Rustam G‘ani (1952-2020)

Rustam G‘ani 1952 yili Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi Baxmalsoy qishlog‘ida tug‘ilgan. 1968 yili o‘rta maktabni, 1977 yili hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Shundan so‘ng “O‘zbekiston” nashriyotining ishlab chiqarish bo‘limida, “Toshkent haqiqati” gazetasining Adabiyot va san’at bo‘limida, O‘zbekiston radiosining Adabiyot va radioteatr muharririyatida, Bosh direktsiyasida, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” va “Yoshlar” telekanallarining direktsiyalarida mas’ul lavozimlarda xizmat qildi.

Rustam G‘anining qator she’rlari mamlakatimizning ko‘pgina gazeta va jurnallarida, “Yoshlik bayozi” (1977), “G‘allaorol navolari” (1999) va boshqa to‘plamlarda bosildi. 1985 yili “Chavandoz umri” nomli ilk kitobi G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida chop etildi. Bulardan tashqari, uning “O‘rik shoxidagi quyosh” (1993), “Muhabbat chechaklari” (2020) singari kitoblari ham o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan. Shuningdek, rus va qardosh xalqlarga mansub bir qator taniqli ijodkorlarning she’riy va nasriy asarlari shoir tarjimasida muxlislar e’tiboriga taqdim etilgan.

Rustam G‘ani 1995 yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyumasi a’zosi edi.

Rustam G‘ani 2020 yilning 2 avgust kuni olamdan o‘tdi.