Sobir Jabbor – 1955 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini bitirgan. Uning “Yashash imkoni” she’riy to‘plami nashr etilgan.
Tarovat
Bulut ohang sevalab o‘tdi
Bog‘lar uzra, dalalar uzra.
Tog‘lar uzra qahqaha ketdi,
Quyosh qiziq latifa so‘zlar.
Pokizalik – daraxt, gullarda,
Shabboda quchoqlab olgulik.
Er hidi ufurgan yo‘llarda
Ko‘ngil navolarga solgulik.
Ko‘lmaklarni puflaydi yellar,
Titrar kunning, bulutning aksi.
Mangulikka chorlaydi yo‘llar,
Mangulikka o‘qiysan tahsin.
Intiqlik
Hali beri uyqum kelmaydi,
Bo‘g‘otlardan tomchilar ohlar.
Ahvolimni bilib-bilmayin
Titramoqda entikkan shoxlar.
Etak qoqdi qahraton oxir,
Yana to‘qqiz qo‘shmoqchi fevral.
Bor-e, shuncha sog‘indik, axir,
Ko‘klamoyni tez aytib yubor.
Turnalar
Turnalar uchib ketayapti,
Nigohim samoga talpinar.
Ketmoqdadir oftobning tafti
Bilan yonib, yashnagan kunlar.
Uchib ketayapti turnalar,
Qanotida bahorning hidi.
Pastda olcha, olma, xurmolar
Barglarining achimsiq dudi.
Ketmoqdadir turnalar uchib,
Qiy-chuv qilar yerda bolalar.
Shunda, nigoh samodan ko‘chib
Bolalarga kelib bog‘lanar.
Shaftoli guli
Shaftoli gulin ko‘rib,
Bolari bo‘lgim keldi.
Gulgun chehrali yorim,
Bag‘ringda kulgim keldi.
Shaftoli gulin ko‘rib,
Bolari bo‘lgim keldi.
Gul, ari topar surur,
Men nima qilay endi?
Shaftoli gulidayin
Bo‘sa tutsang nimtatir,
Uyg‘onar dilda mayin
Xamir uchidan patir.
Kel, seni gullatayin,
Suvratingga tikildim.
Shaftoli gulidayin
To‘kildi dil, to‘kildi.
Sensiz
Allazamon bo‘ldi – sensizman,
Allazamon sen cho‘g‘ solgan dil.
Sen o‘zingni, deding, tengsizman,
Bulbulini topoldimi gul?
Armon o‘rab olgan bearmon,
Qo‘qonsoyman – seni izlarman.
Egalikman deganing yolg‘on,
Sengamas, qadringga bo‘zlarman.
Qadr nadir?
Mehr-muhabbat,
Nilufardek ko‘zimda qolding.
Ko‘z oldimda o‘sha malohat,
Chirqiragan so‘zimda qolding.
Allazamon bo‘ldi – yolg‘izman,
O‘z yog‘iga qovriladi dil.
Cheksiz sahro, suvsiz dengizman,
Sendan ko‘ngil uzolmas ko‘ngil.
* * *
Bir gap bor bulutning vazminligida,
Shamol titrab qo‘ydi, xuddi bir gap bor.
Bir gap bor olovning mahzunligida,
Tutab, yonolmasdan o‘tin bemador.
Kelding. Vujudimda gullar hayajon,
Sharros yomg‘ir quydi shamol aralash.
Dilim – alamazon, so‘z – alamazon,
Olovni yashnatdi bu yarash-yarash.
Yolg‘izlik
Yolg‘izlatmang yolg‘iz odamni,
Keng deb bilsin yorug‘ olamni.
Teng deb bilsin yorug‘ olamni,
Yolg‘izlatmas odam odamni.
Keng deb bilsin yorug‘ olamni,
Nigohlari nurdan yashnasin.
O‘n sakkiz ming olam alamli
Bandasining ko‘zi yoshlansa.
Teng deb bilsin yorug‘ olamni,
Chechak bo‘ling tomorqasida.
Unutolsin yolg‘izlik g‘amni,
Munkimasin g‘am orqasidan.
Yolg‘izlatmas odam odamni,
Oqibatda oqil bo‘laylik.
Yolg‘izlatmas yolg‘iz odamni
Yaratganga yaqin bo‘laylik.