Sitora Shamsiddin (Tojiddinova) 1987 yil Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Ko‘ngildan so‘z” nomli kitobi nashr etilgan. Ayni paytda “Bobur va dunyo” jurnali bosh muharrir o‘rinbosari.
* * *
Do‘sti jon, keling, ul-buldan gapiring.
Rost so‘zu, toza ko‘nguldan gapiring.
Qo‘g‘irchoq, o‘yinchoq, ermaklardanmas,
Toshni yorib o‘sgan guldan gapiring.
Kecha shovullagan devqomat daraxt,
Bugun o‘choqdagi kuldan gapiring.
Arslonga bas kelgan Alpning malagi
Soyaboni singan tuldan gapiring.
Qo‘ying, dunyo so‘rab turgan kiborni,
O‘zini tanigan quldan gapiring.
Bu shoshqin daryolar qay tomon ketar,
Shoir bo‘lsangiz gar shuldan gapiring.
SO‘ZMUNChOQ
Bir hovuch so‘z topib hayot daryosidan,
Shu so‘zlardan munchoq tizgan devonaman.
So‘zmunchoqni taqib qo‘yib ko‘ksingizga
Ko‘nglingizdan joy so‘ragan hayronaman.
Siz bir tog‘siz, yuragida burgut yashar,
Bu viqorlar oldida men toshchalikman.
Toshku ming yil turib berar yoningizda,
Kiprik qoqmang, ko‘zingizda yoshchalikman.
Ko‘zingizda yoshchalikman, oqib ketdim,
Oqib ketdim, labingizga sizib kirdim.
Zanjirlari bor ekan dil qulfingizni,
Na ilojki, eshigini buzib kirdim.
Kirdim oxir, ko‘nglingizning ko‘ngligacha
Loqaydliku nafratlarni yanchib keldim.
Yuragimga muhabbatdan og‘u solib,
Shu makonda o‘lish uchun ichib keldim.
Bir hovuch so‘z topib hayot daryosidan,
Shu so‘zlardan munchoq tizgan devonaman…
TUShUNMOVChILIK
Xazonni tepkilab o‘ynar bir bola,
Mening ko‘zlarimga qulaydi tog‘lar?
Umr borsa kelmas yo‘l ekan, ona,
Hayot yuragimda yog‘ini dog‘lar.
O‘lim qo‘rqinch emas, o‘lim najotkor,
Tiriklik mardlarning kurash maydoni.
Yolg‘on dunyosining haq so‘zi kabi,
Yaproqlar yuzida quyoshning joni.
Yig‘lamoq – ojizlik, yig‘lamoq – gunoh,
Quvonch yashar ekan qayg‘uda, g‘amda.
Jonimni bo‘g‘zimga keltirdi mani,
Nima istar mendan, men kabi banda?
UNDA NEGA KO‘ZLARINGDA YoSh?
“Sen hammadan xunuksan”, deding,
Qarshimda g‘oz turar ekansan.
Yana aytding: “Ketganing yaxshi!”
Meni yomon ko‘rar ekansan…
Yonimdagi seni tanimay
Hayron bo‘ldim, so‘z topolmadim.
Eshigingni shartta ochdimu,
Yopolmadim, ters yopolmadim.
O‘girildim oxirgi marta
Yuragimda tuyg‘ular talosh.
Meni sevmas ekansan, bildim,
Unda nega ko‘zlaringda yosh?
VAQTGA QARShI
Hayot – quchog‘imga sig‘magan tuman,
Bir yashash bir o‘lim ko‘rmoqmikan yo?
Keldingmi, ketdingmi, ko‘rdingmi, yo‘qmi,
Odammi, chumoli, farqlamas dunyo…
Tobutlar poyida giryon lolazor,
Lolarang shafaqni taniganim yo‘q.
Yurak ko‘zgusida yomg‘irlar izi,
Izlarning so‘zini tinglaganim yo‘q.
To‘xta, vaqt! Men hali yashaganim yo‘q,
Yashasam shabnamday yashayman bir kun.
Mayda tashvishlarni sidirib tashlab,
Yashashni yurakdan boshlayman bir kun!
To‘xta, vaqt, yashashni boshlaganim yo‘q…
* * *
Ona, haydang xavotirni dilingizdan,
Qizingizning yig‘lash uchun vaqti yo‘qdir.
Qish-qirovdan omon o‘tgan qo‘llarimga
Gullayotgan orzularni tutdi taqdir.
Ona, haydang xavotirni dilingizdan,
Xudo umr bersa, yuz yil yashajakman.
Bir dard borki yuragimda, (yo‘q, yo‘q, qo‘rqmang!)
Bu dard bilan ming yillardan oshajakman.
Ona, haydang xavotirni dilingizdan!
GO‘DAK IShQ
Buncha xushchaqchaqsiz, buncha viqorli,
Har so‘zingizdan baxt hidi kelar.
Ruhingiz balandu so‘zingiz yorug‘.
Menga esa…
bari soxta tuyular!
Nimanidir sir tutayotgan kabi suratingiz
Ko‘ksingizda birov yig‘layotganday…
Siz uni harchand yashirmang,
Berkitib qo‘yishga urinmang harchand
mo‘ralab turibdi ko‘zlaringizdan.
Zohirda esa
bolasini tashlab to‘yga kelgan onaga o‘xshaysiz
Kulishingiz yarashmaydi, o‘ynashingiz ham!
Axir ko‘ksingizda bir ma’sum nola.
Eplay olmaysangiz ovutmoqni gar,
Xo‘rozqand berib aldang yaxshisi.
