ishonib xolis,
Ovunib yuribmiz musofirlikda
O‘rganib ham qoldik asli firoqqa
Ko‘ngil tutmay qo‘ydi bizni so‘roqqa
Topgan baxtimizni yaqin-yiroqqa
Ilinib yuribmiz musofirlikda
Diydoring quvnatar dilim har safar,
Yaxshiyam, yo‘limda bo‘lding hamsafar
Salga ko‘rinmasak izlab shom-sahar
Bo‘linib yuribmiz musofirlikda
Asli hayot boshqa, xayollar boshqa
Muhabbatga tashna, mehrga tashna,
Bir yurt ilinjida ko‘z to‘lib yoshga
Sog‘inib yuribmiz musofirlikda
Bizlarga yor bo‘lar ilohimiz deb,
Eru ko‘kni tutar bu ohimiz deb
Ishqimiz eng go‘zal gunohimiz deb,
Sig‘inib yuribmiz musofirlikda…
21.09.