Yoki do‘q-po‘pisa qiling qo‘rqitib
Shunda ham ovunmasa, bu sarkash bola,
Uzating menga!!!
O‘zim uni qo‘shib qo‘yay egizagiga!
Go‘dak uvolidan saqlasin Xudo,
O‘lim deganidir ishqni o‘ldirish.
To qiyomat yuragimda ko‘tarib yursam yig‘loqilarni
Shunda yarasharmidi kulishlaringiz…
YoMG‘IR
Derazangni ochsangu yomg‘ir
Jo‘shib yog‘sa, sharillab yog‘sa…
Yoqilg‘iday yurak qo‘ringni
Gurillatib yondirsa, yoqsa!
Va jon qushi potirlab chunon
Yormoq bo‘lsa vujud — qafasni.
Shunda chopsang ochiq osmonga
Olmoq uchun so‘nggi nafasni.
Va boshingdan sochilsa hayot
Har tomchisi Allohga sano.
Yuz-ko‘zingni tutsangu topsang
Izlaganing ilohiy ma’no.
Qo‘lingdagi g‘ijim soyabon
Unutilgan muhabbat fasli.
Kulsa kulsin dilbegonalar
Chin oshiqlik — telbalik asli!
Ko‘zlaringdan to‘kilsa armon,
G‘uborlaring suv bilan ketsa.
Yuvaverib g‘ussalaringni
Pok tomchilar qalbingga yetsa.
Hech tinmasa bu sharros qo‘shiq,
Yuraversang holdan toyguncha
Senku dardni ko‘tarib yurgan
Osmon nega yosh to‘kar buncha?!
Yolg‘izlikning xiyobonida,
Qandoq yaxshi to‘yib yig‘lasang.
Yig‘layversang va sho‘r yoshlarni
Topchilarga ipdek bog‘lasang.
Bola kabi bearmon qaytib
Yostiqqa bosh qo‘ysangu oxir.
Derazadan mo‘ralab sekin
Alla ayta boshlasa yomg‘ir…
* * *
Yurakka dard to‘lsa, yig‘lamoq davo,
Na’ra tortmoq asli sherlarning ishi.
Dunyo ko‘z yoshingda oqsa ham mayli,
Ovozing boricha baqirmoq yaxshi.
Lekin… Uyalaman yig‘loqilikdan,
Va zaif ko‘rinmoq naqadar uyat.
Har bir tomirimda sarkash nomus bor,
Har tomchi qonimda yashar oriyat.
Faqat xudo bilan tanho qolganda
Munojot ko‘zimdan ko‘kkacha yetar.
Ey do‘stu dushmanim, nariroq turing,
Qalbdagi gulxanim gurillab ketar!
Shunday. Ohimizni faqat U bilar,
Banda bandasiga ko‘rsatmas yoshin.
Endi tushunyapman nega onalar
Ba’zan bemahalda piyoz to‘g‘rashin.
KULIB TURGAN AYoLNI KO‘RDIM!
Kulib turgan ayolni ko‘rdim!
Bor anduhlar, bor g‘amlar yig‘lang,
Ortda qolgan shum damlar yig‘lang,
Ozori ko‘p odamlar yig‘lang.
Kulib turgan ayolni ko‘rdim!
Kulib turgan ayolni ko‘rdim,
Sher yonida sher kabi masrur,
Goh tuproq, goh tog‘ kabi mag‘rur,
Loyqa daryo ostidagi dur,
Kulib turgan ayolni ko‘rdim.
Kulib turgan ayolni ko‘rdim,
Ota hamon erkalab turar,
Aka orin yelkalab turar,
Qabriga ham ko‘tarib borar,
Kulib turgan ayolni ko‘rdim.
Kulib turgan ayolni ko‘rdim,
Bilagidan tutgani yotmas,
Turmush mushtin pisanda etmas,
Ket desa ham uyiga ketmas
Kulib turgan ayolni ko‘rdim.
Kulib turgan ayolni ko‘rdim,
Bolasi och ayol kulmaydi,
Ming tilla soch — ayol kulmaydi,
Bu yurtni mavh etib bo‘lmaydi
Kulib turgan ayolni ko‘rdim.
BIR QADAM
“Yaxshimisan?” dedi yigit,
“Yaxshiman” deb xo‘rsindi qiz ham.
Bu yaxshilar yomon bo‘lmoqlikni qilishar xayol.
O‘rtada iymonning ruxsati yo‘qdir,
Va o‘rtadan oqib ketdi yigirma besh yil.
Bir kuni vaqt sudrab kelganda
“Yaxshimisan?” dedi erkak yana,
“Yaxshiman” deb qo‘ydi ayol bemajol.
Hali ham orzu qilar erkak yomon bo‘lishni,
Hamon yomon bo‘lmoqlikdan qo‘rqardi ayol…
ChUMOLI
Bog‘da “buji” ko‘rib Nazifa
Ko‘zchalari to‘libdi yoshga.
Eh, qizim-a, sen bilmaysan-da,
Bu olamda “buji”lar boshqa.
Bu hayotning “buji” yurakli,
Olabo‘ji odamlari bor.
Chumoli-ku beozor jonzot,
Sen ulardan uzoqroqda yur.
Qo‘rqma! Bizning tomirimizda
Oqayotir To‘palangdaryo.
Boshing baland ko‘targin, erkam,
Engilganni yoqtirmas dunyo.
Boru yo‘q bir ertakdir umr,
Ko‘z yosh bilan qaytmas ketganlar.
Hammadan ham baxtliroq asli,
Chumoliday yashab o‘tganlar…